O‘zbekiston | 16:48 / 18.04.2022
10769
2 daqiqa o‘qiladi

Zarbdor tumani hokimligi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Hokimlik mansabdorlariga Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat prokuraturasi tomonidan mavjud sun’iy baliqchilik havzalarida prezidentning 2022 yil 13 yanvardagi “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish ishlari olib borilgan.

Tekshirish jarayonida aniqlanishicha, Zarbdor tuman hokimining tegishli qarori bilan Ch.N. rahbarligidagi “M.P.” xususiy korxonasiga baliqchilikni rivojlantirish maqsadida sun’iy havza yaratish uchun jami 20 gektar suvli yer ijaraga ajratilgan.

Tuman hokimligi mas’ul mansabdor shaxslari tomonidan monitoring ishlari o‘tkazilmagani oqibatida “M.P.” xususiy korxona rahbari Ch.N. o‘ziga ajratilgan yerdan tashqari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan 48 ball bonitetiga ega bo‘lgan jami 9 gektar yer maydonini noqonuniy egallab, davlat va jamiyat manfaatlariga 4 milliard 400 million so‘m zarar yetkazgan.

Ayni paytda, mazkur holat yuzasidan Zarbdor tuman hokimligi mas’ul mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda “M.P.” xususiy korxona rahbari Ch.N.ga nisbatan 192-11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid