O‘zbekiston | 14:53 / 29.10.2021
15374
3 daqiqa o‘qiladi

Zarafshon daryosidagi baliqlar zaharlanishi holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Zarafshon daryosida «Navoiyazot»dan chiqqan chiqindilardan ommaviy zaharlanish ro‘y berishi tufayli baliqlarning nobud bo‘lgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura axborot xizmati holat yuzasidan yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-moddasi (Atrof tabiiy muhitni ifloslantirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi.

«Ushbu holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan tegishli soha mutaxassislari jalb qilingan holda keng qamrovli tekshiruv o‘tkazildi. Bu jarayonda sanoat korxonalaridan Zarafshon daryosiga oqizilgan chiqindi suvlar tarkibi va nobud bo‘lgan baliqlarda maxsus laboratoriya va ekspertiza tahlillari o‘tkazilib, tegishli xulosalar olindi va boshqa holatlar atroflicha o‘rganildi.

Tekshiruv natijalari Zarafshon daryosiga azot ammoniy, nitrit va boshqa kimyoviy moddalar me'yoridan ortiqcha miqdorda oqizilganligi oqibatida daryodagi ko‘plab baliqlar nobud bo‘lganligini ko‘rsatdi.

Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yil 28 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 196-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Navoiy viloyati prokuraturasi xabarida.

8 oktabr kuni Ekologiya qo‘mitasi «Navoiyazot» AJ tomonidan Zarafshon daryosiga hayot uchun xavfli bo‘lgan moddalar oqizilgani, oqibatda daryo suvi zaharlanib, ko‘plab baliqlar nobud bo‘lgani haqida xabar bergandi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda Zarafshon daryosi suvida azot ammoniy belgilangan me'yorlardan 21 marotaba, azot nitrat 2,6 marotaba, azot nitrit 60 marotaba, xloridlar 1,3 marotaba, mis ionlari 2,1 marotaba yuqori ekani va bu daryoda yoppasiga zaharlanish yuzaga kelishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Islombek Boqijonov Kun.uz'ga «Navoiyazot» daryoga zararli modda oqizishi oqibatida ayni damga qadar aniqlangan zarar 4 milliard so‘mdan ortiq bo‘lishi mumkinligini aytgan. Qayd etilishicha, daryoda mingdan ortiq baliq nobud bo‘lgan, ular orasida «Qizil kitob»ga kiritilgan turlar ham aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasi 28 oktabr kuni JKning 196-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, dastlabki tergov harakatlarini boshlagandi. Ishni o‘rgangan Bosh prokuratura xulosasiga ko‘ra zarar miqdori qariyb 5 mlrd so‘m ekani, mazkur holat uchun «Navoiyazot» AJ javobgar sifatida jalb etilishi aytilgandi.

Mavzuga oid