O‘zbekiston | 19:10 / 18.01.2022
17628
10 daqiqa o‘qiladi

“Geografiya” fani soatlari qisqargani yo‘q - XTV

Maktablarning “Geografiya” fani o‘qituvchilari dars soatlarining qisqarayotganidan shikoyat qilmoqda. Kun.uz muxbiri o‘qituvchilardan biri bilan suhbatlashdi. Xalq ta’limi vazirligi masala yuzasidan izoh berdi.

Foto: Shutterstock

Vazirlik izohiga ko‘ra, dars soatlaridagi o‘zgarishlar 2022/23 o‘quv yilidan boshlab 1–6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinishi bilan bog‘liq.

Yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo va astronomiya fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning dastlabki ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

“Endilikda bu fanlarga oid bilim va ko‘nikmalar o‘quvchilarda 1-sinfdan boshlab shakllantiriladi. Milliy o‘quv dasturi doirasida o‘quvchilarda “Tabiiy fanlar” fani orqali shakllanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar har bir sinf kesimida belgilandi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Ta’kidlanishicha, o‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda yetarli ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishlari uchun, xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars soatlarini boshlang‘ich sinflarda ko‘paytirishga ehtiyoj tug‘ilgan. Shu munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan (jami 6 soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona, haftasiga 3 soatlik “Tabiiy fanlar” kiritilgan.

Qolgan haftalik 3 soat “Tabiiy fanlar” doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga o‘tkazildi. Ya’ni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat qo‘shib berilgan.

“Maktabda geografiya fanidan berilishi zarur bo‘lgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yo‘q.

Boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular “Tabiiy fanlar”ga singdirilgan, umuman dasturda esa, geografiya faniga oid mavzular 291 ta mavzudan 387 ta mavzuga, ya’ni 96 ta mavzuga ko‘paygan.

Shu nuqtayi nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yo‘qolish xavfi ostidagi xulosalar asossiz”, – deyiladi Xalq ta’limi vazirligi bayonotida.

XTV “Tabiiy fanlar” jahondagi “aksariyat rivojlangan davlatlarda” borligini ta’kidlab, Buyuk Britaniyada tabiiy fanlar 1–6-sinflarda integratsiya qilingan holda, yagona fan sifatida o‘qitilishini misol keltirgan.

Ta’kidlanishicha, Milliy o‘quv dasturida aynan “Geografiya” fanidan haftalik 8 soat dars o‘tilishi belgilangan. Bu fan o‘qituvchilari “Tabiiy fanlar” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlasa, 11 soat dars berish imkoniga ega bo‘ladi. Natijada, amaldagi haftalik 10 soat o‘rniga, 11 soat dars berishlari mumkin.

“Shu bilan birga, vazirlik dasturni xalqaro talablar asosida zamonaviylashtirish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni inobatga olgan holda, o‘quvchilarda iqtisodiy bilimlarni yanada oshirish maqsadida qo‘shimcha soat ajratish bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganmoqda.

Mazkur yo‘nalishda qo‘shimcha dars joriy qilinsa, bu ham geografiya o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi”, – deyiladi Xalq ta’limi vazirligi rasmiy axborotida.

“To‘liq stavkada ishlovchi o‘qituvchilar kamayib ketishi mumkin”

Kun.uz muxbiri XTV bayonoti e’lon qilinmasidan avval Toshkent shahridagi maktablardan birida geografiya fanidan dars beruvchi Bunyodjon Nosirov bilan suhbatlashgan edi. Bunyodjon – O‘zMU magistraturasini tamomlagan, mustaqil tadqiqotchi. 3 yildan buyon maktabda “Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari” fanidan dars beradi.

— Bunyodjon, ayni paytda geografiya fani o‘qituvchilari duch kelgan muammo haqida qisqa tushuntirish bering.

— Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 24 dekabrdagi 414-son buyrug‘ida 2022-2023 o‘quv yillariga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasi keltirilgan. Bu rejada tabiiy fan o‘qituvchilari dars soatlarining keskin kamaytirilishi biologiya, fizika, ayniqsa geografiya fani o‘qituvchilarining noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Chunki bu kamaytirishning asosiy qismi geografiya faniga to‘g‘ri kelyapti.

3 yildirki “Geografiya” fani dars soatlari ketma-ket qisqartirib kelinmoqda. Bu yil 6-sinfda “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinishi sabab butun 7-8-9-10-11 sinflarda ham geografiya dars soatlari qisqartirilishi biz geograf o‘qituvchilar uchun katta muammoga aylandi. Chunki qisqartirish asosan “Geografiya” fani hisobiga bo‘lib, Science fanidan barcha tabiiy fan o‘qituvchilari dars o‘tishlari mumkin. Axir 1 stavka 20 soat bo‘lsa, 2022-2023 o‘quv yilidagi qisqartirishdan keyin respublikamizning juda ko‘plab maktablarida to‘liq stavkada ishlovchi pedagoglar soni keskin kamayib ketadi. Bu esa yana maktabdan o‘qituvchilarning, ayniqsa erkak o‘qituvchilarning ketishi, qo‘shimcha faoliyat bilan ko‘proq band bo‘lish, bilim saviyasi pasayishi, aholi orasida norasmiy ishsizlik va kambag‘allik ortishiga olib keladi.

— Bu haqda ogohlantirilganmidingiz? Nega bunday qarorga kelindi, deb o‘ylaysiz?

— Bu haqda dastlab prezidentimiz tomonidan tabiiy fanlarni o‘qitishni rivojlantirish va ta’lim tizimida yagona Science fanini joriy qilish to‘g‘risidagi qarorlari orqali biroz xabardor bo‘lgan edik. Lekin 1ta fan orqali bu darajada qisqartirish bo‘lishini hech kim o‘ylab ham ko‘rmagan edi. To‘g‘ri, xalqaro tajriba samaralidir, lekin rivojlanayotgan, aholi soni va ishsizlik yetarli darajada bo‘lgan mamlakatimiz uchun xorij tajribasini moslashtirish o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash, shuncha pedagogni ishsizlik botqog‘iga tashlash (aynan ishsiz bo‘lmasa ham, avvalgi dars soatlari teng 2 baravarga kamayadi), qanchalik to‘g‘ri ekan?

Xorijda o‘z mamlakati chegarasi, chegaradosh davlatlari, bu davlatlarning tabiiy, iqtisodiy, siyosiy, harbiy holati, jahondagi resurslar, aholi, oziq-ovqat, ekologik muammolar haqida geografiya darslarida o‘rgatiladi. Bizda esa yildan yilga dars soatlari kamaytirilishi sabab maktab bitiruvchilarimiz IELTS olib Koreya, AQSh yoki boshqa davlatga hujjat topshiradi, o‘qishga kiradi, lekin xaritadan o‘zi o‘qishga kirgan davlatni topa olmaydi, u davlatning iqlimi, joylashuvi, shaharlari, hozirgi holati haqida hech qanday bilimga ega emas.

Agar yaxshilab e’tibor bersak, global iqlim o‘zgarishi, tinch qo‘shnichilik, xalqaro savdo munosabatlari, ekologik muammolar xalqaro ta’lim tajribasida ko‘p o‘qitiladi, alohida urg‘u beriladi. Bizda esa, aksincha, yildan yilga aynan shu zaruriy bilimlar beruvchi geografiya fani qisqarib bormoqda.

— Qayerlarga murojaat qildingiz?

— Bu holat bo‘yicha rasmiy tarzda Xalq ta’lim vazirligi ishonch telefonlariga, XTV saytiga, Prezident xalq qabulxonalariga (Prezident portaliga) 100ga yaqin murojaat qilindi. Lekin haligacha rasmiy tushuntirish berilmadi. Nima uchun so‘nggi yillarda bakalavr, magistratura qabul ko‘rsatkichlari 2 baravar oshirilib, ish o‘rni va dars soatlari esa aksincha buncha qisqartiriladi? Shu bo‘yicha ham murojaatlar qilingan.

— Sir bo‘lmasa, maoshingiz qancha?

— Men magistraturani tamomlab, hozirda maktabda o‘qituvchilik faoliyati, shuningdek ilmiy ishimni davom ettirish bilan shug‘ullanmoqdaman. Umumiy ish stajim 5 yil.

3 yildirki Toshkent shahrida ishlayman. Ish haqim 2 mln 700 ming so‘m atrofida. Toshkentda ijarada yashab, yana ilmiy ish yoqlayman deb harakat qilib yurgan yosh oila uchun bu pul miqdori qanchalik yetarli bo‘lishini va dars soatlarining qisqartirilishi bizga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini ham tushungandirsiz.

Dars soatlarim yaxshi bo‘lsa, oyliklarimiz 2025 yilgacha oshib 1000 dollar bo‘lsa, 2025 yilgacha oliy toifali pedagog maqomini olib, mablag‘imni ro‘zg‘orimdan orttirib, tezroq ingliz tilini o‘rganishni rejalashtirayotgandim. XTV qarori bu rejalarimni ortga surib yubordi.

— Balki ta’lim islohotlari tufayli bu qarorga kelingandir, vaqti kelib o‘zini oqlar.

— To‘g‘ri, ta’limda islohot qilish kerak, zamon rivojlanar ekan, avvalo ta’lim unga hamohang rivojlanadi va aynan ta’lim rivojlanish lokomotivi hisoblanadi. Lekin bu rivojlanish qaysidir fanni qisqartirish, kimnidir manfaati evaziga yoki yoshlarni qaysidir fanlardan bilimsiz qilish evaziga amalga oshirilmasligi kerak.

Prezidentimizning o‘qituvchilar ish haqini 2025 yilgacha 1000 dollarga yetkazish haqidagi gaplari bizga qancha kuch, shijoat va kasbga sadoqat tuyg‘ularini bag‘ishlagan bo‘lsa, XTVning bu 414-sonli buyrug‘i rag‘batlarni yana oxirgi pog‘onaga tushirib yubordi.

Buni bir mening emas, butun respublika geograflari, ko‘zlaridan uchqun chaqnagan bo‘lajak geograf abituriyentlar, talaba, magistrlar nomidan deb qabul qilishingizni hamda dars soatlarimizni o‘zgartirmasligingizni barcha mutasaddi rahbarlardan hamda yurtboshimizdan so‘raymiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid