Nazarboyev siyosiy islohotlarni sekinlashtirib turgandi - Ekspert bilan intervyu
Siyosiy tahlilchi Qozog‘istondagi namoyishlar oqibati bo‘yicha ehtimoliy ssenariylarni taxmin qildi.
O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari yakuni bilan mamlakatda yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar bo‘yicha bir necha xil ssenariylarni taxmin qildi.
«Bu juda katta va murakkab savol. Bu savolga hatto buyuk olimlar ham aniq javob berolmasa kerak. Prognoz - bu juda og‘ir ish.
Nazarimda, eng birinchi va shubha tug‘dirmaydigan xulosa – Nazarboyevning davri tugadi. Ya’ni Nursulton Nazarboyev siyosiy sahnadan butkul g‘oyib bo‘ldi. Uning Qozog‘istondagi soyasi yo‘qoldi.
Ikkinchidan, agar qozoq birodarlarimiz oqilona ish qilsa, Qozog‘istonga cheklangan muddatga kelgan KXShT kuchlari u yerni tark etadi. Chunki ularga boshqa ish qolmaydi.
Fikrimcha, qozog‘istonliklar ham buni tushunib turibdi, vaziyatni keskinlashtirishning keragi yo‘q.
Uchinchidan, To‘qayevning siyosiy qiyofasi, obro‘si va taqdiri masalasi. Nazarboyev ketgani bilan amalda u ancha-muncha qaltis ishlarini qilishga ulgurdi (mamlakatga KXShT kuchlarining kirishi nazarda tutilmoqda – tahr). Shu ishlardan keyin savol tug‘iladiki, tinchlik, osoyishtalikni ta’minlashda To‘qayevning xizmati bo‘lmabdi-da?
Chunki mamlakatdagi milliy huquqni muhofaza qiluvchi kuchlar bilan tinchlikni ta’minlashga uning qurbi yetmadi. Moskvaga, KXShTga muhtoj bo‘lib qolibdi-da degan savollar o‘rtaga chiqaveradi. Bu bilan uning siyosiy portretiga ham ayrim dog‘lar tushdi. Endi uning siyosiy portreti haqidagi savollar ko‘tarilaveradi.
Balki To‘qayev keyingi saylovgacha prezident bo‘lib qolar, lekin uning xalq oldidagi obro‘yiga sezilarli ta’sir bo‘ldi», deydi tahlilchi.
Farhod Tolipovning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘istonda kutilayotgan yana bir o‘zgarish bu siyosiy tranzitning (islohotlar borishi) avj olishi bilan bog‘liq.
«Agar shu paytgacha Nursulton Nazarboyev mamlakatdagi siyosiy islohotlarni «tormoz» sifatida sekinlashtirib turgan bo‘lsa, endi ularning tezligi oshadi.
Bu bilan To‘qayev o‘z siyosiy portretiga tushgan dog‘larni o‘chirishga harakat ham qiladi. Chunki o‘tgan voqealar Qozog‘istonda siyosiy islohotlarga zarurat borligini to‘la ko‘rsatib berdi.
Balki endilikda siyosiy muxolifatga ham yo‘l berilar. Hozir Qozog‘istonning yagona muxolif lideri Muxtor Ablyazov quvg‘inda. Lekin umi, boshqasimi siyosiy plyuralizm va demokratik islohotlarning vaqti keldi.
Nazarboyev bu islohotlardan shu paytgacha avtoritar tizimi orqali qochib kelgan bo‘lsa, To‘qayev qocholmaydi. U bunga majbur, chunki xalqi «pishdi». Xalq ongi siyosiy tafakkur va g‘oyalar bilan yo‘g‘rildi. Umuman, bu kabi g‘oyalar ularda avval ham bo‘lgan, chunki bu qozoqlarning birinchi bor chiqish qilishi emas.
Ya’ni, mamlakatda siyosiy islohotlar davri keldi», — deydi tahlilchi.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
16:30 / 13.12.2024
Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyev hayotiga oid ma’lumotlar maxfiylashtiriladi
17:04 / 11.12.2024
Qozog‘istonda kuydirgi sababli chorva uchun majburiy karantin joriy etildi
18:42 / 30.08.2024
Nazarboyevning sobiq kelini odam o‘g‘irlashda ayblanib, 12 yilga qamaldi
22:01 / 16.08.2024