O‘zbekiston | 22:09 / 10.08.2021
54793
2 daqiqa o‘qiladi

Masjidlarda juma namozlarini o‘qish bo‘yicha karantin cheklovlari bekor qilindi

13 avgustdan e'tiboran barcha ishchi va xodimlari koronavirusga qarshi emlangan masjidlarda juma namozlari o‘qilishiga ruxsat beriladi.

Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida aholini ommaviy emlash ishlarini jadallashtirish, shuningdek, aholiga diniy ibodatlarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan kiritilgan takliflar har tomonlama muhokama qilindi. 

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, muhokama natijalari bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning quyidagi takliflari ma'qullandi:

  • 2021 yil 13 avgustdan e'tiboran masjidlarning barcha ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat'i nazar) kamida 2ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikatiga ega bo‘lgan taqdirda ushbu masjidlarda juma namozini o‘tkazishga ruxsat berish;
  • masjidlarga juma namozini o‘qish uchun koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritish (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno) to‘g‘risidagi takliflar.

Respublikada faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlarga ham mazkur tartibni tatbiq etish tavsiya qilindi. 

Shu bilan birga, diniy ibodatlarni ado etish jarayonida tashrif buyuruvchilar tomonidan tibbiy niqobda bo‘lish hamda ijtimoiy masofani saqlash bo‘yicha karantin cheklovlariga qat'iy rioya etilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda iyul oyi o‘rtalarida koronavirus tufayli juma namozlari vaqtincha to‘xtatilgan, Hayit namozi ham o‘qilmagandi.

Bundan oldinroq Respublika maxsus komissiyasining 8 avgustdagi qarori bilan umumiy ovqatlanish obektlari bilan bog‘liq karantin cheklovlari yumshatilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid