O‘zbekiston Xitoyga limon eksport qila boshlaydi
O‘zbekistondan Xitoyga limonni eksport qilish bo‘yicha fitosanitariya talablari va nazorati to‘g‘risida ikki tomonlama bayonnoma imzolandi.
Bayonnoma O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Xitoy Bosh bojxona ma'muriyati o‘rtasida imzolangan.
Agentlik axborotiga ko‘ra, kelishuvga asosan, limon eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun quyidagi asosiy talablar belgilangan:
- limon yetishtiriladigan bog‘lar, issiqxonalar va qadoqlash korxonalari O‘zbekiston va Xitoy karantin xizmatlarining birgalikdagi ro‘yxatidan o‘tkazilishi;
- mahsulot zararkunandalar, chirigan va so‘ligan mevalar, novdalar hamda barglar, ildizlar va tuproqdan xoli bo‘lishi;
- limon yetishtiriladigan bog‘lar, issiqxonalar va qadoqlash korxonalari O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi inspektorining doimiy nazoratida bo‘lishi, mahsulotni qadoqlash, saqlash va tashish inspektor nazorati ostida amalga oshirilishi;
- zararlanishning samarali oldini olish uchun limonga ishlov berish jarayonida profilaktik sterilizatsiya qilinishi;
- qadoqlash materiallari sanitar toza va avval ishlatilmagan bo‘lishi, tegishli fitosanitariya hamda sog‘liqni saqlash talablariga javob berishi;
- har bir qadoqlash qutilarida ingliz tilida mevaning nomi, yetishtirilgan joyi, bog‘lar, issiqxonalar va qadoqlash korxonalari nomi yoki ro‘yxatdan o‘tkazish raqami kabi ma'lumotlar qayd etilishi lozim.
Mahsulot sotilishi bo‘yicha taqiqlarning oldini olish maqsadida limon mahsulotini Xitoyga eksport qilish istagida bo‘lgan tadbirkor va dehqonlar O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga murojaat qilishlari mumkin.
Ma'lumot uchun, ayni paytga qadar O‘zbekistonda yetishtirilgan limon mahsuloti Hindiston, Yaponiya, Myanma, Gana kabi davlatlarga eksport qilinib kelingan.
Mavzuga oid
19:57
Xitoyda yolg‘iz insonlarni oila qurishga undovchi targ‘ibotlar kuchaytirildi
14:53
Xitoy kompaniyasi Askiya bozorini 225,6 mlrd so‘mga sotib oldi
23:04 / 24.12.2024
Xitoy qutb suvlarida suzishga qodir dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi kemani sinovdan o‘tkazdi
21:52 / 24.12.2024