Jamiyat | 16:10 / 07.06.2022
33171
2 daqiqa o‘qiladi

TDPUning sobiq dekan o‘rinbosari nomusga tegish bo‘yicha aybsiz deb topildi

Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Bog‘abek Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ayblovning nomusga tegishga oid qismi reabilitatsiya qilingan. U jazoni manzil-koloniyada o‘taydi.

2021 yilning oktabr oyida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Professional ta’lim fakulteti binosidagi voqea bo‘yicha jinoyat ishi yuzasidan sud yakuniga yetdi.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sudlanuvchi Bog‘abek Yo‘ldoshevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni bugun, 7 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida nihoyasiga yetib, hukm e’lon qilingan.

38 yoshli Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 25,118-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 1-qismi bilan ayblanayotgan edi. Sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 25,118-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topildi.

Shu bilan birga, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo manzil-koloniyalarda o‘tattirilishi belgilandi.

Manfaatdor shaxslarga mulkiy undiruv masalasida fuqarolik sud ish yurituvi tartibida murojaat qilish lozimligi tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida TDPUda 3-kurs talabasi bo‘lgan qiz dekan o‘rinbosarining 2-qavatdagi xonasi derazasidan pastga tushib ketgan edi. Qizning yaqinlari mansabdor uni derazadan itarib yuborganini aytgandi. Yo‘ldoshev o‘sha vaqtda hibsga olingan, ko‘p o‘tmay ishdan bo‘shatilgandi.

Mavzuga oid