Jahon | 17:50 / 07.01.2022
51927
2 daqiqa o‘qiladi

Muxtor Ablyazov o‘zini Qozog‘istondagi namoyishlar yetakchisi deb e’lon qildi

Xorijdagi qozog‘istonlik bankir Muxtor Ablyazov respublikadagi namoyishlar va muxolifat yetakchisi ekanini e’lon qildi.

Foto: Globallookpress

«Bank Turan Alem» (BTA Bank) sobiq rahbari, hozirda Parijda istiqomat qiluvchi Muxtor Ablyazov o‘zini mamlakatdagi muxolifat va norozilik namoyishlari yetakchisi, deb e’lon qilgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Ablyazovga ko‘ra, Olmaotadagi namoyishchilar undan har kuni qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha ko‘rsatma olyapti.

«Har kuni namoyishchilar menga qo‘ng‘iroq qilib: “Nima qilishimiz kerak? Biz shu yerda turibmiz, endi nima qilaylik, deb so‘rashmoqda», degan u.

Ablyazovning fikricha, agar G‘arb jarayonga aralashmasa, Qozog‘iston Belorussiyaga aylanadi va Putinning SSSRni tiklash dasturi amalga oshadi.

Avvalroq, sobiq bankir o‘zining bosh qarorgohi Kiyevda, o‘zi esa Parijda yashashini, biroq u Qozog‘istonga qaytib, “muvaqqat hukumat”ni boshqarish niyatida ekanligini ma’lum qilgandi.

U namoyishlarni muvofiqlashtirish uchun G‘arbdan mablag‘ olmaganini ta’kidlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ablyazov 2010 yildan beri Fransiyada yashaydi. Muxolifatchiga aylanishiga Qozog‘iston energetika va savdo vaziri lavozimidan mahrum qilingani sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, u uyushgan jinoiy guruh tuzish va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, sudga tortilgan va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq bir yildan so‘ng G‘arbning “demokratik hamjamiyati” bosimi ostida ozodlikka chiqarilgan.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Ablyazov xorijga ketishdan oldin Nazarboyevdan o‘ch olishga va’da bergan. Shu maqsadda 2017 yilda Qozog‘istonning hukmron elitasiga qarshi kurashish uchun “Qozog‘iston demokratik ittifoqi” harakatini tuzadi. Bunga javoban Qozog‘iston hukumati uni biznes sherigini o‘ldirishga buyruq berganlikda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qiladi.

Mavzuga oid