Jamiyat | 22:09 / 24.06.2022
68435
6 daqiqa o‘qiladi

Pedagogik ta’lim bo‘yicha qarorlar: nimalar o‘zgaryapti?

Hududlarning bosh oliygohlaridagi pedfaklar alohida institutlarga aylantirilyapti, ikkita pedinstitutga universitet maqomi berildi. 2–4-kursda o‘qiyotgan bo‘lajak o‘qituvchilar haftada 2 kun amaliyotda bo‘ladi. Bitta diplom bilan bir nechta fandan dars berish imkoniyati oshadi. 14ta yo‘nalishda sirtqi ta’lim yopiladi. TDPUga kirish 2 bosqichli bo‘lishi mumkin.

Toshkent davlat pedagogika universiteti / Foto: Kun.uz

21 iyun kuni pedagogik ta’limga oid prezidentning ikkita (1, 2) qarori imzolandi. Quyida mazkur hujjatlardagi yangiliklar sanab o‘tiladi.

8ta yangi pedinstitut

Andijon, Namangan, Guliston, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz, Urganch davlat universitetlarining pedagogikaga ixtisoslashgan tuzilmalari alohida ajratilib, mustaqil pedinstitutlarga aylantirilyapti.

Chirchiq va Jizzaxdagi pedagogika institutlariga universitet maqomi berildi.

Yuqoridagi o‘zgarishlar natijasida quyidagi OTMlar yuzaga keldi:

  • Urganch davlat pedagogika instituti;
  • Namangan davlat pedagogika instituti;
  • Guliston davlat pedagogika instituti;
  • O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti;
  • Andijon davlat pedagogika instituti;
  • Buxoro davlat pedagogika instituti;
  • Termiz davlat pedagogika instituti;
  • Shahrisabz davlat pedagogika instituti;
  • Chirchiq davlat pedagogika universiteti;
  • Jizzax davlat pedagogika universiteti.

Haftada 2 kun – amaliyot

Pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMlarning kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan 2–4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari “4+2” tartibida olib boriladi. Ya’ni hafta davomida 4 kun OTMda dars o‘tiladi, 2 kun bog‘cha va maktablarda amaliyot bo‘ladi.

Har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMlar ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-o‘qituvchilari xorijga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi.

Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda foydalaniladigan darsliklar hamda metodik qo‘llanmalarni pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMga ularning talabnomasiga muvofiq pulli asosda taqdim etish tartibi joriy qilinadi.

14ta pedagogik yo‘nalishda sirtqi ta’lim yopiladi

2023/2024 o‘quv yili qabulidan pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarning quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga qabul bo‘lmaydi:

Yuqoridagi jadvalda ko‘rsatilmagan pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga ta’lim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yillik ish stajiga egalar qabul qilinadi.

Ularning pedagogik ish stajiga ega ekani “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi ma’lumotlar asosida belgilanadi.

Qo‘shimcha tayyorlov – bir diplom bilan bir nechta fandan dars berish imkoni

2023 yil 1 yanvargacha pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMlar bakalavriatida o‘qiyotgan talabalar uchun ularning ta’lim yo‘nalishlariga turdosh bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shimcha pedagogik tayyorlov dasturlari ishlab chiqiladi.

Dasturlar bo‘yicha o‘qishga bakalavriatning oxirgi ikki bosqichida o‘qiyotgan talabalar qabul qilinadi.

Dasturlarni o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega shaxslarga OTMda o‘qishni bitirganidan keyin qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmasdan sertifikatda ko‘rsatilgan mutaxassislik bo‘yicha maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.

Xorijda o‘qish: Bo‘lajak pedagoglarning almashuv dasturlari bo‘yicha kontrakti to‘lab beriladi

2023/2024 o‘quv yilidan pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan talabalarning hamkor xorijiy OTMda o‘qish davri uchun to‘lov-kontrakt qiymatini qoplab berish tartibi joriy etiladi.

2023 yildan pedagogika sohasi bo‘yicha nufuzli xorijiy OTMda bakalavriat, magistratura, doktorantura dasturlari asosida kadrlar tayyorlash uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari hisobidan har yili tasdiqlangan umumiy qabul kvotalari doirasida pedagog kadrlar uchun kamida 35 ta alohida kvota ajratiladi.

Pedlitseylarga qabul tartibi o‘zgaradi

Pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMlar huzurida tashkil etiladigan akademik litseylar (8 ta) ro‘yxati tasdiqlandi.

2023/2024 o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida pedagog kadrlar tayyorlovchi OTMlar huzuridagi akademik litseylarga qabul ikki bosqichli saralab olish tizimi – dastlabki yozma imtihon hamda test sinovlari asosida tashkil etiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagog kasbiga layoqatli 10–11-sinf o‘quvchilarini maxsus ishlab chiqilgan variativ o‘quv rejalari asosida o‘qitish choralari ko‘riladi.

2 yildan keyin: TDPUga kirish 2 bosqichli bo‘ladi

2024/2025 o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida universitetning pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonlari ikki bosqichda – dastlabki imtihon va kirish test sinovlari orqali amalga oshiriladi.

Bunda:

  • dastlabki imtihon doirasida abituriyentlarning pedagogik kasbga moyilligi o‘rganiladi;
  • kirish test sinovlarida qatnashishga faqat dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarga ruxsat etiladi;
  • dastlabki imtihonni ham, kirish test sinovlarini ham DTM o‘tkazadi.

2023 yildan boshlab Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar:

  • TDPU faoliyatida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimi to‘liq joriy etiladi;
  • TDPUning ilmiy jurnali Scopus, Web of Science yoki boshqa xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritiladi.

2023 yil 1 martgacha umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi ilg‘or o‘qituvchilarning ochiq darslarini onlayn platformalar orqali namoyish qilish va ularning muhokamasini tashkil etish amaliyoti joriy qilinadi.

Mavzuga oid