Jahon | 20:50 / 11.04.2022
23273
6 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston bug‘doy va un eksportiga kvota kiritdi

Qozog‘iston hukumati ichki bozorda taqchillik yuzaga kelishining oldini olish uchun bug‘doy va unning ikki oylik eksportiga kvota kiritdi. 15 apreldan 15 iyungacha ko‘pi bilan 1 mln tonna bug‘doy va 300 ming tonna eksport qilinishi mumkin. Avvalroq O‘zbekiston hukumati Qozog‘istondan 100 ming tonna bug‘doy import qilish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi.

Foto: TASS

15 apreldan boshlab Qozog‘istonda bug‘doy va un eksportiga cheklov joriy etiladi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar bermoqda.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Aydarbek Saparovning so‘zlariga ko‘ra, bu cheklov ichki bozorda taqchillik yuzaga kelishi va un ishlab chiqaruvchi korxonalar zo‘riqishining oldini olish uchun kiritilgan.

“2022 yil 1 aprelda Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya 15 apreldan 15 iyungacha bug‘doy va un eksporti uchun kvotalar joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bug‘doy uchun kvota 1 million tonna, un uchun 300 ming tonnadan iborat bo‘ladi”, degan u onlayn brifingda.

Nega Qozog‘iston bug‘doy va un eksportini cheklayapti?

Mart oyining o‘rtalaridan boshlab Rossiyada bug‘doy eksportiga taqiq joriy qilindi. Bu cheklovlar YeOII mamlakatlariga nisbatan ham joriy yilning 30 iyunigacha amalda bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Qozog‘iston bug‘doy yetishtirish bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri hisoblansa-da, mamlakatga ma’lum miqdorda Rossiyadan don mahsulotlari import qilinardi. 2021 yilda Qozog‘istonda g‘alla hosili me’yordan taxminan chorak baravarga kam bo‘lgan. Bu esa bug‘doy eksportini boj yoki kvotalar orqali cheklash masalasini kun tartibiga chiqargan.

Ammo Rossiyadan Qozog‘istonga katta miqdorda bug‘doy eksport qilinishi (YeOII doirasida tovar yetkazib berishda eksport bojlari olinmasligi hisobiga ham Rossiyadan import qilish narxlarni qimmatlashtirmaydi) mamlakat ichki bozorini sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlagan. Raqobat vujudga kelishi narxlarning barqarorligini ta’minlagan va Qozog‘istonda yetishtirilgan don mahsulotlarining bir qismi Markaziy Osiyo davlatlariga (xususan, O‘zbekistonga) eksport qilingan.

Hozirgi vaziyatda Rossiyadan don mahsulotlari kelishining to‘xtashi natijasida joriy yilgi hosil yig‘imidan oldin narxlar oshib ketishining oldini olish maqsadida kvotalar joriy qilinayotgan bo‘lishi mumkin.

Mart oyida bug‘doy narxi qariyb 20 foizga qimmatlashgan

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hisobotiga ko‘ra, mart oyida don mahsulotlari narxi 17,1 foizga (xususan, bug‘doy narxi 19,7 foizga) qimmatlashgan.

Ta’kidlanishicha, bug‘doy va boshqa donli ekinlar narxining oshishi bevosita Ukrainadagi urush bilan bog‘liq. Chunki so‘nggi uch yil ichida jahondagi bug‘doy eksportining qariyb 30 foizi Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, AQShdagi ekinlar holati bilan bog‘liq xavotirlar ham bug‘doy narxlari oshishini yanada qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zbekiston ichki bozorining Qozog‘istondan bug‘doy va un importiga bog‘liqlik darajasi

O‘zbekistonga don mahsulotlari va un asosan Qozog‘istondan import qilinadi. 2021 yilda Qozog‘istondan O‘zbekistonga don mahsulotlari yetkazib berish hajmi 648,3 mln dollarni (umumiy don importining qariyb 98 foizi), un yetkazib berish esa 92,9 mln dollarni (umumiy import ulushining 97 foizi) tashkil qilgan.

2022 yilning yanvar-fevral oyidagi ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak ham, Qozog‘istondan 113,1 mln dollarlik 436 ming tonna bug‘doy (ushbu davr mobaynidagi umumiy importning 100 foizi) va 15,9 mln dollarlik 51,3 ming tonna bug‘doy uni ( umumiy importning 97 foizi) olib kelingan. Raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston ichki bozorini don mahsulotlari va un bilan ta’minlashda Qozog‘istondan import muhim ahamiyat kasb etadi.

Avvalroq, Vazirlar Mahkamasining 31 martdagi “Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022 yil aprel-iyul oylarida Qozog‘istondan 100 ming tonna 3-sinf bug‘doyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish ko‘zda tutilgandi.

1 apreldagi qarorda, bu borada “O‘zdavzaxira” qo‘mitasi va Qozog‘istonning “Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya” milliy kompaniyasi o‘rtasida shartnoma tuzilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur shartnoma Qozog‘iston tomoni kvota kiritguniga qadar imzolangani yuzasidan hozircha ma’lum yo‘q.

Hukumat qarorida, shuningdek, yana 500 ming tonna bug‘doy importiga zaruratni o‘rganib chiqish vazifasi ham belgilangan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda O‘zbekistonda 6 mln 656 ming tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lib, shundan 2 mln 533 ming tonnasi respublika don zaxiralari uchun “O‘zdonmahsulot” AJ hududiy korxonalarida jamg‘arilgan, 4 mln 123 ming tonnasi esa fermer va aholi ixtiyorida qolgan.

Mavzuga oid