O‘zbekiston | 17:39 / 09.06.2022
13945
8 daqiqa o‘qiladi

So‘m belgisi emas, tanlangan loyiha plagiat bo‘lishi mumkin - huquqshunos

Fransuz kompaniyasining tovar belgisi bilan bir xil bo‘lgan so‘m ramzini plagiat deb baholab bo‘lmaydi, sababi rasmiy ramzlar intellektual mulk hisoblanmaydi va ularga plagiat atamasi qo‘llanmaydi. Biroq uning loyihasi plagiat deb topilishi mumkin, chunki loyihani ham ma’lum shaxs yaratadi, deydi huquqshunos Abdumo‘min Yo‘ldoshev.

O‘tgan haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri milliy valuta – o‘zbek so‘mining rasmiy ramzi tanlab olinishi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Internet foydalanuvchilari so‘m ramzi sifatida tanlab olingan belgi 1998 yilda asos solingan va Fransiyaning Lion shahrida faoliyat yurituvchi “In-Core Systèmes” kompaniyasining logotipidan deyarli farq qilmasligini bildirib, belgi plagiatga tekshirilgan-tekshirilmagani savolini ko‘tardi. Bundan tashqari, tanlangan belgi dunyoning yana bir nechta davlatlarida mavjud logotiplarga o‘xshashligi aniqlangan.

Holatga Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti munosabat bildirib, Fransiya “In-Core Systèmes” kompaniyasi logotipi O‘zbekistonda tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagani, shu sab abli bu belgi O‘zbekistonda huquqiy muhofaza qilinmasligini ma’lum qildi.

Biz mavzu yuzasidan yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, intellektual mulk huquqi bo‘yicha mutaxassis Abdumo‘min Yo‘ldoshevning fikri bilan qiziqdik.

“O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tsa, O‘zbekistonda, Fransiyada bo‘lsa, Fransiyada...”

— “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuniga ko‘ra, tovar belgisi bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarini boshqa bir yuridik va jismoniy shaxslarning ayni shu turdagi tovar yoki xizmatlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan belgilardir.

Biror brend huquqiy muhofazaga ega bo‘lish uchun, albatta, hududiylik tamoyili asosida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Ya’ni umumiy amaliyotga ko‘ra, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan brend mamlakatimizda, Fransiyada o‘tgani esa Fransiyada muhofaza qilinadi.

Shu bilan birga, tovar belgilari Nitssa shartnomasidan kelib chiqib 45 ta sinfga ajratilgan. Ya’ni biror-bir tovar belgisi egasi o‘zi qaysi sohada faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ayni ushbu yo‘nalish uchun muhofazaga ega bo‘ladi (hammaga ma’lum tovar belgilarini istisno qilganda).

Tovar belgisiga doir qonunchilik normalariga muvofiq, Fransiya “In-Core Systèmes” kompaniyasi brendi O‘zbekistonda huquqiy muhofaza olish uchun tegishli ekspertizadan o‘tkazilishi lozim. Intellektual mulk obekti sifatida muhofaza olishda har bir davlatning qonunchiligi talablari mavjud. Xususan, Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti tomonidan ham berilgan munosabatga ko‘ra, bir qator mamlakatlarda ayni ushbu belgiga o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalanib kelinadi.

“Kim muhofazaga olsa, o‘sha himoyaga ega bo‘ladi...”

— Shu o‘rinda intellektual mulk obektlarining o‘zaro kesishuvi masalasiga ham to‘xtalib o‘tish lozim. Ya’ni ayni bir obekt bir vaqtning o‘zida bir qancha intellektual mulk huquqiy rejimi bo‘yicha muhofazaga ega bo‘ladi. Bu jihat ayniqsa mualliflik huquqi obektlari va tovar belgilari o‘rtasida ko‘p uchraydi.

