Sport | 11:27 / 23.05.2022
32053
8 daqiqa o‘qiladi

APLda qaynoq yakun: «Liverpul» chempionlikka yaqin edi, Jyerrard yana uyaltirdi

Foto: Getty Images

Angliya chempionati tarixidagi yana bir qizg‘in kechgan chempionlik poygasi yakuniga yetdi: Jyerrard Gvardiola jamoasini 2:0 hisobida ortda qoldirayotgandi, ammo bu yetarli bo‘lmadi. Yurgen Klopp mavsumni Pep Gvardioladan bir qadam ortda yakunladi.

APL. 38-tur

Liverpul – Vulverhempton 3:1 
Gollar:
 0:1 – 3 Netu, 1:1 – 24 Mane, 2:1 – 84 Saloh, 3:1 – 89 Roberson.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, Matip, Konate, Roberson, Henderson, Tiago Alkantara (Milner, 46), Keyta (Firmino, 70), Mane, Diogu Jota (Saloh, 58), Dias.
Vulverhempton – Joze Sa (Raddi, 46), Kastro, Boli, Koudi, Gomesh, Ait-Nuri, Dendonker (Trinkau, 90), Moutinyu, Ruben Nevesh, Himenes, Netu (Hvang Hi Chhan, 22).

Manchester Siti – Aston Villa 3:2 
Gollar: 
0:1 – 37 Kesh, 0:2 – 69 Koutino, 1:2 – 76 Gundo‘g‘an, 2:2 – 78 Rodri, 3:2 – 81 Gundo‘g‘an.
Manchester Siti – Ederson, Stounz, Fernandino (Zinchenko, 46), Laport, Joau Kanselu, de Bryuyne, Bernardu Silva (Gundo‘g‘an, 68), Rodri, Foden, Mahrez (Sterling, 56), Gabriel Jyezus.
Aston Villa – Olsen, Chembers, Mingz, Din, Koutino (Nakamba, 72), Makginn, Buendia (Yang, 88), Duglas Luis, Remzi (Ingz, 83), Kesh, Uotkins.
Ogohlantirishlar: Mingz (49), Nakamba (87).

Kvadrupl bo‘lmaydi

Angliya premer-ligasining aql bovar qilmas so‘nggi turining asosiy yakuni: «Liverpul»da sovrinlar bo‘yicha poker bo‘lmaydi. Ammo Yurgen Klopp fantastik yutuqqa juda yaqin keldi: Liga Kubogi va Angliya Kubogidan keyin qizillar APLda sensatsion natija ko‘rsatishi mumkin edi. Bir haftadan keyin esa Chempionlar ligasi finali — «Liverpul» ko‘z o‘ngimizda yangi tarix yozishi mumkin edi.

Ammo aynan Angliya chempionligi titulini qo‘lga kiritish eng qiyin vazifa edi. Britan orollaridagi muxlislar ham APL g‘olibligini Chempionlar ligasi kubogidan ustunroq ko‘rishadi. Bugungi «Manchester Siti»ni uning daho murabbiyi va har bir pozitsiyadagi yulduz futbolchilari bilan birga ortda qoldirish esa ideal natija bo‘lardi.

Gvardiolaning xarakteri

G‘olib bo‘lish uchun «Liverpul»ga so‘nggi turda o‘z o‘yinida «Vulverhempton»ni mag‘lub etish va «Manchester Siti» «Aston Villa» bilan o‘yinda ochko yo‘qotishiga umid qilishi kerak edi. Chempionlik uchun kurashayotgan jamoalarning raqiblarida muhim vazifa (yevrokuboklar yo‘llanmasi yoki APLda jon saqlab qolish) yo‘q edi, ammo qizillarda qo‘shimcha ustunlik bor edi: «Villa»ni klub afsonasi Stiven Jyerrard boshqarmoqda va uning qo‘li ostida Filippe Koutino o‘ynamoqda. Aynan braziliyalik futbolchi ikkinchi bo‘limda hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

«Liverpul»ning sobiq a’zolari o‘zlariga bog‘liq barcha ishni qilayotgan mahalda, qizillarning o‘zi noodatiy tarzda asabiylasha boshlashdi: ular 3-daqiqadayoq «Vulverhempton»dan gol o‘tkazib yuborishdi va tanaffusga jamoalar 1:1 hisobida chiqib ketishdi. Durang esa Kloppni qanoatlantirmasdi. Shu bilan birga, qizillar parallel kechayotgan uchrashuvda nima bo‘layotganidan xabardor edi, ammo gol ura olishmasdi. Paradoks: «Siti» juda yomon o‘ynayotgandi, ammo «Liverpul» yakuniy tur davomida bir soniyaga bo‘lsa ham onlayn turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarila olmadi.

