O‘zbekiston | 14:00 / 28.09.2021
12616
6 daqiqa o‘qiladi

«Siyosatda olim sifatida ko‘rinishni afzal bilaman» – Bahrom Abduhalimov bilan intervyu

24 oktabr kuni O‘zbekistonda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda saylovda ishtirok etadigan beshta siyosiy partiya yetakchilari aholi orasida o‘z targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.

Kun.uz prezidentlikka nomzod siyosatchilar bilan saylovchilarni qiziqtirgan qator masalalar bo‘yicha intervyular uyushtirmoqda. Turkum doirasida birinchi mehmonimiz – «Adolat» SDPdan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov bo‘ldi.

— Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov bugungi O‘zbekistonning qiyofasini qanday tasavvur qiladi? Shuningdek, uning qaysi jihatlarini jiddiy o‘zgarishlarga muhtoj deb hisoblaydi?

— O‘zbekiston keyingi yillarda, xususan, oxirgi 5 yilda tubdan o‘zgardi. Sovet davri, mustaqillikning ilk yillari va so‘nggi 5 yillikda yashagan kishi sifatida davrlarni o‘zaro taqqoslash imkoniyatiga egaman.

Avvallari dunyo hamjamiyati O‘zbekistonni islohotlarni xohlamaydigan, sekin harakat qiladigan va islohotlardan qochadigan davlat sifatida bilardi. Keyingi davrlarda esa O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo miqyosida ham islohotlar bo‘yicha lider mamlakatlardan biriga aylandi.

— Savolning ikkinchi qismi bo‘yicha ham javob bersangiz, chunki agar hammasi yaxshi ketayotgan bo‘lsa, sizning prezidentlikka nomzodingizni qo‘yishingizning ham keragi bo‘lmasdi.

— O‘zbekiston hozir ma'lum darajaga yetib keldi, lekin bundan buyog‘iga yangi bosqich boshlanishi kerak. Shu nuqtayi nazardan erishganlarimiz o‘zimiz bilan birga, ayni vaqtda yangi davr boshlanyapti. Bizda deyarli barcha sohalarda qiladigan ishlarimiz yetarli. Bu iqtisodiy, ijtimoiy, qishloq xo‘jaligi yoki ekologik yo‘nalishdagi muammolar.

— Bahrom aka, hozir mutlaq ko‘pchilik O‘zbekiston prezidenti saylovining muqarrar g‘olibi sifatida bir shaxs – Shavkat Mirziyoyevni e'tirof etyapti. Ya'ni saylovlarda ayni bir nomzoddan boshqasiga ishonilayotgani yo‘q.

Saylovlarga bunday munosabatning sabablari nimalarda deb o‘ylaysiz?

— Shak-shubha yo‘qki, Mirziyoyev yangi O‘zbekistonni qurishda asosiy islohotchi bo‘ldi. Prezident va inson sifatida nihoyatda salohiyatli. Buni yaxshi tushunaman. Xalqning unga munosabati ham tabiiy. Lekin shu bilan birga partiyamiz ham saylovlarga xalqimizni ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolarni yechish bo‘yicha takliflari, yangi g‘oyalari bilan chiqadi. Agar ular amalga oshirilsa, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqishi mumkin.

— Bahrom Abdurahimovich, siz O‘zbekistonning birinchi ma'muriyati davrida prezidentning diniy masalalar bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlagansiz. Va aynan mana shu paytda O‘zbekistonda ommaviy repressiyalar, ommaviy qamashlar, qarindosh-urug‘chilik asosidagi ta'qiblar, dindorlarga nisbatan har xil rasmiy va norasmiy «qora ro‘yxatlar» ham avj olgandi. Aytingchi, siz shu davrda ishlagan rahbarlardan biri sifatida qanday nomzod bo‘lib saylovga kiryapsiz?

— Ha, men prezident maslahatchisi sifatida ishlaganman. O‘sha paytda garchi ichkarida aytilmagan bo‘lsa-da, xorijda O‘zbekistonni yopiq davlat, diniy sohada qattiq zug‘umlar olib boradi degan ayblovlar bilan juda qattiq tanqid qilinardi. Lekin shuni aytish kerakki, o‘sha davrdagi faoliyatim menga juda katta maktab bo‘lgan. Chunki bir jarayonni pastdan va yuqoridan kuzatish imkoniyati bo‘ldi.

Hayot doim ham bir maromda davom etmaydi. O‘sha paytda yechilmagan muammolar bugun yechilishi ham bugun katta ahamiyat kasb etishi mumkin.

— Yuqorida ham aytganimdek, saylovlar oldidan ko‘pchilik sizga tajribasiz bir nomzod, siyosatni tushunmaydigan, ilm odami deb qarayapti. Lekin siz bundan avval prezident maslahatchisi sifatida ham ishlaganingizni aytdik. Ammo siz o‘zingizni bu tajribangizni negadir ko‘z-ko‘z qilmayapsiz. Hamma joyda o‘zingizni olim sifatida taqdim etyapsiz. Bunga sabab nima nima?

— Men siyosatda olim sifatida ko‘rinishni afzal hisoblayman. Ammo bu siyosatni tashlab faqat olimlik qilishni bildirmaydi. Mendan avvalgi intervyularda olimdan siyosatchi yoki prezident chiqadimi, deb so‘rashdi. Biz tarixga murojaat qilsak. Bunday tajribalar bor. Masalan, Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek 40 yildan ortiq davlatni ham boshqargan va olimlik ham qilgan. Bu esa o‘zining yaxshi natijasini ko‘rsatgan.

Mening ma'lumotnomamga qarasangiz, sharqshunosman. Toshkent davlat universitetida shu yo‘nalishda o‘qiganman. Bunda bizning asosiy yo‘nalishimiz siyosat edi.

Keyinchalik ham men xorij mamlakatlarida uzoq muddat ishlab, tajriba oshirdim. Umuman olganda sharqshunoslikni o‘zagi bu siyosat. Rossiyada ham katta-katta siyosatchilarning ko‘pchiligi sharqshunoslar. Shu tufayli ham men o‘zimni siyosatda yangi inson deb hisoblamayman.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido. Ⓣ

Mavzuga oid