O‘zbekiston | 15:33 / 18.12.2021
13808
3 daqiqa o‘qiladi

Ziroat Mirziyoyeva Seuldagi Milliy reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi

«Zamin» fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva va Koreya Respublikasining birinchi xonimi Kim Chen Suk Seuldagi Milliy reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi.

Foto: Zamin fondi

«Zamin» fondi xabariga ko‘ra, markaz nogironligi bo‘lgan shaxslar salomatligini mustahkamlash va ularning jamiyatga qo‘shilishiga reabilitatsiya, tadqiqot va ta’lim yo‘li bilan yordam beradi.

Qayd etilishicha, mehmonlar markazning ilg‘or tajribasi bilan tanishdi. Innovatsion texnologiyalar, laboratoriya faoliyati, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zamonaviy yordamchi vositalarni ishlab chiqarish jarayoni namoyish etildi.

Foto: Zamin fondi
Foto: Zamin fondi

«Bu boradagi xalqaro tajriba biz uchun juda foydalidir. Bunday hamkorlik kelajakda jamiyatda inklyuziyaga erishish yo‘lidagi rejalarimizda muhim ahamiyatga ega», deyiladi fond xabarida.

Ma’lumot uchun, «Zamin» xalqaro jamoat fondining maqsadi – mamlakatning barqaror rivojlanishi va aholi turmush darajasini oshirishga hissa qo‘shish.

«Zamin» fondining faoliyati uzoq muddatli, strategik ahamiyatga ega va barqaror loyihalardan iborat 4 yo‘nalishga asoslangan: atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik; havo ifloslanishini monitoring qilish, tuproq unumdorligini tiklash va ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash; ijtimoiy rivojlanishga innovatsion ishlanmalarni tatbiq qilish va ijtimoiy sohadagi loyihalarni moliyalashtirish; eshitish qobiliyati zaif bolalarning yashash sharoiti va ta’lim sharoitlarini yaxshilash.

Foto: Zamin fondi
Foto: Zamin fondi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 dekabr kuni davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga yetib bordi. Tashrifning asosiy tadbirlari - ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar 17 dekabr, juma kuni bo‘lib o‘tdi.

Foto: Zamin fondi
Foto: Zamin fondi

Tashrif kun tartibidan O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini va ko‘p qirrali hamkorligini, eng avvalo, "yashil" iqtisodiyot, investitsiya va innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, ijtimoiy soha kabi ustuvor yo‘nalishlarda yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

Mavzuga oid