Pep Gvardiola jamoasini tez-tez qat’iyatsizlikda ayblashadi —  murabbiy A rejani juda zo‘r tuzadi, ammo «Siti» uchrashuvning borishini o‘zgartira olmaydi, deb ishoniladi. Ammo yakshanba kuni mo‘jizalar kuni bo‘ldi va «Siti» o‘zidan talab etilgan haqiqiy erkakcha xarakter ko‘rsatdi. 75-daqiqada «shaharliklar» 0:2 hisobida yutqazayotgandi, 81-daqiqaga kelib hisob 3:2 ko‘rinishini oldi. «Liverpul» ham o‘z o‘yini yakunida g‘alaba gollarini urdi, Muhammad Saloh (Klopp uni Virjiyl van Deyk kabi YeChL finaliga asragan, ammo baribir maydonga tushirishga majbur bo‘lgandi) va Roberson o‘z nomlarini tabloga yozdirishdi, ammo endi kech edi: «Siti» o‘yinning so‘nggi qismida to‘pni burchakka olib borib, o‘yinni o‘ldirdi, Jyerrard jamoasi bunga qarshi hech narsa qila olmadi.

«Siti» munosib qo‘lga kiritgan sovrin

Final hushtagi yangraganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda «Liverpul»ning sobiq sardori qattiq zarba ostida qoldi. Barcha APLning 2013/14 yilgi mavsumidagi chempionlik poygasini esladi, o‘shanda Jyerrard «Chelsi» bilan o‘yinda toyib ketib to‘pni yo‘qotgan va Demba Ba g‘alaba golini urishiga imkon bergandi — bu gol «Liverpul»ning titul uchun imkoniyatlariga qattiq ta’sir qilgan va yakunda «Siti» g‘alabaga erishgandi. Hozirda ham Jyerrard ko‘chma ma’noda toyib ketdi: 75-daqiqagacha 2:0 hisobida ustunlik qilib, yutqazishi ko‘pchilikni ranjitdi. Bu yerda ham o‘rtaga u 26 yil hayotini bag‘ishlagan jamoaning chempionligi masalasi tikilgandi. Aytish mumkinki, agar «Villa» hech bo‘lmasa durang natijani ushlagan taqdirda ham «Liverpul» Jyerrard uchun ramziy oltin medal topshirgan bo‘lardi. Ammo bu imkon boy berildi.

«Liverpul» sovrinlar pokerisiz qoldi, «Siti» qiyinchilik bilan bo‘lsa-da Angliya chempionatida g‘olib chiqdi. Bu adolatdan bo‘ldi: Gvardiola jamoasi yozda Superkubok o‘yinida «Lester»ga yutqazgan, ichki Kuboklarda va yevrokubokda finalgacha ham yeta olmagan, shunday ekan, APL bu mavsumda sovrindor bo‘lish uchun yagona umid bo‘lib qolgandi. Gvardiola jahonning eng kuchli jamoalaridan birini qurgani haqidagi fikr bilan bahslashish qiyin. Ko‘pchilik unga tenglashishga urinadi, unga qarab yo‘nalish oladi, undan hayratlanadi. Agar «Siti» mavsumni sovrinsiz yakunlaganida g‘alati bo‘lardi. U sovringa munosib edi.

O‘yin yakunlangach «Siti» muxlislari maydonga yugurib chiqib, g‘alabani qizg‘in nishonlashdi, Gvardiola esa ko‘ziga yosh oldi.

Muxlislar shunday zo‘r chempionlik poygasiga loyiq edi. Bu 2018/19 yilgi mavsumni eslatib yubordi, o‘shanda ham barchasi so‘nggi turda hal bo‘lgan: «Liverpul» 97, «Siti» esa — 98 ochko jamg‘argan. Faqat o‘shanda qizillar mavsum o‘rtalarida asosiy raqibdan ancha oldinga chiqib ketgan, ammo yakunda barchasi boy berilgandi. Hozir esa aksincha bo‘ldi — Gvardiola Klopp jamoasiga juda yaqin kelishga imkon berdi (yanvar oyida o‘rtadagi farq 10 ochkodan ko‘proq edi), ammo unga sovrinni bermadi.

«Siti» yana birinchi, «Liverpul» esa ikkinchi. Yana bir adolatsizlik shundaki, Gvardiola Angliyaga kelganidan buyon Chempionlar ligasi g‘olibligi uchun intiladi, ammo so‘nggi besh yilda to‘rtinchi bor chempionatda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. «Liverpul» esa APLdagi birgina g‘alaba bilan kifoyalangan, lekin Klopp boshqaruvida uch bor Chempionlar ligasi finaliga chiqqan.

Mavzuga oid