Jamiyat | 20:51 / 23.11.2021
26425
7 daqiqa o‘qiladi

Shikoyatchining ovozini o‘chirish – eski davrga qaytish demakdir

Muammo haqida ochiq gapirganlarni turli yo‘llar bilan jazolash holatlari ko‘paymoqda. Bu oxir-oqibat yangi davrda erishilgan eng asosiy yutuq boy berilishiga olib kelishi mumkin.

Foto: Shutterstock

Yangi davr bizga tuhfa etgan narsalardan asosiysi – so‘z erkinligi. Aynan so‘z erkinligi chorak asr davomida yig‘ilib kelgan muammolar haqida pana-pastqamda emas, baralla gapirish imkonini berdi. Va aynan so‘z erkinligi o‘sha muammolarning yechimi haqida jamiyat bo‘lib – birgalikda o‘ylash imkonini yaratdi – tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rindi. So‘z erkinligi vositasida xalq bir tana, bir jon bo‘lishi mumkinligini sezdik.

So‘z erkinligi ta'bir joiz bo‘lsa, ommatan tushib qolganimiz – to‘zib yotgan “muammoxona”ni ko‘pchilik bo‘lib yig‘ishtirishga kirishish uchun zamin yaratdi.

Muammolar to‘lib-toshib yotgan bo‘lsa va hamma buni ko‘rib turgan bo‘lsa-yu, ammo gapirolmasa, go‘yo ikkita parallel dunyo paydo bo‘ladi: biri rost, biri yolg‘on, biri – hayot, ikkinchisi – televizor.

Shu bois ham bu borada vaziyatning tubdan o‘zgarganligi meni shaxsan juda xursand qilgan edi: “Bo‘ldi, jarlikka qarab yurishdan to‘xtadik, bu yog‘i yaxshi bo‘ladi, chunki so‘z erkinligidek insoniy huquqlarning muhim sohasida o‘zgarish sodir bo‘ldi”. Elektron OAVning faollashishi bu jarayonni tezlatib yubordi. Biroq...

Tuhfaga hamla

Oxirgi paytda eshitayotgan-bilayotganimiz xavotirli signallar o‘laroq yangrayapti – yuzaga kelgan ijobiy jarayon ortga qarab ketayotgandek go‘yo.

“Falon bloger falon hokimni tanqid qilgandan so‘ng qamoqqa olindi”, “falon kishi muammolar haqida internetda gapirgandan so‘ng uyiga militsiya kelibdi”, “bir kishi yuqoriga shikoyat yozgan ekan, bosimga uchrabdi” va hokazo, va hokazo.

Shundoq kechagina muammoni ko‘targan shikoyatchi bugun ertalabdan “hazillashdim” yoki “adashibman, tavba qildim” deb turishi odatiy holga aylanib qoldi.

Shikoyatchilar yashin tezligida “hazilkash” yoki “tavbago‘y”ga aylanishi sababini ko‘pchilik tushunib turibdi, bu uchun qanaqa uslublar qo‘llanishi, qanday “richaglar” bosilishi, shikoyatchining eng nozik joylariga qanday urilishini-da bilamiz – Mars sayyorasidan tushganimiz yo‘q, Yerda yashayapmiz, ammo bunga qarshi hech narsa qila olmasligini ham omma biladi. Natijada kishilar ongida yana o‘sha holat yuz berib turibdi – muammo bor, manbasi bor, biroq holatning na e'tirofi bor, na yechimi.

Xatar

Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva Kun.uz orqali shikoyat qilganidan keyin hibsga olinishi, avtobloger Bobur G‘aniyevning telefonidan “kutilmaganda” pornografik suratlar chiqib qolishi, o‘qituvchilar paxtaga chiqarilganini aytgan namanganlik yigit ertasi kuni uzr so‘rab chiqqani, profilaktika inspektorining sohadagi muammolar haqida gapirgandan keyin qamoqqa olinishi...

Bular – ko‘pchilikka ma'lum ayrim misollar xolos. Jurnalistlar kunda duch keladigan “mayda” holatlar ham bor, muammo haqida xabar chiqqandan keyin OAVga murojaat qilganlarga nisbatan “chora ko‘rish” holatlarining son-sanog‘i yo‘q, ishonavering.

