O‘zbekiston | 17:30 / 30.06.2022
58176
9 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2022: Bu yilgi imtihonlarda abituriyentlarni nimalar kutyapti?

Oliygohlarga qabul boshlanganiga bugun 10 kun bo‘ldi. Kun.uz bu yilgi qabul jarayonlari, test sinovlari qanday o‘tishi, umuman abituriyentlar uchun qanday yangiliklar qilinayotgani bo‘yicha ma’lumotlarni bir maqolaga jamladi.

Foto: Kun.uz

Abituriyentlarni ro‘yxatga olish o‘tgan yillardagidek DTMning rasmiy sayti (my.dtm.uz) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali amalga oshirilmoqda.

Anketada pasport ma’lumotlari, yashash manzili, tamomlagan ta’lim muassasasi, imtiyozlar, qaysi OTMni tanlash haqidagi ma’lumotlar qayd etiladi va eng so‘ngida to‘lov amalga oshiriladi.

Bunda quyidagi toifadagi abituriyentlardan to‘lov undirilmaydi:

  • test sinovlari tashkil etilayotgan yilda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar (“Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari);
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar.

Bu ro‘yxatga kirmaydiganlarning barchasi BHMning yarim baravarida, ya’ni 150 ming so‘m miqdorida to‘lov qilishi talab etiladi. Shuningdek, o‘tgan yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan ijodiy imtihon topshiradiganlar ham test uchun to‘lov qilishadi.

Chunki o‘tgan yildan boshlab kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan yo‘nalish uchun ham 3 ta majburiy fandan (O‘zbekiston tarixi, ona tili va matematika) testlar qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, bu toifadagi abituriyentlar ham to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

To‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirsa ham bo‘ladi, faqat 20 iyulga qadar (o‘sha kuni ham) to‘lanishi shart. Bu mablag‘ni to‘lamagan abituriyentlar test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Ayni vaqt barcha abituriyentlar tegishli saytlar (my.dtm.uz va my.gov.uz) orqali ta’lim yo‘nalishlarini ham tanlash imkoniyatiga ega. Bu jarayon 20 iyulgacha (20 iyulda ham) davom etadi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga esa 10 iyulga qadar (10 iyul kuni ham) onlayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

5 talik tanlov qanday?

Abituriyentlarning 5 ta yo‘nalishda hujjat topshirishi majburiy emas, bu jarayonda bitta yoki ikkita yo‘nalishni ham tanlash mumkin.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishlar xohishga qarab turli yoki bitta OTM doirasida tanlanishi ham mumkin. Faqat mutaxassislik fanlari va ularning ketma-ketligi bir xil bo‘lishi zarur. Deylik, imtihon topshiriladigan birinchi fan matematika, ikkinchi fan fizika bo‘lsa, qolganlarida yo‘nalishlarda ham mutaxassislik fanlari xuddi shunday ketma-ketlikda bo‘lishi talab etiladi.

Bu yildan boshlab, nafaqat turli OTMning turli yo‘nalishlariga, balki turli ta’lim shakllariga ham hujjat topshirish mumkin. Masalan, birinchi yo‘nalish/oliygohga kunduzgi, keyingisiga sirtqi, boshqasiga esa kechki ta’lim uchun ro‘yxatdan o‘tiladi.

“Ustuvorlik” tushunchasi

O‘tgan yildan qilingan yana bir yangilik davlat granti uchun berilayotgan ustuvorlik bo‘ldi. Ilgari davlat granti asosida bo‘ladimi yoki to‘lov-kontrakt, birinchi kirgan yo‘nalishi ustuvor hisoblanardi. Abituriyent ikkinchi yo‘nalishga budjetga kirgan bo‘lsa ham, agar birinchi yo‘nalishga shartnoma asosida qabul qilingan bo‘lsa, shunda o‘qishga majbur bo‘lar edi.

Endilikda onlayn ro‘yxatdan o‘tishda bittadan ko‘p yo‘nalish/oliygohni tanlagan abituriyentlar ikki xil variantdan birini tanlaydi: “davlat granti” yoki “davlat granti va to‘lov-kontrakt” ustuvorligi.

Agar abituriyent “davlat granti”ni tanlasa, tanlagan hamma yo‘nalishlarida avvaliga grant, keyin kontrakt asosida tanlovda qatnashadi. “Davlat granti va to‘lov-kontrakt”ni tanlasangiz, o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi har bir yo‘nalishda grant va kontrakt asosidagi tanlovda ishtirok etasiz.

Bu yilgi test jarayoni o‘tgan yilgidan nimasi bilan farq qiladi?

Katta ehtimol bilan bu yilgi test imtihonlari yopiq muassasalarda o‘tkazilishi kutilmoqda. Biroq bu borada yakuniy qarorga hali kelinmagan. O‘zbekistonda koronavirusning yangi to‘lqini haqidagi gaplar fonida bu yil ham imtihonlar ochiq stadion va xiyobonlarda o‘tkazilishi ehtimoli yo‘q emas.

Imtihon topshirish uchun abituriyentlarda shaxsni tasdiqlovchi biometrik pasport yoki ID karta bo‘lishi kerak.

Joriy yildan barcha talabgorlar 3 ta majburiy (matematika, ona tili va adabiyot, O‘zbekiston tarixi) hamda 2 ta mutaxassislik fanlari (yo‘nalishdan kelib chiqib belgilanadi)dan test sinovida ishtirok etishadi.

Jami 5 ta fandan test olinadi va ulardan maksimal 189 ball to‘plash mumkin.

Barcha uchun tushadigan majburiy fanlar blokida 10 tadan, jami 30 ta savol tushadi, har biri uchun 1,1 ball beriladi. Undan hammasi bo‘lib 33 ball yig‘sa bo‘ladi.

Ta’lim yo‘nalishiga mos mutaxassislik fanlar blokida esa 30 tadan, jami 60 ta savol beriladi. Bunda ballar quyidagicha beriladi:

  • 1-fan – 30 ta savol, har biri uchun 3,1 ball;
  • 2-fan – 30 ta savol, har biri uchun 2,1 ball.

Mutaxassislik fanidan jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 156 balldir.

Imtihon uchun 3 soat vaqt ajratiladi. Agar chet tilidan sertifikati bo‘lib, faqat majburiy blok va 1 ta mutaxassislik fanidan test topshirilsa, unda 2 soat beriladi. Bu vaqt ichida javoblarni bo‘yashga ham ulgurish kerak, bu uchun alohida qo‘shimcha vaqt berilmaydi. Agar 2 ta mutaxassislik fanidan ham imtiyozi bo‘lsa, unda faqat majburiy fanlar uchun 1 soat vaqt beriladi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlari bor yo‘nalishlarga topshirgan abituriyentlar uchun faqat 3 ta majburiy fanga 1 soat vaqt ajratiladi.

Umuman olganda, bu yilgi test sinovlarida abituriyentlarni 5 ta fan, 90 ta savol, agar mumkin bo‘lsa, 189 maksimal ball kutib turibdi.

Shu o‘rinda yana bir yangilik, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq joriy yildan 6 ta OTMda chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar ham tashkil etiladi.

Bu OTM ro‘yxatiga:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari;
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kiradi.

Mazkur oliygohlarga kirishni istovchilar chet tilidan ijodiy imtihon topshirishi kerak bo‘ladi. Ya’ni xuddi xorij sertifikatlari(masalan, IELTS)ni olish uchun qanday sinovlardan o‘tilsa, bunda ham shunday bo‘ladi. Ya’ni bunda eshitib tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish ko‘nikmalari tekshiriladi.

Imtihon uchun jami 2 soat 45 daqiqa vaqt ajratiladi.

Test savollarining qiyinlik darajasi qanday bo‘ladi?

Test variantidagi savollar soni 100 foiz deb olsak, 15 foizi oson darajada, 70 foizi o‘rta qiyinlik darajada, qolgan 15 foizi esa murakkab darajada bo‘ladi.

Mutaxassislik fanlar blokidagi birinchi va ikkinchi fanlardan tuzilgan testlar qiyinlik darajasiga ko‘ra bir-biridan farq qilmaydi. Lekin majburiy fanlar blokidagi: ona tili, matematika hamda O‘zbekiston tarixi fanlaridan beriladigan test savollari mutaxassislik fanlariga qaraganda soddaroq bo‘ladi.

Fanlar majmuasi o‘zgartirildi

Shu yil 23 aprelda bu yilgi test sinovlarining fanlar majmuasi tasdiqlangandi. Unda o‘tgan yilgiga nisbatan ayrim yo‘nalishlarda o‘zgarishlar mavjud.

Jami 461 ta yo‘nalishning 7%ida fanlar majmuasi o‘rni almashgan, ya’ni birinchi fan ikkinchiga aylangan va aksincha, 2,8% yo‘nalishda esa bitta fan o‘zgargan. Faqat bitta yo‘nalishda 100% o‘zgarish bo‘lgan, ya’ni Biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishida ikkala mutaxassislik fani ham almashgan. 

Mavzuga oid