Endi ko‘p qavatli uylar jamoatchilik ruxsatisiz qurilmaydi – Ekoqo‘mita
Davlat Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonovga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar qurayotganlar jamoatchilikdan, aholidan rozilik olmagan, endilikda esa qanday qurilish yo buzilish obekti bo‘lmasin, avvalo, jamoatchilik oldidan o‘tadi.
AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida davlat Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov ko‘p qavatli uylar qurilishida qanday yangi talablar qo‘yilayotgani, bundan buyon yangi ko‘p qavatli uylarni qurishda mahalliy jamoatchilik eshituvi yo‘lga qo‘yilishi haqida ma'lumot berdi.
Matbuot anjumanida Kun.uz jurnalisti ayrim yashil hududlar, park va xiyobonlardagi yerlar (masalan, Toshkentdagi Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ va Milliy bog‘) qurilish uchun ba'zi tashkilotlarga ajratib berilgani va bundan qo‘mita xabardor yoki yo‘qligi, nima uchun qurilish uchun ajratilayotgan yerdagi yashillik, daraxtzorlar va umuman ekologiya hisobga olinmayotgani haqida savol berdi.
Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov obektlar ekologik xavf nuqtayi nazaridan 4 ta kategoriyaga bo‘linishi, ko‘p qavatli uylar qurayotganlar 4-kategoriyaga kirib qolgani va bu kategoriya uchun avval aholidan rozilik olinmaganini, endilikda barcha kategoriyalar uchun jamoatchilik eshituvi talabi qo‘yilayotganini qayd etdi.
“Davlat Ekologiya qo‘mitasi hech kimdan qo‘rqmaydi. Prezidentning ochiqlik siyosati holatida bunday bo‘lishi mumkin emas. Hamma o‘z haq-huquqlarini biladi. Tizimda qoloqliklar bo‘lgan, buni tan olish lozim. Daraxtlarni kesishga moratoriy e'lon qilinganiga endi 2 yil bo‘ldi, qurilishlar esa anchadan beri davom etyapti. Qo‘mita qoshida Ekologik ekspertiza bo‘limi bor. Kim qayerda qanday qurilish qilmoqchi bo‘lsa, avvalo, Ekologik ekspertiza xulosasini oladi. Ekologlar xulosa berayotganda joyiga chiqib o‘rganishadi – daraxtlar bor-yo‘qligi, suv va havoga o‘sha qurilishning ta'siri, qisqasi, barcha ma'lumotlar yig‘iladi, tahlil qilinadi va shundan keyingina xulosa beradi.
Vazirlar Mahkamasining 541-sonli qarorida bir e'tiborli jihati bor: 4 ta kategoriya bor. Ana shu 4 kategoriyaning 1- va 2- kategoriyalarga tabiatga ta'siri yuqori korxonalar kiradi. 3- va 4-kategoriyalar esa mos ravishda ta'siri kamroq korxonalar. Qarorga ko‘ra dastlabki 2 kategoriya uchun jamoatchilik eshituvi o‘tkaziladi. Qolgan ikki kategoriya uchun esa bunday talab yo‘q. Deylik, biror zavod quriladigan bo‘lsa, uning egasi atrofdagi aholidan rozilik uchun imzo yig‘adi. Hamma rozi bo‘lsagina, mahalla raisi imzosi qo‘yilgan hujjatni bizga olib kelishadi, shundan so‘nggina biz ekspertiza o‘tkazib, xulosa beramiz. Ruxsat berganda ham o‘sha hududda, deylik, 20 ta daraxt bo‘lsa, ularni kesmaslik sharti bilan xulosa beramiz. Bu 1- va 2-kategoriya – zavod, fabrikalarga taalluqli.
Ana endi eng qiziq joyiga keldik. Ko‘p qavatli uylar qurayotganlarning hammasi 4-kategoriyada “o‘tiribdi”. Bunda jamoatchilik eshituvi yo‘q. To‘g‘ri bizga keladi, biz joyiga chiqamiz, o‘rganamiz, xulosa beramiz – daraxtlar bo‘lsa, yuqorida aytganimdek, ularni kesmaslikni aytamiz. Biroq quruvchi biroz vaqtdan so‘ng daraxtlarni kesib tashlashi ehtimoli yuqori. Aholi ham bizdan norozi bo‘ladi: nima uchun Ekoqo‘mita kotlovan qurilishga ruxsat berdi? Ana shu muammoni bartaraf etish uchun 3- va 4-kategoriyalarga ham jamoatchilik eshituvi talabi qo‘yildi. Bundan buyon qanday qurilish yo buzilish obekti bo‘lmasin, avvalo, jamoatchilik oldidan o‘tadi. Tabiatga zarar yetkazilishi masalasi 99 foiz hal bo‘ladi”, deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov.
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
17:03 / 04.12.2024
Termitlar tufayli yaroqsiz holga kelgan uy egalariga boshqa uy-joy beriladi
18:32 / 02.12.2024