O‘zbekiston | 21:01 / 15.11.2021
7931
1 daqiqa o‘qiladi

Samarqand aeroportining yopilishi 15 dekabrgacha uzaytirildi

Foto: Air Marakanda

Samarqand xalqaro aeroporti 15 dekabrgacha yopiq bo‘ladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand xalqaro aeroportida yangi aerodrom kompleksi va yangi aeronavigatsiya uskunalarini foydalanishga tayyorlash bilan bog‘liq ishlar davom ettirilmoqda. Shu munosabat bilan aeroportning yopilishi joriy yilning 15 dekabriga qadar uzaytiriladi.

Qayd etilishicha, Samarqand xalqaro aeroporti qabul qilishi lozim bo‘lgan barcha aviaqatnovlar Navoiy, Buxoro, Qarshi aeroportlariga yo‘naltiriladi.

Avvalroq Samarqand xalqaro aeroporti 2021 yilning 20 oktyabridan 20 noyabriga qadar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitiga tayyorgarlik doirasida yangi aerodrom kompleksi qurilishi davom etmoqda.

Mavzuga oid