O‘zbekiston | 12:03 / 05.11.2021
25258
3 daqiqa o‘qiladi

Shuhrat Sodiqov va Olimjon Umarov lavozimidan ozod qilingani rasman tasdiqlandi

Ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi bilan bog‘liq mojaro ortidan O‘zbekistonda axborot kommunikatsiya sohasidagi mas'ullarga chora ko‘rilgani rasman tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti farmoniga asosan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov o‘z lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, hukumat qarori bilan bosh vazir maslahatchisi − IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov lavozimidan ozod qilindi.

Ushbu ikki iste'fo ham O‘zbekistonda Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan ro‘y berdi.

Avvalroq prezident administratsiyasiga aloqador «Nigoh» kanalida ham ushbu mulozimlar iste'fosi haqida xabar qilingandi.

Shuhrat Sodiqov (1969 yilda tug‘ilgan) 2006−2008 yillarda «O‘zbektelekom» kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan, 2008−2010 yillarda «O‘zbektelekom» kompaniyasi bosh direktori bo‘lgan, 2010 yildan Vazirlar Mahkamasida Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan. 

2017−2018 yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori bo‘lgan. U 2018 yil avgustidan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

Olimjon Umarov 1985 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Oliy ma'lumotli. 2007 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini, 2017 yilda Songyungvan universitetini (Janubiy Koreya) tamomlagan. U 2017−2020 yillarda AKT vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2020 yil mayida O‘zbekiston bosh vazirining maslahatchisi − IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» tomonidan Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga qo‘shilgan ijtimoiy tarmoqlar (Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va «Odnoklassniki») faoliyati cheklab qo‘yilishi katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi.

Shundan so‘ng, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov «O‘zkomnazorat»ning bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilgan harakatidan davlat rahbari xabar topganini ma'lum qildi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan bu qaror xato deb topildi, prezident vaziyatga aralashgach, holat yuzasidan tezkor choralar ko‘rilib, «O‘zkomnazorat» boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev ishdan olindi va holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari boshlandi.

Mavzuga oid