O‘zbekiston | 21:35 / 11.05.2022
8980
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi tiklanmoqda

15 maydan Nukus - Beyneu - Nukus yo‘nalishida, 16 maydan e’tiboran Olma-ota-2 – Toshkent – Olma-ota-2 yo‘nalishlarida temiryo‘l qatnovi boshlanadi. Reyslar haftasiga uch marta amalga oshiriladi.

Foto: railways.kz

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi, “Qazaqstan temir joly” bilan kelishilgan holda, yo‘lovchi poyezdlari qatnovi tiklanishini e’lon qildi. 

15 may kuni 647/648-sonli Nukus — Beyneu — Nukus yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining qatnovni boshlanadi.

16 maydan boshlab esa Olma-ota-2 – Toshkent – Olma-ota-2 yo‘nalishida 1/2-sonli (“Tulpar-Talgo”) poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu reyslarning davriyligi Toshkentdan haftasiga 3 marta “Toshkent-Markaziy” vokzalidan amalga oshiriladi.

Chiptalarni elektron tarzda hamda temir yo‘l kassalarida sotib olish mumkin. Qozog‘iston chegarasidan o‘tish uchun elektron chiptani A4 formatidagi qog‘ozga chiqarib olish lozim.

“Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma bosqich ochilishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma’lumotlar byurosidan bilib olish mumkin.

Qozog‘istonga kirish uchun PZR-test topshirish kerak

Qozog‘iston davlat chegarasidagi o‘tish punktlari orqali Qozog‘istonga kelgan barcha shaxslar PZR usuli bilan COVID-19ga test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumotnoma taqdim etishi shart (qozoq, rus yoki ingliz tilida). Mazkur ma’lumotnoma Qozog‘iston Respublikasi davlat chegarasidan o‘tishdan oldin kamida 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda bo‘lishi shart.

Quyidagi toifa shaxslardan ma’lumotnoma talab qilinmaydi:

  • Qozog‘iston bosh davlat sanitariya vrachi qaroriga asosan Qozog‘iston hududida haqiqiy deb tan olinadigan COVID-19ga qarshi emlanganlik pasporti/sertifikati/ma’lumotnomasiga ega shaxslar;
  • Qozog‘iston Respublikasida COVID-19ga qarshi revaksinatsiya yoki to‘liq emlash kursini olgan shaxslar (agar ikkinchi komponentni olganidan so‘ng Qozog‘iston Respublikasi chegarasini kesib o‘tish vaqtida 6 oydan oshmasa);
  • 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, agar ularni kuzatuvchi (birga bo‘lgan) shaxsda ushbu ma’lumotnoma mavjud bo‘lsa;
  • Qozog‘iston Respublikasi hukumat delegatsiyalari a’zolari;
  • Lokomotiv brigadalari, temir yo‘l, dengiz va daryo transporti orqali tashishlarda faoliyat olib borayotgan shaxslar.

Qozog‘istonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar hududidan, shuningdek, Ozarboyjon, Moldova, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikalaridan kelayotgan shaxslar, shu jumladan, “Puteshestvuyu bez COVID-19” ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi.

Tana harorati yuqori bo‘lgan shaxslar aniqlangan holatlarda, ma’lumotnomaning mavjudligidan qat’i nazar, yuqumli shifoxonada izolyatsiya qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga yo‘lovchi poyezdlari qatnovi 2020 yil mart oyida, COVID-19 pandemiyasi tufayli to‘xtatilgan edi.

Mavzuga oid