Jahon | 21:33 / 28.10.2021
13620
2 daqiqa o‘qiladi

Sayyora uchun eng vayronkor o‘rmonlar ma'lum qilindi

Foto: avatars.mds.yandex.net

YuNeSKO vakillari Jahon merosi obektlaridan qaysi biri sayyoramizga ziyon yetkazuvchi issiqxona gazi chiqarilishida eng ko‘p aybdor ekanini aniqlashdi. Ta'kidlanishicha, global isishga 10ta o‘rmon eng katta “hissa qo‘shib”, ular oxirgi 20 yilda davomida nafaqat karbonat angidrid CO2’ni yutmagan, balki uni ishlab chiqargan. Bu haqda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi ma'lum qildi.

Ushbu vayronkor o‘rmonlar ro‘yxatiga quyidagilar kirgan: Sumatradagi tropik o‘rmon (Indoneziya), Rio-Platano biosferik qo‘riqxonasi (Honduras), Yosemiti milliy bog‘i (AQSh), Uoterton muzligidagi xalqaro bog‘ (Kanada), Barberton-Maxondjva tog‘lari (JAR), Kinabalu bog‘i ( Malayziya), Uvs-Nuur havzasi (Rossiya, Mo‘g‘uliston), Grand-Kanon milliy bog‘i (AQSh), Katta moviy tog‘lar (Avstraliya) va Morn-Trua-Piton milliy bog‘i (Dominika).

O‘rmonlarning karbonat angidrid yutish xususiyatini yo‘qotishiga daraxtlarning noqonuniy kesilishi, qishloq xo‘jaligi maqsadida yo‘qotilishi, o‘rmon yong‘inlari, yomon ob-havo hodisalari sabab hisoblanadi.

“Barcha o‘rmonlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda faol bo‘lishi kerak. Tadqiqotdan xulosa shuki, YuNeSKOning eng ahamiyatli va eng muhofaza qilinuvchi o‘rmonlari haqiqatan ham global isishni yaqinlashtirishi mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan hisobot mualliflaridan biri Teyles Karvalyu Rezende.

Avvalroq Global Witness guruhi oxirgi 5 yil davomida jahonning eng yirik banklari o‘rmonni kesishga aloqador kompaniyalarga 119 mlrd dollar moliyaviy ko‘mak ko‘rsatganini aniqlagan. Bunday banklar orasida BNP Paribas (Fransiya), Xitoy sanoat-tijorat banki (Industrial and Commercial Bank of China (ICBC), JPMorgan, Bank of America (AQSh) va HSBC (Britaniya) bor.

Mavzuga oid