Jamiyat | 13:07 / 22.08.2021
2804
1 daqiqa o‘qiladi

Qarshida piyodalar yo‘lakchasida «Lasetti» urib yuborgan fuqaro vafot etdi

Qarshi shahridagi ko‘chalardan birida piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan bir guruh fuqarolarni «Lasetti» mashinasi urib yuborgan. Oqibatda, piyodalardan biri shifoxonada vafot etgan. Bu haqda Kun.uz’ga Qarshi shahar YHXB matbuot xizmati inspektori Ahror Usmonov xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 15 avgust kuni soat 21:00larda xalqaro ahamiyatga molik  A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov xalqaro avtomobil yo‘lining Qarshi shahri hududidan o‘tgan 58-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Qarshi shahar sohilbo‘yi bolalar sayilgohi ro‘parasida davlat raqami 70S 720 NA bo‘lgan «Lasetti» mashinasining haydovchisi harakatlanish jarayonida yo‘lning piyodalar o‘tish qismidan kesib o‘tayotgan fuqarolarni urib yuborgan.

Oqibatda, piyodalardan biri og‘ir tan jarohat olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid