O‘zbekiston | 07:30 / 08.09.2021
14011
3 daqiqa o‘qiladi

Qora mehnatdan halol rizq topayotgan bog‘dodlik ko‘mirchilar

Kun.uz xalqning o‘z orasida yashayotgan chinakam qahramonlari bilan tanishtirishda davom etadi. Bugungi qahramonlarimiz ko‘mirchilik qilishadi. Ha, gaz yoqish baxti hammaga ham nasib qilmaydigan yurtimizda ko‘mirchi yoki o‘tinchilik odatiy kasbga aylangan. Bu galgi qahramonlarimiz qozonlarini qora mehnat ortidan qaytanishadi. Chinakam qora, lekin halol mehnat ortidan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumaniga Rishton tumani orqali kiraverishda yo‘lning ikki tarafida ko‘mir qoplayotgan ishchilarga ko‘zingiz tushadi. Ko‘mir sotiladigan bu joy har doim odamlar bilan gavjum. Kimdir xarid qilish uchun kelgan, kimdir mashinaga ortgan, yana kimlardir esa ko‘mirni elakdan o‘tkazib qoplarga joylagan.

Bu yerda ayollar ham ishlaydi. Ular ko‘mir kukunidan o‘zini himoya qilib egnidan tortib yuzlarigacha o‘ranib olishadi. Ko‘z himoyasi uchun ko‘zoynakkacha taqiladi. Ayollar ko‘mirning katta-kichigiga qarab saralab, qoplarga solishadi. Ko‘mir sotiladigan bu maskanning ishchilardan birini suhbatga chorladik. U bizga kunlik yumushlari haqida so‘zlab berdi:

Sardor Rahimov

«Ertalab soat 06:00 dan kech soat 19:30 largacha ishlaymiz. Ishimiz ko‘mir yuklashdan iborat. Xudoga shukur, ikki mahal issiq ovqatimiz bor. Bir kunda 100 ming so‘m topamiz. Bu bir oyda 3 millionga aylanadi.

4 nafar ayol, 4 nafar erkak – jami 8 kishi ishlaymiz. Hamma narsa yetarli, ishxonada sharoit yaratib berilgan. Ish tugagach, yuvinib tozalanib uyga qaytamiz. Yuvinish uchun dushlar bor. Xalqqa xizmat qilayotganimdan xursandman», deydi ko‘mir yuklovchi Sardor Rahimov.

Sardorbek bilan suhbatlashgandan so‘ng ko‘mir saralayotgan ayollar bilan suhbat qurmoqchi bo‘ldik. Lekin ular suhbatlashishga iymanishdi.

Ishchilarining aytishiga qaraganda, ayni paytda 1 kg butun ko‘mir 800 so‘m, uvoq ko‘mirlar esa 400 so‘mdan sotilmoqda. Mayda ko‘mir xaridorlari asosan novvoylar ekan.

Bu yerda erkag-u ayol bir xil yumush bajaradi. Ayollar erkaklar bilan tengma-teng ishlayapti. Qish yaqin. Hademay ko‘mirxona bugungidan ko‘ra ancha gavjum bo‘lib qolsa kerak...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid