Markaziy Osiyoda blekaut. Vazirlik svet o‘chishi sababini ma’lum qildi
Qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham svet yo‘q. O‘zbekiston energetika vazirligi elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar nima sababdan kuzatilayotganini ma’lum qildi.
Energetika vazirligi respublika elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘yicha ikki bor bayonot berdi. Dastlabki bayonotda yirik avariya sababli respublikaning Toshkentdan boshqa shaharlarida ham svet o‘chgani tasdiqlangandi.
«Bugun, 25 yanvar kuni soat 11:00da energotizimda yirik nosozlik yuzaga kelib respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.
Ayni paytda mutaxassislar tomonidan nosozlikni tiklash ishlari olib borilmoqda», deyiladi vazirlikning birinchi izohida.
Ikkinchi bayonotda ma’lum qilinishicha, avariya Qozog‘istondagi energotizimda ro‘y bergan. Hozir O‘zbekiston energetiklari stansiyalarni Qozog‘iston energotizimidan uzib, o‘chgan tarmoqlarni alohida-alohida ishga tushirmoqda.
«Soat 10:57 da Qozog‘iston Respublikasi Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi natijasida Olmaota, Chimkent, Taroz, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga keldi.
Buning natijasida Qirg‘iziston elektr tarmog‘ida, jumladan Bishkek, O‘sh va boshqa barcha shaharlarda elektr energiya o‘chishi kuzatildi.Yagona elektr tarmog‘iga ulangan O‘zbekiston elektr tarmog‘i bu avariyaning salbiy ta’siri natijasida Qozog‘istondan keluvchi 530 liniyadagi kuchlanish va chastota keskin o‘zgarishi oqibatida Toshkent GRESi, Sirdaryo GRESida avariya himoya vositalari ishlab ketib, bu ikkala stansiya ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelgan.
Natijada Farg‘ona va Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona vodiysi hududi, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari tarmoqlarida elektr energiyasi o‘chdi.
Hozirgi vaqtda qo‘shni davlat tarmoqlaridan uzgan holatda har bir TETslarni alohida ishga tushirib, bosqichma-bosqich tarmoqlarni ulab, ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.
Avariya tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda axborot beriladi», deyiladi xabarda.
Yana nima gaplar?
Taxminan soat 11:00 larda Toshkent shahri elektr energiyasida uzilish sodir bo‘lgani ma’lum qilindi. Keyinroq uzilish butun respublika hududlari bo‘ylab ro‘y bergani ma’lum bo‘ldi.
Avariya sababli Toshkent metrosi faoliyati to‘xtab qolgan.
Uy-joy va kommunal xo‘jaligi vazirligi mamlakatning ko‘plab hududlarida elektr energiyasi tizimida kuzatilgan uzilishlar bois isitish, oqova hamda ichimlik suv tarmoqlarida ham uzilishlar kuzatilishidan ogohlantirgan.
Toshkent shahar IIBB svetoforlar ishlamayotgani sababli zaruratsiz shaxsiy avtomobildan foydalanmaslikni so‘radi.
Toshkent aeroporti elektr o‘chishi sababli reyslarni qabul qilishni to‘xtatgan.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» ma’lumotiga ko‘ra, respublikada keng qamrovli elektr energiyasi ta’minoti uzilgani bois ayrim yo‘lovchi poyezdlarning o‘z manzillariga yetib borishi kechikmoqda.
«Toshshahartransxizmat» ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida elektroenergiya ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani sababli avtobuslarning harakatini kuzatib borish uchun mo‘ljallangan mobil ilovalarga ma’lumotlar uzatilishida uzilishlar bo‘lishi mumkin.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ehtimoliy avariyalarning oldini olish maqsadida gaz va elektr moslamalarini tarmoqdan vaqtincha uzib qo‘yishni so‘ramoqda.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, tez orada mobil aloqada ham uzilishlar boshlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uyali aloqa kompaniyalarning bazaviy stansiyalari svet o‘chganda, dizel generatori bilan ishlaydi. Faqat dizel yonilg‘isi 2 soatlarga yetadi, xolos.
Shu ma’noda agar elektr ta’minoti tiklanmasa, tez orada mobil aloqasida ham uzilishlar boshlanadi. Shuningdek, svet bo‘lmasa O‘zbekistonda aksariyat hududlarda suv ham bo‘lmaydi. Butun ‘vodokanal’ tizimining faoliyati nasoslar bilan ishlatiladi. Shu sababli ayni damda O‘zbekistonda svet va suv, ayrim joylarda isitish tizimi va kanalizatsiya uzildi, deyish o‘rinliroq», deb yozadi u.
Mavzuga oid
19:23 / 24.12.2024
Deputat Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga "deputat so‘rovi" yubordi
23:39 / 12.12.2024
Toshkent viloyatidagi «Chorbog‘» podstansiyasida nosozlik yuzaga keldi
17:02 / 28.11.2024
«Kafolatlanmagan tadbirkorlar». Poytaxtdagi yuzlab korxonalar gazdan uzib qo‘yildi
17:00 / 28.11.2024