O‘zbekiston | 11:40 / 28.09.2021
10350
2 daqiqa o‘qiladi

«Farg‘ona ahliga xos go‘zal fazilatlarni ta'riflaydigan bo‘lsam, suhbatimiz «Farg‘ona tong otguncha» ham tugamaydi». Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada saylovchilar bilan uchrashdi

Bugun, 28 sentabr kuni prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida O‘zLiDeP tomonidan tashkillashtirilgan saylovchilar bilan uchrashuvda ishtirok etmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Farg‘onadagi uchrashuvda nomzodga so‘z berilganida, Shavkat Mirziyoyev saylovchilarga minnatdorlik bildirdi.

“Avvalambor,  qadimiy va betakror Farg‘ona zaminida men uchun qadrdon bo‘lgan siz, aziz yurtdoshlarim bilan yana bir bor uchrashib, mana shunday ko‘tarinki kayfiyatda diydor ko‘rishib turganimdan xursandman. Fursatdan foydalanib, mard va oliyjanob, oqko‘ngil va mehmondo‘st, samimiy va oriyatli Farg‘ona xalqiga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Barchamiz Farg‘onani yaxshi ko‘ramiz. Uni “Oltin vodiyning gavhari”deb e'zozlaymiz. Bu tabarruk va saxovatli zaminga bir bor qadam qo‘ygan odam unga bir umr maftun bo‘lib qoladi. Men har gal Farg‘onaga kelganimda, bu yerda sizlardek qadrdonlarim bilan suhbatlashganda atoqli shoirimiz Hamid Olimjonning: “Vodiylarni yayov kezganda, bir ajib his bor edi manda”, degan samimiy misralari xayolimda takrorlanadi.

Mana, bugun davramizda juda ko‘p istarasi issiq insonlarni ko‘rib turibman. Farg‘ona ahliga xos go‘zal fazilatlarni, bu saxovatli diyordan yetishib chiqqan davlat va jamoat arboblarini, olim-u ulamolar, shoir-u hofizlarni, tadbirkor va ishbilarmon odamlarning nomlarini ta'riflaydigan bo‘lsam suhbatimiz “Farg‘ona tong otguncha” ham tugamaydi. 

O‘ylaymanki, bunga zarurat ham yo‘q, chunki ularning ezgu ishlarini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi”, deya o‘z so‘zini boshladi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid