Jahon | 12:11 / 21.06.2022
58843
11 daqiqa o‘qiladi

Sovetlarning maxfiy quroli – Afg‘onistonga yuborilgan «musulmon batalonlari» haqida

1979 yil dekabrida SSSR Qurolli kuchlari «do‘stona xalqqa yordam» shiori ostida Afg‘oniston chegarasini kesib o‘tadi. Millionlab tinch aholi va minglab jangchilar yostig‘ini quritgan urush boshlanadi. Sovet hukumati Afg‘onistondagi maxfiy harbiy operatsiyalarda o‘zbeklar, tojiklar va turkmanlardan tashkil topgan rota jangchilaridan foydalangan. Quyidagi maqolada «musulmon batalonlari» nomini olgan ushbu jangovar tuzilmalarning tashkil etilish tarixi, maqsadi va taqdiri haqidagi ma’lumotlar keltiriladi.

Sovet jangchilari Afg‘onistonda (foto: chayka.org)

«Musulmon batalonlari» - SSSR Qurolli kuchlari bosh shtabi, bosh razvedka boshqarmasiga tegishli maxsus otryadlarning shartli nomi, sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishiga tayyorgarlik jarayonida, shuningdek, urushning dastlabki davrida tashkil etilgan, islom diniga mansub deb qaralgan millatlar harbiy xizmatchilardan iborat qo‘shindir.

Ushbu tuzilmalarning rasmiy nomi «maxsus kuchlarning alohida otryadi» bo‘lib, urush davri holatiga ko‘ra joylashtirilgan va harbiy qism maqomiga ega bo‘lgan alohida batalonni anglatadi. «Musulmon bataloni» atamasi norasmiy bo‘lib, uni kim birinchi bo‘lib qo‘llagani haqida ishonchli ma’lumot yo‘q.

«Musulmon batalonlari» tashkil etilishining asosiy sababi – Afg‘onistonning tub aholisi qiyofasidagi harbiylarni jamlash, bu bilan dushmanni chalg‘itish bo‘lgan.

Sovet jangchilari mahalliy afg‘on harbiylari bilan (foto: Sputnik)

Birinchi «musulmon bataloni»

Maxsus kuchlarning alohida 154-otryadi (yoki birinchi «musulmon bataloni») 1979 yil yozida SSSR Qurolli kuchlari bosh shtabi buyrug‘i asosida, maxfiy tarzda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan Turkiston harbiy okrugining 15-brigadasi negizida tashkil etilgan.

Batalon shaxsiy tarkibi 532 jangchidan iborat bo‘lib, faqat uch millat vakillari – o‘zbeklar, turkmanlar va tojiklardan iborat bo‘lgan. Askarlar GRU (Davlat razvedka boshqarmasi) maxsus kuchlarining havo-desant qo‘shinlari va maxsus bo‘linmalaridan tanlab olingan.

«Musulmon bataloni» tarkibi 3 ta razvedka rotasi, muhandislik-sapyorlik rotasi, zenit-artilleriya guruhi, o‘t ochish yordamchi rotasi va avtotransport rotasi bo‘lgan. Bu bilan uning avtonomligi va jangovar qudrati yuqori darajaga yetkazilgan. Shu jihati bilan boshqa batalonlardan ajralib turgan.

Batalonda faqat 3 nafar rus millatiga mansub ofitser bo‘lgan – zenit-artilleriya guruhi komandiri, uning o‘rinbosari, ta’mirlash va sozlash bo‘limi boshlig‘i. Bu o‘rinlarga markaziy osiyoliklardan nomzod topilmagan.

Otryad komandiri etib havo-desant tayyorgarligi bo‘yicha 15-brigada komandiri o‘rinbosari, Toshkent umumqo‘shin bilim yurti bitiruvchisi, o‘zbek millatiga mansub mayor Habibjon Xolboyev tayinlangan.

Habibjon Xolboyev Almati shahrida ikkinchi «musulmon bataloni» qo‘mondoni Boris Kerimbayevning xotira kechasida (foto Kazis Toguzbaev RFE/RL)

«Musulmon bataloni»ning maqsadi va vazifalari sir tutilgan. Jangchilar nima maqsadda to‘plangani, qaysi harbiy operatsiyalarda ishtirok etishi rejalashtirilganini bilishmagan.

