O‘zbekiston | 15:08 / 08.06.2022
11918
2 daqiqa o‘qiladi

Antimonopoliya qo‘mitasi “O‘zbekiston kabel televideniyesi”ga qarshi ish qo‘zg‘atdi

“O‘zbekiston kabel televideniyesi” MChJ narxlarni asossiz ravishda oshirgan va raqobat qonunchiligi talablarini buzib kelgan.

Foto: AP

Tele- va radiodasturlarni qayta uzatish xizmatlari bozoridagi raqobat qonunchiligi talablarini buzgani uchun “O‘zbekiston kabel televideniyesi” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi xabar bermoqda.

“O‘zbekiston kabel televideniyesi” xorijiy telekanallarning teledasturlar paketini shakllantirish va ularni O‘zbekiston hududida kabel va IP-televideniye faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga tarqatish xizmati bo‘yicha Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning davlat reyestriga kiritilgan.

“Maxsus komissiya tomonidan murojaatda qayd etilgan holatlar o‘rganib chiqilib, bozorda ustun mavqega ega korxona – “O‘zbekiston kabel televideniyesi” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi hamda jamiyat tomonidan adolatsiz narx qo‘llangani va raqobat qonunchiligi talablari buzilgani holatlarini bartaraf etish bo‘yicha qaror va ko‘rsatma berildi. Natijada, narxlarni sun’iy oshirish holatiga chek qo‘yildi va tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy manfaatlari himoya qilindi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, qo‘zg‘atilgan ish yakuni bo‘yicha, Maxsus komissiya tomonidan “O‘zbekiston kabel televideniyesi” MChJga xizmatlar narxlarini tartibga solish organida tasdiqlash (deklaratsiya qilish) hamda kelgusida ishlarni qonunchilik talablari doirasida davom ettirish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berilgan.

Mavzuga oid