Haydovchilar uchun limit, rokirovkalar va o‘zboshimcha Telegram - X-News
Maslahatchilikdan ketgan Inoyatov, hukumatga o‘tishi kutilayotgan Ortiqxo‘jayev, O‘zAvtodan navbatdagi “sovg‘a”, avtomobilni rasmiylashtirish uchun arzonlashayotgan bojlar. Xpress loyihasi taqdim etgan hafta dayjestida shular haqida so‘z boradi.
O‘zbekistonda yil boshidan beri salkam 1964 kishi yo‘l transport hodisalari qurboni bo‘ldi. Yana 6886 kishi jarohatlandi. Bu qanchalik fojiali raqamlar ekanini tushunish uchun bitta raqamga e’tiboringizni qaratamiz: O‘zbekistonda YTHlarning o‘lim bilan tugash ehtimoli Qozog‘istondagiga qaraganda 67 foizga, AQShdagiga qaraganda 620 foizga ko‘proq.
Biroq afsuski, bir tomondan minglab odamlar qoidabuzarlarni videoga olib jo‘natishni “kozyollik” deb hisoblasa, ikkinchi tomondan davlat ham bu o‘limlarning oldini olishga shoshilmayapti.
Masalan, yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholashni olsak. Bu tizimga o‘tilishi haqida bundan ikki yarim yil oldin qaror loyihasi chiqqan edi. O‘shanda 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi tizimga o‘tilishi rejalashtirilgandi. Va bu rejaligicha qolib ketdi.
Shu hafta esa ana o‘sha loyiha biroz o‘zgartirilgan holda qaytadan muhokamaga qo‘yildi. Loyihada 2023 yil deb muddat qo‘yilgan. Demak, qoidabuzar haydovchilarni tiyadigan tizim ishga tushguncha yo‘llarda yana kamida 2 mingta odam o‘ladi.
Bu o‘zi qanaqa tizim deyotgan bo‘lsangiz kerak.
Esingizdami, Olmaliq shahri hokimining o‘g‘li Tracker mashinasini Toshkentda 150 km/soat tezlikda haydab, buni TikTok'ga joylagandi. O‘shandan keyin u ikki yil ichida naq 16 marta qoida buzgani ma’lum bo‘lgan edi.
Toshkentda kuppa-kunduzi 150 km/soatda haydash, 2 yil ichida 16 marta qoida buzish... Bundaylar jarimani to‘lab qo‘yib, hech narsa bo‘lmagandek yana rulga o‘tiraverishi mumkin.
Biz yuqorida nega kechikyapti degan tizim aynan shunday potensial qotillarga qarshi ishlaydi.
Ya’ni, tizim ishga tushsa, har bir haydovchiga 1 yil uchun 12 jarima balli limit beriladi. Har bir qoidabuzarlikka og‘irligiga qarab ball belgilab chiqiladi. Masalan, svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib ketish 3 ball va hokazo. Haydovchining jarima ballari 1 yil ichida 12 ballga yetsa, u yil oxirigacha haydovchilik huquqidan mahrum etiladi.
Fuqaro belgilangan muddat tugaganidan keyin haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish uchun imtihon topshirishga majbur bo‘ladi.
Yangi qaror loyihasi va 2019 yildagi loyiha o‘rtasida muhim farq bor. 2019 yilda 12 ballik jarima limiti 1 kalendar yili – 1 yanvardan 31 dekabrgacha deyilgan edi. Yangi loyihada esa 12 ballik limit haydovchi birinchi marta qoida buzgan sanadan boshlab 1 yil davomida amal qiladi. Masalan, qoidabuzar haydovchi oltinchi oydayoq limitni to‘ldirib qo‘ysa, 6 oy mashina hayday olmaydi.
Hafta haydovchilar uchun yaxshi xabarlarga boy bo‘ldi. Masalan, kelasi yili yuz minglab vatandoshlarimiz mashinalarini o‘z nomlariga o‘tkazishlari mumkin. 1 yanvardan avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinishi kutilmoqda. Notariusda oldi-sotdi shartnomasi uchun to‘lanadigan davlat boji BHMning 3 barobari, ya’ni 810 ming so‘m deb belgilanishi mumkin. Hozir bu to‘lov mashinaning ot kuchiga qarab 2 mln 700 ming so‘mgacha boradi.
Qonun kuchga kirsa, haydalgan mashina sotib olayotganlar uni o‘z nomiga rasmiylashtirish uchun hammasi bo‘lib taxminan 1 mln so‘m xarajat qiladigan bo‘lyapti. Bu hozirgi miqdordan mashina turiga qarab 4 dan 10 barobargacha arzon.
Qonunchilikda kutilayotgan yana bir o‘zgarish ham haydovchilarga taalluqli. Tez orada mashina boshqarayotib ham telefonda gaplashish mumkin bo‘ladi, faqat bitta sharti bor: rulda telefonda gaplashish uchun bluetooth yo quloqchin kabi qo‘lni band qilmaydigan vositalardan foydalanish kerak.
Bundan tashqari, avtomobil salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasini juma kuni Senat ma’qulladi, endi uni prezident imzolashi kerak.
Yana bir yangilikni hamma eshitib bo‘lgandir: eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini almashtirish muddati yana uzaytirildi. Lekin bu safargi muddatlar hamma uchun bir xil emas. Masalan, 2010 yilgacha olingan haydovchilik guvohnomalarini 2022 yil 31 martgacha almashtirish kerak. 2015 yildan keyin berilganlarini esa 2022 yil 31 dekabrgacha almashtirish lozim.
Benzin narxidan kuyib, gazga o‘tgan haydovchilarni ham yangi noqulayliklar uzoq kuttirmadi. Har yilgidek, havo sovigani sabab “gaz-zapravka”larning ishlash vaqti cheklab qo‘yildi.
Antimonopoliya qo‘mitasiga ko‘ra, monopol mavqega ega ayrim kompaniyalar bozorda o‘yin qilgani rost ekan. Ular birja savdolariga benzinni faqat yirik lotlarda, ya’ni 60 tonnadan ortiq miqdorda chiqarib kelibdi. Birdaniga bunaqa katta miqdorda benzin sotib olish esa faqat neftebazalarning qo‘lidan keladi, chunki ularda katta hajmdagi mahsulotni saqlashga sharoit bor. Oddiy benzin shoxobchalarida esa bunaqa imkoniyat yo‘q, chunki ularning aylanma mablag‘lari u qadar ko‘p emas.
Antimonopoliya qo‘mitasi bu bayonotidan ikki kun o‘tib, ularning aralashuvi bilan birjada kichikroq benzin lotlari ham paydo bo‘lgani va AI-80 benzini narxi 9 foizga arzonlashganini ma’lum qildi.
Noyabr oxirigacha narx arzonlashishini oddiy iste’molchilar ham his qilishi va’da qilinyapti.
Xpress dayjestida haftaning boshqa bir nechta asosiy voqealari haqida ham so‘z boradi. Videoni loyihaning YouTube kanalida tomosha qiling.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
13:39 / 08.12.2024