O‘zbekiston | 11:38 / 18.06.2022
14159
3 daqiqa o‘qiladi

YeXHT O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘yicha takliflar berdi

Akmal Saidov xalqaro tashkilot bergan takliflardan ikkitasini aytib o‘tdi: prezidentlik yoki deputatlikka nomzod ko‘rsatishda respublika hududida muayyan muddat yashagani va til bilishiga oid talablarni olib tashlash hamda muomala layoqati cheklanganlarga ham saylash huquqini berish. “Keyingi muhokamalarimizda bu takliflarga ham e’tibor bersak juda yaxshi bo‘lardi”, dedi Konstitutsion komissiya raisi.

Toshkentga kelgan YeXHT DIIHB delegatsiyasi rahbari Ouen Myorfi / Rasmiy foto

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgarishlar kiritishni xalqaro tashkilotlar ham qo‘llab-quvvatlayapti, dedi Konstitutsion komissiya raisi Akmal Saidov.

Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari bu haqda ayni daqiqalarda davom etayotgan Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma majlisida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Konstitutsiyaviy islohotlarimiz nafaqat O‘zbekiston aholisini, balki xalqaro hamjamiyatni, xorijdagi fuqarolarimizni ham qiziqtirmoqda. Men xorijdagi ko‘zga ko‘ringan arboblardan ikkitasining fikrini aytmoqchi edim. Birinchisi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini, bu borada mamlakatni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.

Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati

Kuni kecha YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi uzoq muddatli missiyasi rahbari Ouen Myorfi yurtimizga tashrif buyurdi. Ular 2021 yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha o‘zlarining yakuniy xulosasini aprelda berishdi. Bu yerga kelganlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham uchrashuv bo‘ldi, barcha siyosiy partiyalarning rahbarlari, vazirliklar, saylovga aloqasi bo‘lgan hamma tashkilotlar, xususan, Markaziy saylov komissiyasi rahbarlari uchrashishdi. Ular hamma uchrashuvlarda saylov qonunchiligiga oid o‘z taklif-mulohazalarini aytishdi hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.

Lekin shu yerda bitta narsani aytib o‘tib ketay. YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi ikkita taklifni ilgari surmoqda. Birinchisi, prezidentlik yoki deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda qo‘yilgan talablar – respublika hududida muayyan muddat yashagani (o‘troqlik senzi) hamda til bilishiga oid talablarni olib tashlashimizni, bu cheklov ekanini aytishmoqda. Ikkinchisi, muomala layoqati cheklanganlarga, ya’ni aqli norasolarga ham saylash huquqini berishimizni so‘rashmoqda. Biz keyingi muhokamalarimizda bu takliflarga ham e’tibor bersak juda yaxshi bo‘lardi”, dedi Akmal Saidov.

Parlament palatalari kengashlarining qo‘shma majlisi / Foto: Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati

Avvalroq u Konstitutsiya dogma emasligi, unga Yangi O‘zbekistonga hamda uning taraqqiyotiga javob beradigan yangi qoidalarni kiritish kerakligini aytgandi.

Saidov, shuningdek, “hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yurgani”ni ta’kidlagan.

Avvalroq Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kun.uz'ga bergan intervyusida Konstitutsiya o‘zgargach, “yangi huquqiy makon yaralishi”, natijada “hamma qatori prezident Shavkat Mirziyoyevga ham saylovlarda qatnashish imkoni yaratib berilishi”ni aytgandi.

Mavzuga oid