Jahon | 13:51 / 27.03.2022
50878
8 daqiqa o‘qiladi

Muzliklar shiddat bilan eriyapti: Dunyoni kutayotgan xavflar

Muzliklar quyoshdan kelayotgan nurni qaytarib, yerni salqinlatib turadi. Agar yer shari muzliklaridan ajralsa va erigan suvlar okeanlarga quyilsa, dengiz sathi keskin oshadi. Bundan tashqari, Yer o‘z o‘qi atrofida sekinroq aylana boshlaydi va 1 kun uzoqroq davom etishi mumkin.

Antarktida va Grenlandiya muzliklari ostida dunyoning kelajagi yozilyapti, deydi tadqiqotchilar. Global iqlim isishi “yer sovitkichlari” deb ataladigan muzliklarning keskin qisqarishiga sabab bo‘lyapti. O‘z navbatida muzlarning erishi iliq havo oqimini ko‘paytiradi va bu – muzliklarni yana ham tezroq erityapti.

Antarktida muzliklari / Foto: Von-Sang-Leye Korean Polar Research Instituti

Nega muzliklar Yer uchun muhim?

Muzlar quyoshdan kelayotgan issiqlikni koinotga qaytarib, yerni salqinlatib turadi. Qorong‘i okean esa issiqlikni so‘rib olishga moyil bo‘ladi. Muzlar erisa, quyosh nurlarini qaytaruvchi vosita qolmaydi va global isish tezlashadi. Agar muzlar erisa, global suv sathi ham oshadi. Xo‘sh, hamma muzliklar ham suv sathiga ta’sir qiladimi?

Suv sathini dengiz muzi va muzliklar shakllantiradi. Dengiz muzlari suvda, suv muzlashidan paydo bo‘lsa, muzliklar quruqlikda, minglab yillar davomida yerga yog‘gan qorning to‘planib, jipslashishidan hosil bo‘ladi. Arktika – dengiz muzi, Antarktida va Grenlandiya muzliklardir.

Antarktida muzliklarining erishi / Foto: Reuters

Dengiz muzining erishi xuddi shisha idishdagi muz erib, suv sathi o‘zgarmaganidek umumiy suv sig‘imini o‘zgartirmaydi. Lekin ular ko‘proq erib, iliq havo ko‘paysa, bu suvning kengayishiga ham sabab bo‘ladi va dengiz sathi oshishiga ta’sir etishi mumkin.

Muzliklar muzi erishi esa suv sathiga jiddiy ta’sir qiladi. Chunki ularning suvi erib, okeanga quyiladi. Yerdagi quruqlikning taxminan 10 foizi muzliklar bilan qoplangan. Ularning 90 foizi Antarktidada, qolgan 10 foizi esa Grenlandiyada joylashgan.

Shiddat bilan eriyotgan muzliklar

2011-2020 yillar oralig‘ida Grenlandiyada 3-5 trillion tonna muz erib ketgan. Bu – 1 yilda o‘rtacha 357 milliard tonna muz eriganini anglatadi. Hududda jami 1 million 700 ming kilometr maydon muz bilan qoplangan, agar ularning barchasi erib ketsa, dunyoda dengiz sathi 6 metrga ko‘tarilishi mumkin. Muzlar erishi oxirgi 40 yil ichida 21 foizga tezlashgan.

Shuningdek, izlanishlar bu ikki qutbda muzlarning erishi 1990 yillardagidan 6 marta tezlashganini ko‘rsatgan.

2100 yilgacha Grenlandiya muzliklarining erishi / Foto: NASA

Agar muzlarning erishi sekinlashmasa, dengiz sathi 2100 yilga borib, 71 santimetrga ko‘tarilishi mumkin. Bu – qirg‘oqbo‘yi davlatlari yo‘q bo‘lib ketishi mumkin degani. Chunki insoniyatning qariyb 1/3 qismi qirg‘oq chizig‘idan 100 kilometr uzoqlikda yashaydi. Masalan, Tinch okeanida joylashgan Tuvalu va Marshall orol-davlatlari shundaylardan birinchilari bo‘lishi mumkin.

