Jamiyat | 13:19 / 27.01.2022
25651
3 daqiqa o‘qiladi

Toyota asoschisi foydalangan “Beshta nima uchun” qoidasi

Foto: Getty Images

“Beshta nima uchun” qoidasi – pul sarflashga oid qarorlaringiz to‘g‘riligini tekshirishning oson va samarali yo‘li. Bu qoidadan Toyota kompaniyasi asoschisi Sakichi Toyoda doim foydalangan. Korporativ moliya bo‘yicha mutaxassis Xondamir Nusratxo‘jayev u qanday ishlashini oddiy misol yordamida tushuntirib berdi.

Masalan, siz mo‘ynali palto istaysiz. O‘zingizga savol berasiz: Men nima uchun mo‘ynali palto istayman? Bu – birinchi “nima uchun”. Javob: Chunki men hammani hayratda qoldirmoqchiman.

Yaxshi, ikkinchi “nima uchun”: Nima uchun hammani hayratda qoldirmoqchisiz? Javob: Menga e’tibor qaratishlarini istayman.

Uchinchi “nima uchun”: Nima uchun insonlarning e’tiborini tortmoqchisiz? Javob: Chunki o‘zimga ishonchsizlikni his qilaman.

To‘rtinchi “nima uchun”: Nima uchun o‘zingizga ishonchsizlikni his qilasiz? Javob: Chunki o‘zimni amalga oshirolmagan deb hisoblayman, bir joyda qolib ketganman.

Beshinchi “nima uchun”: Nima uchun o‘zingizni amalga oshirolmaysiz? Javob: Chunki o‘zimga yoqmaydigan ish bilan mashg‘ulman.

Endi ayting-chi, mo‘ynali paltoning bunga daxldorligi bormi?

Sakichi Toyoda bir qarashda ko‘rinmaydigan asl sabab, beshinchi “nima uchun” ortida ekanini o‘rgatadi. Beshinchi marta aytilgan “chunki” so‘zi yashiringan asl sababni yuzaga chiqaradi. Joiz bo‘lsa, “chunki” so‘zi – bu sizning aslingizdir.

Bu yo‘l aslida yashirganlaringiz, o‘zingiz ham tan olishdan qo‘rqadiganlaringizni tekshirish, sizning haqiqiy istaklaringizni bilish va keraksizlarini tashlab yuborishga yordam beradigan juda samarali usuldir.

O‘zingizning “5 nima uchun”dan misol keltira olasizmi?

Xondamir Nusratxo‘jayevning
@chiroylimoliya Telegram-kanalidan olindi.

Mavzuga oid