Jamiyat | 08:34 / 26.06.2022
21568
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda saksovul o‘g‘irlagan shaxslar ushlandi

Foto: Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Buxoro viloyati Peshku tumanida saksovul butalari noqonuniy ravishda olib ketilayotgan yuk mashinalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar berdi.

Ekologiya inspektorlari va IIB xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi ekologik reyd tadbiri o‘tkazilgan. Tadbirda Peshku tuman Varaxsha cho‘l hududidan «GAZ-53» rusumli davlat raqami belgisiz harakatlanib borayotgan avtomashina noqonuniy ravishda saksovul butalarini olib kelayotgani aniqlanib, Ekopatrul xodimlari tomonidan haydovchiga to‘xtash buyrug‘i berilgan. Ammo haydovchi to‘xtash talablariga bo‘ysunmay, mashinasini to‘xtatmay, qochib ketishga harakat qilgan.

Shunga qaramay, olib borilgan harakatlar davomida avtomashina to‘xtatilib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Ushbu holat yuzasidan ikki nafar fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.

Mavzuga oid