Jahon | 23:11 / 22.09.2021
9357
1 daqiqa o‘qiladi

Xalifa Haftar Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni lavozimini vaqtincha tark etdi

Liviya milliy armiyasi bosh qo‘mondoni, feldmarshal Xalifa Haftar o‘z lavozimini 3 oyga tark etdi. Endilikda u Liviya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat prezidenti saylovlariga o‘z nomzodini qo‘ya oladi.

Foto: Reuters

Liviya milliy armiyasi bayonotida ta'kidlanishicha, feldmarshal o‘z vakolatlarini bajarishni 24 dekabrgacha shtab boshlig‘iga ishonib topshirgan. Ushbu sanaga Liviya prezidenti saylovlari o‘tkazilishi belgilangan.

Mamlakatda prezident saylovlari 2019 yil bahorida o‘tishi kerak bo‘lgan, biroq Haftar kuchlarining poytaxt Tripoliga bostirishi sababli noma'lum muddatga qoldirilgandi. Saylovlar o‘tkaziladigan yangi sana siyosiy muloqot forumi natijalariga ko‘ra belgilangan.

Avvalroq Liviya parlamenti Abdulhamid Dbaybaning milliy birdamlik hukumatiga ishonchsizlik bildirgan. Hukumat dekabrdagi saylovlargacha mamlakatni boshqarishi ko‘zda tutilgandi.

Liviyada Muammar Qazzofiy tuzumi ag‘darilgandan keyin ikkihokimlik o‘rnatilib, mamlakat g‘arbida - Tripolida xalqaro tan olingan Milliy kelishuv hukumati, sharqida esa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi harakat qiladi.

Mavzuga oid