O‘zbekiston | 10:25 / 13.05.2022
22407
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV Jambildagi avariya bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi

Foto: Kazinform

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonning Jambil viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 12 may kuni Jambil viloyatida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida YTH sodir bo‘lgan.

Nukus-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan avtobusda 53 nafar yo‘lovchi, jumladan, 47 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etgan.

Qayd etilishicha, ayni paytda 16 nafar o‘zbekistonlik tuman kasalxonasida, jumladan 2 nafari jonlantirish bo‘limida yotibdi.

O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulligi huzurida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha shtab tuzilgan. Diplomatlar voqea joyiga borgani aytiladi.

Ta’kidlanishicha, vaziyat Bosh konsullik nazorati ostida. Huquqni muhofaza qilish organlari va tibbiyot muassasalari bilan aloqa o‘rnatilgan. Halok bo‘lganlarning jasadlarini vataniga olib borishning tashkiliy masalalari hal etilmoqda.

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulligiga +77779504422 yoki +77779504433 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.

Bundan oldin Qozog‘istonning Jambil viloyatida O‘zbekiston avtobusi avariyaga uchragani xabar berilgandi. 

Mavzuga oid