O‘zbekiston | 14:05 / 21.09.2021
13018
3 daqiqa o‘qiladi

Bekobod shahri hokimligi mansabdori 5 ming dollar bilan qo‘lga tushdi

Bekobod shahar hokimligi mansabdor shaxsi firibgarlik ustida qo‘lga tushdi. Parkent tumanida muqaddam sudlangan shaxs fermer xo‘jaligi rahbariga bankdan 3 mlrd so‘m kredit olib berish evaziga 28 ming dollar ishlab olmoqchi bo‘ldi. Farg‘ona viloyatida mansabdor 5,6 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent va Farg‘ona viloyatida bir qator firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi.

DXX matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent viloyati Bekobod shahri hokimligining mansabdor shaxslaridan biri “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqaroga hokimlik balansida bo‘lgan ikki xonali uy ajratilishida yordam berishini aytib, evaziga 5 ming AQSh dollari talab qiladi.

U so‘ralgan pulni olgan vaqtida DXX Toshkent viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Departament xodimlari tomonidan ushlanadi.

Shuningdek, Toshkent viloyatining Parkent tumanida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs bog‘dorchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbarining ishonchiga kirib, unga tanishlari orqali “Ipak Yo‘li” aksiyadorlik innovatsion tijorat bankining Chilonzor tuman filialidan 3 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratilishiga yordam berishni va'da qiladi va evaziga umumiy kredit miqdorining 10 foizini berishini so‘raydi.

DXX xodimlarining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida firibgar shaxs so‘ralgan pulni 28 ming AQSh dollari ekvivalentida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining Farg‘ona mintaqaviy inspeksiyasi mansabdor shaxslaridan biri qum-shag‘al qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbaridan “Markaziy Farg‘ona” suv ombori atrofidagi qum barxanlaridan litsenziyasiz foydalanishiga ruxsat berish va yuqori inspeksiyadan bo‘ladigan tekshiruvlarni hal etish evaziga 5,6 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida mazkur mansabdor shaxs muqaddam ushbu maqsadlarda 5 ming dollar olganligi ham ma'lum bo‘ladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid