O‘zbekiston | 16:02 / 20.06.2022
12193
7 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Sobirov – oddiy dasturchidan xalqaro servisni rivojlantirish menejyerigacha

Xalqaro IT kompaniyasida ishlash ko‘pchilikning orzusidir. Ammo maxsus ixtisoslashtirilgan ta’limsiz buni amalga oshirish mumkinmi? Buning uchun maxsus kurslarga borish va dasturchi bo‘lish shartmi?

Foto: Ilhom Sobirov

Yandeks Direkt 2001 yilda rus tilidagi Internet segmentida birinchi qidiruv reklama xizmati bo‘ldi. Endi bu ko‘plab IT va marketing mutaxassislari ishga kirishni orzu qiladigan kompaniyalardan biri. O‘zbekistonda Ilhom Sobirov servis rivojiga mas’ul bo‘lib, uning karerasi IT-industriyasiga yo‘l qanchalik notekis va ayni paytda qiziqarli bo‘lishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi. Asosiysi, o‘zingizga yoqqanini topish. Biz Ilhomga uning kasbiy tajribasiga oid savollar bilan murojaat qildik va tajribasiz mutaxassislarga maslahat va tavsiyalar berishini so‘radik.

Ilhom o‘zi haqida:

“Toshkent temiryo‘l muhandislari institutini tamomlaganman. Yandeksga kelishdan oldin men IT sohasida boy tajribaga ega bo‘ldim: dasturlash bilan shug‘ullanganman, keyin o‘zimni loyiha va mahsulot menejyeri sifatida sinab ko‘rdim. Keyinchalik xorijiy mijozlar uchun veb-xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z agentligimni ochib, SeO reklamasi va kontekstli reklama bilan shug‘ullanganman. O‘sha paytdagi yirik mahalliy loyihalar Arba hamda Bringo oziq-ovqat va tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo‘yicha taniqli onlayn-do‘konlar ishlardi. Keyinchalik o‘zim maishiy texnika va gadjetlar sotuvchi yirik internet-do‘konni boshqarib, 2021 yilda Yandeksda ishga taklif olganman”. 

Ilhom, IT'ga qiziqishingiz qanday paydo bo‘lgan?

Tog‘am menga kompyuter sovg‘a qilganida maktabda o‘qish davrida texnologiyalarga qiziqib qoldim. Esimda, uning ishlab chiqaruvchanligi 200 Mhz, operativ xotirasi esa 32 Mb edi. Maktabdan so‘ng Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi litseyga o‘qishga kirdim, o‘shanda veb-saytlar yaratishni o‘rganganman. Keyinchalik, dasturlashni Oleg Nechiporenkodan o‘rgandim – uning Yandeksga ishga kelishiga hali 10 yil bor edi, endi esa u xizmatlardan birida guruh rahbari.

Nega oqibatda veb-ishlab chiqarishdan ketib, IT sanoatining biznes tarkibiga diqqat qaratdingiz?

Dastlab men veb-saytlar yaratardim, lekin bu bilan uzoq vaqt shug‘ullanmadim. Trafik ustida ishlay boshladim, qidiruv tizimini optimallashtirish, kontekstli reklama, raqamli marketing sirlarini o‘rgandim. Yevropa va AQShdan birinchi tijorat buyurtmalarini oldim. Keyin faoliyatimni kengaytirishga yordam beradigan boshqa ko‘nikmalarga ega bo‘lishni boshladim – masalan, prodakt-menejment, rejalashtirish, mahsulotlarni ishlab chiqish va marketing. Natijada, bu tashkiliy va ko‘p qirrali rol shaxsan menga shunchaki kod yozishdan ko‘ra yaqinroq bo‘lib chiqdi.

Yandeksda ishlashni ilgari xohlaganmisiz?

2017 yilda biz, o‘zbekistonlik IT-mutaxassislar jamoasi Yevropa kompaniyalari uchun veb-xizmatlarni ishlab chiqdik va ularni internetda targ‘ib qildik, men Yandeks bilan rasman 2017 yilda do‘stlashdim. Biz Yandeks bilan hamkorlik asosida ishladik, keyin men bo‘lajak hamkasblarim bilan tanishdim. Yirik xalqaro IT kompaniyasida ishlash mening orzum bo‘lgan. Bo‘lajak hamkasblarim bilan uchrashganimdan so‘ng, Yandeksda ishlashga qiziqib qoldim. Bir necha marta rezyumemni yubordim, lekin faqat 2021 yilda ishga taklif oldim: qidiruv va reklama texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha biznes-guruhga O‘zbekistonda menejyer kerak edi.

Biznesni rivojlantirish bo‘yicha ishingiz nimadan iborat? Oldingizga qanday masalalar qo‘yilgan?

Men ishlayotgan marketing va reklama vositalari biznes vakillari va iste’molchilarga bir-birlarini qanday topish mumkinligiga qaratilgan. Men ko‘pincha mahalliy kompaniyalarga Yandeks texnologiyalari va xizmatlaridan foydalangan holda yangi mijozlarni jalb qilish muammosini hal qilishda yordam berib, “yagona darcha” sifatida ishlayman.

Ishingizdagi ijobiy tomonlarini sanab o‘ting?

Men Yandeksda o‘z ishiga chin dildan ishtiyoqli iqtidorli odamlar bilan ishlaganimdan mamnunman. Ularning ko‘plari menga yordam berishadi va o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi, boshqalari o‘z ustimda ishlashga sharoit yaratadi. Bundan tashqari, kompaniya menga taqdim etayotgan imkoniyatlarni juda qadrlayman: bepul ta’lim kurslari, maxsus dasturlar va xodimlar uchun moliyaviy imtiyozlar, xizmat safarlari, turli ofislarda ishlash imkoniyati. Men ish va shaxsiy hayot muvozanatini ushlab qolishga ham muvaffaq bo‘laman.

Yandeksgacha bo‘lgan tajribangiz va joriy vazifalaringiz o‘rtasida tafovut mavjudmi?

Ha desa ham bo‘ladi, yo‘q ham. Hech qanday tafovut yo‘q – chunki har qanday biznesning asosi odamlardir. Va men har doim odamlarga kundalik muammolarni hal qilishga yordam beradigan xizmatlar ustida ishlaganman. Va bunda tafovut bor, chunki Yandeksga kelishdan oldin men asosan foydalanuvchilar bilan bevosita ishlaganman va hozir esa V2V segmentidagi boshqa korxonalar uchun xizmatni ishlab chiqyapman.

Siz faoliyat yuritayotgan sohada ishlamoqchi bo‘lgan boshlanish bosqichida turgan mutaxassislarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

Ota-onam hamisha menga ishonib, o‘zim yoqtirgan ish bilan shug‘ullanishimga imkon berishgan. Ular kompyuterlarni yig‘ish va ta’mirlash, 3D modellashtirish va dasturlash bo‘yicha kurslar uchun pul to‘lashgan. Litseyni tugatganimdan so‘ng, ikki yil davomida universitetga kira olmadim va boshqalardan ko‘pincha "kompyuterda o‘tirib, tushunarsiz ishlar bilan mashg‘ulsan, undan ko‘ra oddiy ish topsang yaxshi bo‘lardi" degan gapni ko‘p eshitardim. Lekin ota-onamdan buni hech qachon eshitmaganman, ular qiziqishimga sabr bilan munosabatda bo‘lishardi. Shunday ekan, ota-onamning umidlarini oqlash asosiy maqsadim edi. Men uchun ular bergan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanish va vaqtni behuda sarf qilmaslik muhim edi. O‘sha-o‘sha gap: o‘rganish, rivojlanish va o‘zingiz yoqtirgan mashg‘ulot bilan shug‘ullanish kerak, takliflar esa o‘z-o‘zidan keladi.

 

 

Mavzuga oid