Sport | 14:59 / 10.09.2021
15178
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident paralimpiyachilar ishtirokida “Matonat maktabi” ochishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev para-sport bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda, Milliy paralimpiya qo‘mitasi tarkibida “Matonat maktabi”ni tashkil etishni taklif qildi.

“Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina to‘siq yoki qiyinchilikka uchrasa, o‘zini yo‘qotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojo‘ya yo‘llarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yo‘q emas. Lekin O‘zbekistonning barcha bolalari – yaxshisi ham, yomoni ham mening bolalarim. Ularga men javobgarman.

Sizlar, hurmatli sportchilarimiz, ta'lim maskanlarida, mehnat jamoalarida, ayniqsa, mahallalarda yoshlar bilan uchrashib, o‘z hayotingiz, mashaqqatli yo‘llaringiz, qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tayotganingiz haqida so‘zlab bersangiz, ular albatta, sizlarga ergashadi.

Bir oy muddatda “Matonat maktabi”ni tashkil qilish va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror loyihasi kiritilishi lozim. Bugungi qahramonlarimizning Tokioda erishgan yutuq va zafarlarini keng targ‘ib qilish, ommalashtirish kerak.

Yurtimizda chinakam matonat egalari juda ko‘p. Yaqinda 3 farzandiga qo‘shib yana 6 nafar bolani asrab olgan oila haqida eshitdim. Mana bu haqiqiy matonat. Bunday fidoyi, oliyjanob insonlar, g‘oliblarni barchaga namuna qilib ko‘rsatish kerak.

Chunki taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib yashayotganlarining o‘zi katta jasorat va qahramonlik namunasidir.

Sizlarning g‘alabangiz ming-minglab yoshlarimizni yanada yuksak marralar sari ruhlantiradi. Sizlar yurtimiz sportining shonli an'analarini munosib davom ettirib, dunyodagi eng nufuzli musobaqalarda Yangi O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarasiz, deb ishonaman”, – dedi prezident 10 sentyabr kuni Tokio paralimpiadasi ishtirokchilari bilan uchrashuvda.

Mavzuga oid