O‘zbekiston | 13:15 / 09.04.2022
12170
3 daqiqa o‘qiladi

Parkentdan XV–XVI asrda zarb qilingan mis tangalar topildi

Parkentning Yangi Sanganak mahallasida yashovchi fuqaro Imomali Boymaqov hovlisida issiqxona qurayotganda mis tangalar solingan sopol ko‘za topib olgan. Tangalar temuriy shahzoda Boysung‘ir Mirzo hukmronligida Samarqand, shuningdek, Buxoro va Toshkentda ham zarb qilingan.

Fanlar Akademiyasi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Parkent tumani Yangi Sanganak mahallasida yashovchi Imomali Boymaqov hovlisida limon uchun issiqxona tayyorlayotganda, tuproqlar orasidan ichiga mis tangalar solingan sopol ko‘zaga duch kelgan. Fuqaro 2021 yilning 11 mart kuni tangalar haqida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga xabar bergan.

Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Dilmurod Normurodovga ko‘ra, ishchi guruh tuzilib, mis tangalar topilgan joyda qazishma ishlari davom ettirilgan.

“Tekshirishlardan so‘ng topilmalar bir joyga jamlandi va mis tangalar sanaldi. Tangalar 1810 dona ekani aniq bo‘ldi. Zang bosib, ko‘kimtir tusga kirib qolgan, diametri 34–36 mm bo‘lgan tangalardan biri tozalandi. Uning har ikkala tomoniga ham qavariq shaklida arab yozuvida bitilgan matn va bezaklar tushirilgan”, – deydi muzey ilmiy xodimi.

Tanganing old tomoni: qavariq shakldagi 2 qatorli to‘rtta to‘rtburchakning bir-biriga tutashishi natijasida hosil bo‘lgan kvadratli hoshiya-bezak ichiga arab harflaridagi zarb Samarqand (ضرب سمرقند – Samarqandda zarb qilingan) so‘zi tushirilgan.

Tanganing orqa tomoni: qavariq halqa ichidagi arab harflari ustidan qayta zarb urilgan.

Dilmurod Normurodov xuddi shunday tangalar Samarqandni 1495–1497 yillarda boshqargan temuriy shahzoda Boysung‘ir Mirzo hukmronligi davrida Samarqand zarbxonasida zarb qilingani isbotlanganini bildirdi.

Normurodovning izohlashicha, o‘rganilgan tangalarda hukmdor nomi yozilmagani davrdagi tez-tez hokimiyat almashinuvlari bilan bog‘liq. 

Shuningdek, tangalarning bir qismi XV asrning oxiri – XVI asrlarda Buxoro va Toshkentda zarb qilingani ham aniqlangan. Ularni kim ko‘mgani haqida hech nima ma’lum emas.

Tangalarning 330 donasi Amir Temur tavalludining 686 yilligi munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil qilingan “Yangi Sanganak” xazinasi nomli ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Mavzuga oid