Jamiyat | 17:54 / 03.06.2022
20619
4 daqiqa o‘qiladi

Biznesda risk-menejment: Xavf-xatar matritsasi

Biznes doim risklar bilan yonma-yon yuradi. Samarali risk-menejment orqali juda qimmat yo‘qotishlarning oldini olishi mumkin. Bunda, xavf-xatar matritsasi qarshingizdagi risklar haqida batafsil ma’lumot beradi. Korporativ moliya bo‘yicha mutaxassis Xondamir Nusratxo‘jayev ushbu maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.

Foto: Getty Images

Biznes yuritishda o‘ziga yarasha xavf-xatar (risk)lar mavjud va ularni katta moddiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoqimsiz, salbiy hodisalar deb ta’riflash mumkin. Ular obro‘ga, moliyaviy holatga ta’sir qilishi, soliq, valuta, narx-navo, bozor va boshqa jabhalar orqali biznesga putur yetkazishi mumkin.

Biznes kattalashib, murakkablashib borgani sari risklarni boshqarish ham qiyinlashib boradi, xavf-xatarlar salmoqli va ular yetkazishi mumkin bo‘lgan zararning yuki ham og‘irlashib boradi.

Merfi qonuniga ko‘ra, noto‘g‘ri ketishi mumkin bo‘lgan har qanday narsa, qachondir baribir izidan chiqadi. Yoki halq tili bilan aytganda, devorda osilib turgan miltiq qachonlardir o‘q uzadi.

Nimani nazarda tutayotganimni tushundingiz, chamamda... Demak, biznes egasi va boshqaruvchisining vazifasi – shu kabi ko‘ngilsiz voqealarning oldini olishdir.

Xavf-xatar tabiatiga ko‘ra, agar u boshqarilmasa, zaxarli gaz kabi barcha bo‘sh hududni egallab oladi. Xavf-xatarni boshqarish orqaga surilgani sari, xuddi sodir bo‘lish ehtimoli o‘sib borgani kabi, uning salbiy oqibatlari faqat kuchayib boradi. Shunday ekan, tashkilot egalari va rahbarlari oldida xavf-xatarlarni, ularning sodir bo‘lish ehtimolini, zarar ko‘lamini aniqlash va ularni boshqarish usullari va vositalarini takomillashtirib borish bo‘yicha uzluksiz faoliyat olib borish talab etiladi. Bu jarayon xavf-xatarni boshqarish yoki biznes tilida risk-menejment deb ataladi.

Lekin ba’zan xavf-xatarlarni kamaytirish shart emas, yo‘llarda ba’zi chuqurlarni aylanib o‘tmasdan, ularning ustidan, ularga tushmasdan o‘tib ketish mumkin bo‘lgani kabi. Ba’zan tashkilotga 10 mln so‘mlik zarar keltirishi mumkin bo‘lgan xatarga, uning ehtimoliy zararidan ancha ko‘p mehnat va resurs sarflanadi. Shu bilan birga, biznes uchun birinchi darajali xatarlar kerakli e’tiborsiz qolib ketadi.

Xavf-xatarni boshqarishdagi samarali vositalardan biri bu – xavf-xatar/risk matritsasini ishlab chiqishdir.

Xavf-xatar matritsasi – bu katta ehtimol bilan sodir bo‘ladigan va jiddiy salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni boshqarish usulidir. Bunda xavf-xatarlarning eng kattalariga yuqori ball beriladi. Tashkilot uchun ta’siri kichik va sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lmagan xavf-xatarlarga past ball qo‘yiladi va ularni o‘z holiga qo‘ysa bo‘ladi.

Aytgancha, agar biznes egasi faqat bir biznesga egalik qilsa, bir matritsa bilan kifoyalansa bo‘ladi. Agar biznes ko‘p qirrali bo‘lsa, har bir yo‘nalish uchun alohida matritsa ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir. Yirik investitsion loyihalar uchun ham har bir xavf-xatarni alohida ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.

Yuqorida keltirilgan matritsa biznes egalari va boshqaruvchilari uchun holatni baholash va ustuvor xatarlarini belgilash, xavf-xatarni boshqarish dasturini ishlab chiqishni osonlashtirish va tashkilotning xavf-xatar bilan to‘la dunyoda o‘sish va rivojlanishi uchun imkoniyat yaratib beradi.

Xondamir Nusratxo‘jayev,
Mufid moliya” kanali muallifi

Mavzuga oid