Kobuldagi maxsus operatsiya

1979 yil 7 dekabr kuni (afg‘on urushi boshlanishidan bir necha kun oldin) birinchi «Musulmon bataloni» Toshkentdan harbiy transport samolyotlarida Afg‘oniston poytaxti Kobuldan 60 kilometr shimolda joylashgan Bagrom yaqinidagi aviabazaga yetkazilgan. Barcha harbiy xizmatchilar Afg‘oniston Demokratik Respublikasi (hukumat) qo‘shinlarining harbiy kiyimida bo‘lgan. 13 dekabr kuni otryad piyoda yurish qilib, Kobul shahri yaqiniga yetib borgan.

Sovet hukumati maxsus otryad jangchilarini Afg‘oniston inqilobiy kengashi raisi, davlat rahbari Hafizullo Amin va unga sodiq kishilarni yo‘q qilish uchun jo‘natgan. Uning rahbarlik davrida mamlakatda ichki terror kuchaygan, nafaqat muxolifat, balki sovet hukumatiga moyil bo‘lgan Afg‘oniston Xalq Demokratik partiyasi (AXDP) a’zolari, harbiylar ham qatag‘on qilingan, AXDP raisi Nuriddin Tarokiy o‘ldirilgan edi. Sovet hukumati Aminning tuturuqsiz siyosati oqibatida mamlakat tepasiga SSSR ta’siriga qarshi bo‘lgan kuchlar kelib qolishidan xavotirga tushgan. 

27 dekabr kuni birinchi «musulmon bataloni», shuningdek, «Grom» va «Zenit» maxsus otryadining 60 jangchisi Kobuldagi Toj-Bek saroyiga hujum qilishgan. Afg‘on harbiylari libosini kiyib olgan va qiyofasi mahalliy aholidan farq qilmagan sovet jangchilari deyarli hech qanday to‘siqsiz Toj-Bek saroyiga yetib borishgan. Harbiy operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan – Hafizullo Amin va unga sodiq bo‘lgan rahbariyat vakillari o‘ldirilgan. 

Sovet jangchilari hujumidan keyin Toj-Bek saroyining ko‘rinishi (foto Wikipedia)

Hujum paytida batalon shaxsiy tarkibidan 36 kishi yaralangan. 7 jangchi halok bo‘lgan, ularning 5 nafari xatolik tufayli. Gap shundaki, yordamga yetib kelgan sovet desantchilari vaziyatga noto‘g‘ri baho berib, afg‘on armiyasi kiyimidagi o‘z jangchilarini o‘qqa tutishgan.

Saroyga hujumdan so‘ng 154-otryad keyingi harbiy harakatlarda qatnashmagan. 1980 yil 2 yanvarda otryad shaxsiy tarkibi samolyotda SSSR hududiga olib ketilgan va harbiy qismlarga tarqatib yuborilgan.

Ikkinchi «musulmon bataloni». Xitoyga hujum rejasi ostida

Maxsus kuchlarning alohida 177-otryadi (ikkinchi musulmon bataloni) Bosh shtabning 1980 yil 8 yanvardagi buyrug‘i asosida Markaziy Osiyo harbiy okrugining 22-brigadasi negizida, Qozog‘istonning Qapchag‘ay shahrida tashkil etilgan.

Batalon komandiri etib razvedka bo‘linmalarida qo‘mondonlik lavozimlarida xizmat qilgan, Toshkent umumqo‘shin bilim yurti bitiruvchisi, qozoq millatiga mansub mayor Boris Kerimbayev (Qora mayor) tayinlangan.

Birinchi «musulmon bataloni»dan farqli o‘laroq, 177-otryad Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hududida harbiy qo‘poruvchilik harakatlarni amalga oshirishga hozirlik ko‘radi.

SSSR nima uchun Xitoyga hujum qilmoqchi bo‘lgani, qo‘poruvchilik harakatlari maqsadi rasman ma’lum emas. Sovetlar hukumatining Shinjon-Uyg‘urga hujum qilishni ko‘zlagani katta ehtimol bilan ushbu hududda jangarilarni tayyorlovchi harbiy-dala lagerlari mavjudligi, Xitoy va AQSh tomonidan ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi «musulmon bataloni» tarkibi 498 jangchidan iborat, ularning 300 nafarga yaqini uyg‘ur millatiga mansub bo‘lgan. Ofitserlar turkiy tilli xalqlardan tanlab olingan. Batalonning maqsadi va vazifalari sir tutilgan. Jangchilar nima maqsadda to‘plangani, qaysi harbiy operatsiyalarda ishtirok etishi rejalashtirilganini bilishmagan.

