O‘zbekiston | 09:33 / 10.02.2022
23001
2 daqiqa o‘qiladi

Chinoz tumani hokimi birinchi o‘rinbosari 40 000 dollar bilan ushlandi 

Chinoz tumani hokimi birinchi o‘rinbosari 40 000 dollar bilan ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Kun.uz so‘roviga javobida ma’lumot berdi.

Kun.uz’ning bir necha marotaba yo‘llangan so‘roviga asosan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinovning ma’lum qilishicha, Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari qo‘lga olindi.

So‘rovga javoban aytilishicha, u Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan sug‘oriladigan 35 gektar yer maydonini sotish va hujjatlarni tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga kelishilgan 90 000 AQSh dollaridan 40 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bilan birgalikda yer oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi “makler” ham qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi (Sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Gumonlanuvchi protsessual tartibida ushlangani aytiladi.

Avvalroq, Kun.uz Mirishkor tumani hokimining o‘rinbosari 50 ming dollar olayotganda ushlangani haqida xabar bergandi.

Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari U.Ya. yer masalalari hokimlikdan ketgan bo‘lsa-da, fuqaroning ishonchiga kirib, 80 000 AQSh dollari so‘rab, undan 50 000 dollarni olayotganda qo‘lga olingan.

Mavzuga oid