Jamiyat | 14:19 / 23.10.2021
109822
6 daqiqa o‘qiladi

Burun bitishini yengillashtiruvchi 8ta chora

Tumov (burun bitishi va oqishi)ning sabablari ko‘p: O‘RVI va boshqa infeksiyalardan tortib, mavsumiy allergiya, gormonal o‘zgarish yoki haroratning keskin o‘zgarishigacha bo‘lgan holatlar. Ammo sabablariga qaramay, bu muammodan xalos bo‘lishning oddiy usullari bor.

Foto: Getty Images

1. Issiq choy iching

Yoki boshqa istalgan ichimlik. Muhimi u issiq bo‘lsin, biroq kuydiradigan darajada emas. Issiqlik va bug‘ burun-halqumda qon aylanishini kuchaytiradi. Natijada nafas olish yengillashadi.

2. Iloji boricha ko‘proq suyuqlik iching

Yuqoridagi banddan kelib chiqib, issiq yoki iliq ichimlik ichish kerak. Imkon bo‘lmagan taqdirda esa xona haroratidagi suvni ham ichish mumkin.

Agar organizmga suv yetishmasa, burun ham sog‘lom holatda bo‘lmaydi. Burundagi suyuqlik qurib qoladi va quyuqlashadi. Bu ham burun bitishiga olib keladi. Burundagi suyuqlik qotib qolganida virus va bakteriyalar uchun qulay muhit yuzaga keladi. Ya'ni kasallik uzoq davom etishi yoki shamollashga qaraganda yoqimsizroq ko‘rinish tus olishi mumkin. Masalan, gaymorit.

Suyuqlik ichsangiz, burundagi shilimshiq suyuqlik ko‘proq oqib, burun-halqumdagi viruslar va umuman burun bitishi hamda shamollashdan tezda xalos bo‘lasiz.

3. Ingalyatsiya qiling

Issiq bug‘dan nafas olish shamollash, jumladan, burun bitishini ham kamaytiradi va tuzalishni tezlashtiradi.

Healthline tibbiy resursi ingalyatsiyani quyidagi tartibda amalga oshirishni tavsiya qiladi:

  • Kastryulkada toza suvni isiting. Uni qaynashgacha olib borish shart emas, suyuqlik ustida bug‘ paydo bo‘lishining o‘zi yetarli.
  • Suv to‘ldirilgan kastryulkani stol yoki boshqa qulay gorizontal yuza ustiga qo‘ying va 20-30 daqiqa davomida yuzingizni bug‘ga tutib turing. Agar bug‘ qaynoq bo‘lsa, undan uzoqroq bo‘ling yoki biroz ilishini kuting.
  • Burun orqali chuqur nafas oling. Nafasni burun orqali chiqaring. Burundagi shilliq suyuqlikdan xalos bo‘lish uchun kuchli nafas chiqaring.

Ingalyatsiyali suvga bir necha tomchi efir moylaridan ham qo‘shish mumkin. Evkalipt, yalpiz, choy daraxti, qarag‘ay – ta'bga ko‘ra shulardan birini tanlang.

4. Issiqqina dush qabul qiling

O‘zingizni tezda yengil his qilishni istasangiz, mana shu usul mos keladi. Ingalyatsiya yoki issiq choy kabi dush ham burun oqishini samarali to‘xtatadi va burun bitishini bartaraf etadi.

5. Burun uchun issiq kompress qiling

Issiq, biroq kuydirmaydigan haroratdagi suvda bo‘ktirilgan salfetkani burunga 2-3 daqiqaga kuniga 3-4 marta qo‘ying.

6. Burunni tuzli eritma bilan chaying

Tayyor tuzli aerozolni dorixonadan sotib olish yoki mustaqil ravishda tayyorlash mumkin. Retsepti oson: yarim choy qoshiq tuz va bir chimdim sodani bir stakan (240 ml) iliq suvga soling. Yoqimsiz belgilar butunlay yo‘qolguniga qadar kuniga 3-4 marta mana shu eritma bilan burunni chaying.

7. Tomirni toraytiruvchi burun sprey va tomchilaridan foydalaning

Ular shishishni bartaraf etib, burunda suyuqlik hosil bo‘lishini sekinlashtiradi. Natijani darhol his etish mumkin: nafas olish erkinlashadi. Biroq bu effekt vaqtinchalik: odatda bir necha soat davom etadi xolos.

Shuni yodda tutingki, bunday vositalarni 3 kundan ortiq ishlatib bo‘lmaydi. Aks holda yoqimsiz ta'sirlar kuzatilishi mumkin: muayyan vositaga o‘rganib qolishdan tortib (keyin tomirlar unga reaksiya qilmay qo‘yadi), burun shilliq qavatining yupqalashishi, medikamentoz rinit va boshqa yomon holatlar rivojlanishigacha.

8. Shifokorga boring!

Burun bitishi – alohida kasallik emas, u bor-yo‘g‘i bir belgi. Undan batamom xalos bo‘lish uchun esa kasallikni yengish kerak bo‘ladi. Buni professional shifokor – terapevt yoki tor doiradagi mutaxassis (lor, allergolog) nazorati ostida amalga oshirish samarali bo‘ladi.

Muhim eslatma: burun bitishining shunday turlari borki, ular shifokorga zudlik bilan murojaat etishni talab qiladi. Agar quyidagi holatlar kuzatilsa, shifokor ko‘rigiga boring yoki telefon orqali u bilan maslahatlashing:

  • Sizdagi burun bitish holati peshona, burun yoki yuz, ko‘zning shishishi bilan kechsa yoki ko‘rish qobiliyati yomonlashishi bilan bog‘liq bo‘lsa;
  • Burun bitishidan tashqari, tomog‘ingiz kuchli og‘riyotgan bo‘lsa yoki bodomsimon bez yoki burun-halqumning boshqa qismlarida oq yoki sariq dog‘larni ko‘rsangiz;
  • Burundan oqayotgan suyuqlikdan yoqimsiz hid kelsa;
  • Burun bitishi 10 kundan ortiq davom etayotgan yo‘tal fonida paydo bo‘lsa, burundan oqayotgan suyuqlik sarg‘ish yashil yoki kulrangda bo‘lsa;
  • Burun bitishi bosh jarohatlanishidan keyin yuzaga kelsa;
  • Burun bitishi tana haroratining oshishi bilan kechsa.

Mana shu belgilar sizda rinitdan ko‘ra jiddiyroq kasallik bo‘lishi mumkinligidan darak beradi. Gap angina, gaymorit, jiddiy gormonal buzilishlar, bosh miya jarohatlanishi, bakterial zararlanishlar, jumladan, meningit va v h.klar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Layfxaker saytidan tarjima qilindi.

Mavzuga oid