Biz bu narsani ayni ushbu holatda ham ko‘rsak bo‘ladi. Masalan, rasm – O‘zbekistonning mualliflik huquqi qonunchiligi bo‘yicha tasvirli shakldagi obekt hisoblanadi. Shu bilan birga, tasvirdan iborat biror-bir brend tovar belgisi sifatida ham ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Agarda tasvirda estetik, badiiy jihatlar mavjud bo‘lsa, uni mualliflik huquqi obekti (san’at asari) sifatida muhofaza qilish mumkin. Agarda ushbu belgi tovar yoki xizmatlarning kelib chiqishi yoki ularga aloqadorlikni ifodalasa, tovar belgisi sifatida ham muhofazaga olinishi mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, agarda muhokamalarga sabab bo‘lgan tovar belgisi O‘zbekistonda huquqiy muhofazaga olinmagan bo‘lsa, boshqa bir sub’yekt ushbu belgiga muhofaza so‘rab murojaat qilib, tegishli talablarga mos bo‘lsa, guvohnoma olishi ham mumkin.

Yuzaga kelgan muhokamali masalada nafaqat tovar belgilari yoki mualliflik huquqi qonunchiligi bilan, balki “rasmiy ramz yoki belgi” nuqtayi nazaridan ham qarash lozim. Zero, intellektual mulk sohasiga doir xalqaro hujjatlarda “notijoriy maqsadlarda foydalanmaslik”, “halol tarzda” yoki “mos hajmda foydalanish” kabi muhim tushunchalar borki, bundan maqsad ayni mualliflik huquqini buzmaslik va intellektual mulkni hurmat qilishga qaratilgan.

So‘m belgisi plagiatmi yoki yo‘q?

— Qoidaga ko‘ra, biror-bir belgi (logotip) yoki ramzni tasdiqlash uchun tegishli idora tomonidan loyihalar tanlovi e’lon qilinadi. Ushbu tanlov shartlarida albatta mualliflik huquqlariga hurmat bilan qarash tamoyili ustuvor bo‘lishi talab etiladi.

Agarda ushbu tanlov g‘olibi so‘m belgisini ayni Fransiya “In-Core Systèmes” kompaniyasi brendidan olgan bo‘lsa, uni “plagiat” deb baholash mumkin. Bu yerda masala ushbu belgini intellektual mulk obekti nuqtayi nazaridan emas, balki mavjud bo‘lgan ayni boshqa bir xorijiy brendni milliy valuta timsoli sifatida foydalanish bilan bog‘liq.

“Plagiat” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “o‘g‘irlash” ma’nosini anglatib, u intellektual mulk obektlariga nisbatan ishlatiladi; biror-bir shaxsning ijodiy mahsuli yoki ishlanmasidan uning ruxsatisiz foydalanishni anglatadi. Pul belgisi mualliflik huquqi obekti hisoblanmasa-da, biroq uning loyihasiga nisbatan ayni ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik normalari qo‘llaniladi.

Shuni alohida aytib o‘tish lozimki, mamlakatimiz qonunchiligida rasmiy ramzlar va belgilar intellektual mulk obekti emas, xususan mualliflik huquqlari bilan himoyalanmaydi. Faqatgina ushbu ramz yoki belgining loyihasiga nisbatan uni ishlab chiqqan shaxsning mualliflik huquqlari mavjud (ya’ni ushbu ramz yoki belgining loyihasi muayyan shaxs tomonidan yaratilganiligi tan olinishi). Lekin rasmiy ramz yoki belgiga qonunchilikka muvofiq plagiat atamasini qo‘llash nazarda tutilmagan.

Fransuz kompaniyasi O‘zbekistondan muhofaza so‘rasa-chi?

— Agar tovar belgisi egasi bo‘lgan fransuz kompaniyasi O‘zbekistonga bu tovar belgisiga nisbatan huquqiy muhofaza so‘rab murojaat qilsa, vakolatli organ tomonidan o‘rganilib, tegishli xulosa beriladi.

O‘rganish davomida milliy qonunchilik va xalqaro hujjatlar (ya’ni haqiqatdan ham mazkur tasvirli belgi tovar belgisi sifatida Fransiyada ro‘yxatdan o‘tganligi tekshiriladi) talablari inobatga olinadi.

Shu bilan birga, Fransiya tovar belgisi O‘zbekistonda muttasil foydalanilishi natijasida tegishli iste’molchilar orasida keng ma’lum bo‘lishi tasdiqlansa, hammaga ma’lum tovar belgisi sifatida ham himoya qilinishi mumkin. Biroq buning uchun albatta, ushbu belgining O‘zbekistonda uzoq vaqt davomida foydalanilayotgani, mashhurligi va boshqa shu boshqa mezonlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid