O‘zbekiston | 18:35 / 25.11.2021
7826
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Turkmaniston chegarasidagi ikkita nazorat punkti faoliyati qayta tiklandi

Foto: Transport vazirligi

Turkmaniston bilan avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun "Xo‘jayli" va "Shovot" chegara o‘tkazish punktlarida kontaksiz yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yiladi.

Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, bu bilan, bugungi kunda xalqaro yuk tashuvlari uchun faoliyat yuritayotgan "Olot" chegara o‘tkazish punktiga qo‘shimcha ravishda yana 2ta chegara o‘tkazish punkti faoliyati qayta tiklanadi.

Joriy yilning 18 noyabr kuni transport va logistika masalalari bo‘yicha o‘zbek turkman ishchi guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Videokonferensiya aloqa shaklida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv davomida kelishilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida 25 noyabr kuni “Xo‘jayli – Kunya-Urganch” hamda “Shovot – Toshhovuz” chegara o‘tkazish punktlari ish faoliyati xalqaro yuk tashishlar uchun neytral zonada tirkama va yarim tirkamalarni kontaksiz almashish yo‘li orqali tashkil etish bo‘yicha sinov o‘tkazildi.

Mazkur chegara o‘tkazish punktlari koronavirus pandemiyasi sabab amaliyotga joriy etilgan cheklov choralari natijasida 2020 yilda yopilgan edi.

 Hozirda Transport vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda DXX chegara qo‘shinlari “Xo‘jayli – Kunya-Urganch”, “Shovot – Toshhovuz” o‘tkazish punktlari ish faoliyatini joriy yil 25 noyabrdan sanitariya-epidemiologiya tadbirlariga qat'iy rioya etgan holda neytral zonada tirkama va yarim tirkamalarni kontaksiz almashish yo‘li bilan qayta tiklash yuzasidan Turkmanistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan hamkorlikdagi sa'y-harakatlarni davom ettirmoqda. 

Mavzuga oid