Jahon | 13:58 / 09.01.2022
19734
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida 6 mingga yaqin kishi qo‘lga olingan

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘lga olingan 5,8 ming kishi orasida ko‘plab xorijliklar ham bor. 125 ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

VALERY SHARIFULIN\TASS

Qozog‘iston huquq-tartibot organlari mamlakatdagi namoyishlardan keyingi tartibsizliklar vaqtida 5,8 ming kishini qo‘lga olgan. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar bergan.

Respublika IIV ma’lumotiga ko‘ra, og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan 134 kishi vaqtincha saqlash uchun izolyatorlarga joylashtirilgan. Yana 516 kishi ma’muriy ish doirasida hibsga olingan. «Qolganlarga nisbatan tekshiruv va tezkor tadbirlar olib borilgan», — deyiladi vazirlik xabarida.

Shu bilan birga, IIV chegara hududlarda Qozog‘istonni piyoda yoki avtomashina orqali tark etmoqchi bo‘lgan 300 nafar atrofidagi kishi qo‘lga olingani haqida xabar bergan. Ularning ko‘pchiligidan qurollar va valuta musodara qilingan.

8 yanvar kuni Qozog‘iston IIV namoyishlar boshlanganidan buyon qo‘lga olinganlar soni 4266 kishini tashkil etayotganini xabar qilgandi.

IIV huquq-tartibot organlari tomonidan qurbon bo‘lganlar sonini yangilab kelmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, avvalgi xabarlarida aytilganidek politsiyachilardan 18 emas, 16 kishi tartibsizliklar vaqtida halok bo‘lgan, IIV, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi va maxsus xizmatlar vakillari bo‘lgan yana 1,3 ming kishi turli darajada jabrlangan. Mudofaa vazirligi ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini bildirgan.

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda gaz narxi oshishiga norozilik sifatida namoyishlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar to‘lqini butun respublikaga yoyildi, eng jiddiy voqealar Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Bu orada Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi, mamlakatda favqulodda holat rejimi va komendantlik soati joriy etildi. Qozog‘istonga KXShT tinchlikparvar kuchlari yuborildi.

Mavzuga oid