Xatarlisi – shikoyatchilarning ovozini o‘chirish shu yo‘sinda davom etaversa, bir kun kelib biz jamiyat o‘laroq asta sekinlik bilan boshlang‘ich nuqtaga qaytamiz. O‘sha, biz biroz uzoqlashganimizdan xursand bo‘layotganimiz nuqtaga.

Nega buncha yomon kutilma deysizmi? Chunki oz-ozdan bir tomonga qarab harakat qilinsa, shu bilan birga harakatga qarshilik bo‘lmasa, o‘sha manzilga bir kun yetib kelinadi. Ya'ni borib-borib yana muammolar faqat pana-pastqamda gapiriladigan bo‘lib qoladi, oshkor gapirishdan odamlar qo‘rqadigan bo‘lib qoladi. Natijasini bashorat qilish shart emas...

Ular kimlar?

Savol: ovozlarni o‘chiruvchilar kimlar? Javob tayin – o‘z hududida yuzaga kelgan muammolarni yashirishni istaydigan rahbarlar: “Hududingdagi muammolar ochilaversa, oxir-oqibat ishdan ketasan”.

Lavozim mohiyatini to‘g‘ri anglagan insofli rahbarlar uchun-ku ishdan ketish fojia emas, biroq mansabini suiiste'mol qiluvchilar uchun lavozim – hayoti mazmuni. Aynan shu toifa o‘z hududida (viloyatida, tumanida, sektorida, sohasida) mavjud muammolarni qay yo‘l bilan bo‘lsa-da yashirishga urinadi. Va tabiiyki ular uchun “jamiyat manfaati”, “Vatan kelajagi”, “so‘z erkinligi foydalari” kabi tushunchalar – havoyi so‘zlar.

Rivojlangan jamiyatlarda

Insofsiz rahbarlar faqat bizda emas, boshqa jamiyatlar ham ulardan aziyat chekishadi. Biroq ijtimoiy hayotini birmuncha tartiblab olgan jamiyatlar mansab egalarini tartibga solib turuvchi vosita-mexanizmlarni joriy qilishgan. Bu mexanizmlar birdek samarali ishlamasligi, joyi kelsa pand berishi mumkin, biroq noinsof rahbarlarga qarshilik o‘laroq mudom ishlab turadi va jamiyatdan erklarini, avvalo so‘z erkinligini tortib olishga yo‘l bermaydi.

O‘sha vositalarning eng muhimi, albatta, mustaqil sudlardir. Aynan odil sud fuqaro uchun mansabini suiiste'mol qiluvchi, ma'muriy resursidan jinoyatkorona foydalanuvchi mansabdor ta'qibidan himoyalanishning oxirgi va eng ishonchli vositasidir. Sudyalar mansabdorlar bilan “hamkorlik” qila boshlasa – tamom – qo‘ldan ketdi barcha erkinliklar. Shu tufayli ham rivojlangan jamiyatlar sudlar mustaqilligi sohasini qattiq nazorat ostida tutishadi. Sudyalarning mustaqilligi u yurtlarda “telbalarcha” qo‘riqlanadi.

Nima qilmoq kerak?

Avvalo sarlavhadagi savolga o‘zimiz uchun javob berishimiz kerak: hozirda avj olayotgan shikoyatchilarning ovozini o‘chirish kampaniyasi bizni qayerga olib boradi?

Barcha aqliy va naqliy dalillar darak beradiki, bu jarayon endigina yetishganimiz ne'matni bizdan olib qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.

Muammolarga to‘lgan muhitga moslashgan toifalarning bu harakati – tabiiy hol. Ular o‘sha muhitga o‘rgangan. Biroq biz – yaxshi kelajakka harakat qilayotgan jamiyat bunga qarab turishimiz mumkinmas. Davlat va jamiyat bir bo‘lib bu jarayonga to‘siq bo‘lishi kerak. Chora topish kerak. Shunga barchani chaqirib qolgan bo‘lardim.

Shokir Sharipov

Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborishingiz mumkin.

Mavzuga oid