Otryad ofitserlari uchun tezkor xitoy tili kursi joriy etilgan. Bunda harbiy asirni so‘roq qilish mavzusiga alohida urg‘u berilgan. Ammo darslar uzoq davom etmagan. 2 hafta o‘tgach, xitoy tili darslari bekor qilingan. Bunda SSSR Qurolli kuchlari Bosh shtabi «Xitoy operatsiya»sini maqsadga muvofiq emas deb topgan bo‘lishi mumkin.

1981 yil bahorida muddatli harbiy xizmatdagi jangchilarni zaxiraga o‘tkazish vaqti keladi. Batalondan asosan uyg‘ur millatiga mansub harbiylar ketgan.

Sovet jangchilari Afg‘onistonda (Foto: Russkaya semerka)

«Xitoy operatsiyasi» masalasi kun tartibidan olib tashlangach, 177-otryadning yangi tarkibiga uyg‘urlarni jalb qilish ehtiyoji yo‘qoladi. Yangi chaqiruvda markaziy osiyoliklar – qozoqlar, o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar va qirg‘izlarga ustuvorlik beriladi.

1981 yil 29 oktyabrda 177-otryad Afg‘onistonga kiritilib, Faryob viloyatining Maymana shahri yaqinida joylashtirilgan. Shaxsiy tarkib havo-desant qo‘shinlari belgilari tikilgan sovet jangchilari libosini kiyishgan.

Mayor Kerimbayev qo‘mondonligidagi 177-otryad afg‘on urushida o‘zining asosiy vazifasi – razvedka va diversiya bilan emas, balki afg‘onlarning baland tog‘li mustahkamlangan hududlarini egallash va ushlab turish bilan shug‘ullanadi. Jumladan, Panjsher darasida Ahmadshoh Mas’ud jangchilariga 9 oy davomida jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Bunday qarama-qarshilik natijasida Mas’ud sulh tuzishga majbur bo‘ladi.

1983 yil mart oyida otryad SSSR ga qaytariladi va tarqatib yuboriladi.

Uchinchi «musulmon bataloni»

Maxsus kuchlarning alohida 173-otryadi (uchinchi musulmon bataloni) SSSR Qurolli kuchlari Bosh shtabining 1980 yil 9 yanvardagi buyrug‘i asosida, Kavkazorti harbiy okrugining 12-otryadi negizida, Gruziyaning Lagodexi shahrida tuzilgan.

Oldingi ikki otryaddan farqli o‘laroq, ushbu batalon Shimoliy Kavkaz va Kavkazortining musulmon millatiga mansub tub aholisi vakillaridan tuzilgan. Otryad komandiri etib o‘zbek kapitani Yo‘ldosh Sharipov tayinlangan. Deyarli barcha ofitserlar moto-o‘qotish va tank qo‘shinlaridan qabul qilingan.

Uchinchi «musulmon bataloni»ning jangovar tayyorgarligi 4 yilga cho‘zilib ketadi. Shu sababli vaqt o‘tishi bilan u asl tarkibini yo‘qotadi. 1984 yilda Afg‘onistonga kiritilgan paytida tarkibdagi rotatsiya tufayli «musulmon bataloni» nomiga mos bo‘lmay qolgandi.

Foto: Rambler

1989 yil 15 fevral kuni sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqiladi. Qariyb 10 yil davom etgan urush tugaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1979 yildan 1989 yilga qadar Afg‘onistonda bo‘lib o‘tgan harbiy harakatlarda 620 mingdan ortiq sovet fuqarolari ishtirok etgan. Ularning 65 mingga yaqini o‘zbekistonlik bo‘lgan.

15 mingdan ortiq jangchi, jumladan, 1,5 mingga yaqin o‘zbekistonlik urushda halok bo‘lgan. 54 mingga yaqin kishi, jumladan, 2,5 mingga yaqin o‘zbekistonlik jarohat olgan. Ularning aksariyati bir umrga nogiron bo‘lib qolishgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, urush davrida 670 mingdan ortiq afg‘onistonlik halok bo‘lgan. 1 milliondan ortig‘i jarohatlangan, ularning ko‘pchiligi nogiron bo‘lib qolgan. Ko‘plab odamlar yashash joyini tashlab, mamlakatdan ko‘chib ketishga majbur bo‘lishgan. Umumiy hisobda 2,7 million odam jabrlangan.

Nurmuhammad Said tayyorladi

O‘xshash maqolalar sifatida

Mavzuga oid