Muzlar erishining kun uzunligiga ta’siri

Yer aylanish o‘qining Yer yuzi bilan tutashgan ikki nuqtasi Yerning qutblari deb ataladi. Yer qutblari ikkita – Shimoliy va Janubiy qutblar. Janubiy qutbda Antarktida, Shimoliy qutbda Grenlandiya muz massalari joylashgan. Agar Yerning aylanish o‘qi atrofidagi massalar ko‘p bo‘lsa, Yer tezroq aylanadi. Agar shu massalar kamaysa, Yer sekin aylanadi. Bu yerda muhim narsa, deylik shu muzliklar yoki dengiz muzlari erisa-yu, o‘z joyida qolaversa, bu – Yerning aylanishiga ta’sir qilmaydi. Lekin ular erib, okeanlarga oqib tusha boshlasa, Yerning aylanish o‘qi atrofida massalar kamayadi va Yer sekinroq aylanadi. Bu – 1 kun uzoqroq davom etishini angladi. Masalan, Grenlandiyadagi barcha muzliklar erib, okeanga oqib ketsa, global dengiz sathi 7 metrga ko‘tariladi va 1 kun hozirgidan 2 millisekund ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi / Foto: NASA

Global isish sabab Arktika dengiz muzi har o‘n yilda deyarli 13 foizga erib boryapti. So‘nggi 30 yilda esa Arktikadagi eng qadimgi va eng qalin muzning 95 foizi erib ketdi. Isish to‘xtamasa, Arktika 2040 yilda yozini muzsiz o‘tkazishi mumkin.

Muzliklar ostidan erishni boshlagan

Yangi tadqiqotlarga ko‘ra, muzliklar yangicha erish bosqichiga o‘tgan. Shu paytgacha muzlarning erishini sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rib, qachon qancha muz erishi haqida ma’lumot to‘planardi. Endi muzlar asosidan boshlab erishni boshlagan. Bu – “bazaviy erish” deyiladi.

2018 yilgi tadqiqotga ko‘ra, har 40 soatda Antarktida milliard tonnalab muzni yo‘qotadi.

Grenlandiya muzliklarining erishi / Foto: ESA

“Bu yo‘qotishlarning aksariyatini kuzatish qiyin. Chunki biz sun’iy yo‘ldoshlardan muzning ma’lum hududlarda sezilarli darajada yupqalashganini ko‘rishimiz mumkin. Lekin hozir erish yuzadan emas, balki pastdan yuqoriga qarab sodir bo‘lmoqda”, – degan Britaniya Antarktika tadqiqotining geofizigi Robert Larter.

Odatda muz qoyalarining yuza qismi o‘ta silliq bo‘ladi. Geophysical Research Letters tadqiqotiga ko‘ra, muzlar ostidan erishni boshlasa, ularning yuzasi dag‘allashadi. Ya’ni muz ostining erish darajasini muz yuzasining silliqligini tekshirib bilish mumkin.

Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi (The National Oceanic and Atmospheric Administration – NOAA) ma’lumotiga ko‘ra, keyingi 30 yilda Qo‘shma Shtatlar qirg‘oqlarida dengizlar sathi 25-30 santimetr ko‘tarilishi mumkin.

Arktika dengiz muzlari / Foto: NASA

NOAA milliy okean xizmati direktori Nikol LeByof 2050 yilga borib, suv toshqinlari hozirgidan 10 martadan ko‘proq sodir bo‘lishini aytmoqda. Bu – ayrim joylarda 2-5 yilda yuz beradigan tabiat hodisasi har yili bir necha marotaba sodir bo‘lishini anglatadi.

Yerni kutayotgan ofatlar

Global dengiz sathi 1900 yildan beri 17-18 santimetr ko‘tarilgan va ko‘tarilishda davom etyapti. Bu qirg‘oqbo‘yi davlatlar va kichik orol davlatlarda toshqin, bo‘ron kabi ekstremal tabiat hodisalarini ko‘paytirishi mumkin.

Shuningdek, qutbiy o‘zgarishlar iliq oqimlarni ko‘paytiradi, natijada taxmin qilib bo‘lmaydigan ob-havo paydo bo‘ladi. Bu esa global oziq-ovqat sistemasiga juda katta zarar yetkazadi. Oziq-ovqat narxlari ko‘tariladi, dunyoning zaif davlatlariga ocharchilik xavf soladi.

Muzlar erishi bilan Arktika tomon yangi suv yo‘llari ochiladi. Yangi yo‘nalishlar vaqtni tejashi mumkin, ammo sayohatlar juda xavfli bo‘ladi. Kemalar halokati yoki neftning suvga oqib ketishi ekipajni qutqarishni imkonsiz qilib qo‘yishi mumkin.

Dengiz muzlarida yashaydigan hayvonlar muzlarning erishiga moslashadi yoki halok bo‘ladi. Qutb ayiqlari, morjlar, arktika tulkilar, qorli boyqushlar, bug‘ular va boshqa turlar uchun fojia yuz berishi mumkin.

Erigan muzda qolgan qutb ayig‘i / Foto: Getty Images

Arktika va quruqlikdagi muzliklar o‘zida katta miqdorda metan va issiqxona gazlarini saqlaydi. Muzlar eriganda bu gazlar ham tarqalib, global isish yana ham tezlashadi. Issiq esa muzlarning o‘zini yana ham tezroq erita boshlaydi va biz hozirgidan ham g‘ayritabiiy iqlim o‘zgarishlariga guvoh bo‘lib boraveramiz. 

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid