O‘zbekiston | 17:19 / 15.01.2022
283375
6 daqiqa o‘qiladi

Umra – 2022: Narxlar, navbatlar, uchish vaqtlari va vaksinalar

22 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlaridan iborat birinchi guruh pandemiya davridagi ilk Umra ziyoratiga jo‘nab ketadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi narxlar va boshqa ma’lumotlarni e’lon qildi.

Foto: AP

Umra safari qachondan boshlanadi?

2022 yil 22 yanvar kuni birinchi reysni Saudiya Arabistoniga uchirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shundan so‘ng 25, 28 yanvar kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi.

Kelgusida muborak safarga reyslarni sezilarli darajada oshirib boriladi.

Boshlanayotgan umra safariga qachon ro‘yxatga yozilgan fuqarolar jo‘natiladi?

Joriy umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun to‘lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.

Umra to‘lovi qancha etib belgilandi?

Qayd etganimizdek, pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to‘lovlarni amalga oshirganlar qo‘shimcha ravishda 4 770 000 so‘m mablag‘ to‘laydi.

Ushbu qo‘shimcha to‘lovni belgilashda, mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o‘rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o‘rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarni ta’minlash, 15 foiz Saudiya QQS solig‘i kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarimizga xizmat qiladi.

Mazkur to‘lovlar amalga oshirishda ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida, “Aloqabank” ATning barcha filiallarida har kuni, hatto shanba va yakshanba kunlari ham qabul qilinadi.

  • Ma’lumot uchun, 2020 yil boshida Umra ziyorati uchun to‘lov miqdori 13 mln so‘m atrofida belgilangan edi. O‘zbekiston musulmonlar idorasining bugungi axborotida endi navbatga yozilayotganlar uchun to‘lov miqdoriga aniqlik kiritilmagan. Pandemiyadan oldin to‘lov qilganlar 4,8 mln so‘mga yaqin qo‘shimcha to‘lov qilayotganidan kelib chiqilsa, yangi narx 17,8 mln so‘m atrofida etib belgilanganini taxmin qilish mumkin.

Ziyoratchilar uchun qaysi vaksina bilan emlanish talab etiladi?

Umra safariga boruvchi fuqaro COVID-19ga qarshi Astra-Zeneca, Moderna, Pfizer yoki Jonson & Jonson vaksinalari bilan to‘liq emlanib, sertifikatga ega bo‘lishi lozim.

Talab qilingan vaksinalarni emas, balki Sputnik V va O‘zbekiston-Xitoy kabi vaksinalar bilan to‘liq emlangan fuqarolar yuqorida sanalgan vaksinalardan biri bilan 1 marta emlanishi kifoya qiladi.

Saudiya Arabistonida umra amalini ado etish qilish uchun dastur orqali navbatga turish tartibi qanday?

Har bir ziyoratchida smartfon bo‘lishi talab etiladi. Android telefon uchun “PlayMarket” va IOS mobil qurilma uchun “AppStore”dan “توكلنا” (“Tawakkalna”) va “اعتمرنا” – (“ Eatmarna”) elektron dasturlari yuklangan bo‘lishi lozim.

Mazkur dasturlar telefonda “geolokatsiya” va “internet” yoqilgandagina ishlaydi. Bu dasturlar ziyoratchi Saudiya Arabistoni davlat chegarasidan o‘tib, Madina shahrida tegishli ma’lumotlar bilan to‘ldirilgandan keyingina ishga tushadi.

Ziyoratchi Saudiyaga yetib borishi bilan Saudiya mobil aloqa operatori sim kartasini xarid qiladi va internet to‘plamini ishga tushiradi. Sim kartani aeroportda yoki Madina shahridagi mehmonxonada xarid qilish mumkin bo‘ladi.

“Umra qilish mobil dasturi” ziyoratchiga 1 martagina umra amalini bajarishga va faqat 5 mahal namozga chiqishiga ruxsat berishi mumkin. Qayta umra qilish uchun “Tawakkalna” va “Eatmarna” orqali so‘rovnoma beriladi. Tizim ruxsat bergan muddatda “Oisha ona” – Tan’iym masjididan ehromga kirib keyin yana umra amalini ado etishi mumkin.

Saudiya Arabistonida qanday karantin talablari o‘rnatilgan?

Saudiya Arabistoni hududiga umra ziyorati uchun kirayotgan xorijlik fuqaro talab etilgan vaksinalar bilan emlangan bo‘lib, bu to‘g‘ridagi sertifikatga va 48 soatlik PsR testiga ega bo‘lishi, ziyoratchi o‘zi bilan 30 ta tibbiy niqob olishi (har 4 soatda almashtirish uchun) va Saudiya Arabistonida doimiy tibbiy niqobda yurishi va oraliq masofaga rioya qilinishi belgilangan.

Ta’kidlash kerakki, tibbiy niqob taqmaganlik uchun 300 AQSh dollari miqdorida jarima belgilagan. Ziyoratchilar umra safari yakunida ona-Vatanga qaytishdan avval o‘z hisoblaridan Makka shahridagi mehmonxonada PsR test topshirishlari kerak bo‘ladi.

Umra safari uchun yangi navbatlar qayerda yoziladi?

18 yoshdan katta bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi umra safariga borish uchun o‘zi ro‘yxatda turgan mahalla fuqarolar yig‘iniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan chiqib, umra safari uchun ochilgan maxsus daftarga ro‘yxatga yoziladi va shu haqdagi ma’lumotnomani oladi. Ushbu daftar bo‘yicha navbati kelgan fuqaroni MFY tuman-shaharga tavsiya beradi. So‘ng hududdagi poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Natijalar yaxshi chiqsa, umra uchun belgilangan to‘lov summasini to‘laydi.

Shuningdek, xorijga chiqish pasporti, tibbiy ko‘rikdan o‘tgani, vaksina olgani to‘g‘risidagi ma’lumot va sertifikat va to‘lov qog‘ozining nusxasini taqdim qiladi.

  • 5 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuzgan edi.
  • Shundan so‘ng, hududlarda pandemiyadan oldin navbatda turgan fuqarolar ro‘yxatlarini shakllantirish, aviaqatnov jadvallarini ishlab chiqish, qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

Mavzuga oid