YeOII: O‘zbekistonning javobi aniqmi? - ciyosiy tahlilchilar bilan suhbat
Shu yilning 21 iyun kuni Shveytsariyaning Jyeneva shahrida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha ishchi guruhning 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishdan keyin O‘zbekistonning tashkilotga a’zoligi masalasi kechikib ketayotgani yana muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ammo bugungi suhbatimiz JST haqida emas, boshqa bir iqtisodiy tashkilot – YeOII haqida. Xo‘sh, bugun YeOII va O‘zbekiston munosabatlari qaysi bosqichda? Unga yaqinlashuv O‘zbekiston uchun bugungi global siyosiy beqaror vaziyatda qanchalik xavfsiz?
Tashkilotga a’zo bo‘lish oxir-oqibatda JSTga kirish uchun olib borayotgan muzokaralarni mantiqsiz qilib qo‘ymaydimi?
Kun.uz muxbiri siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov ishtirokida shu va boshqa savollarga javob izlashga harakat qildi.
— Ko‘plab tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston JSTdan avval YeOIIga a’zo bo‘lsa, JSTga a’zolik borasida hammasi juda murakkablashib ketadi, harakatlar mantiqsiz bo‘lib qoladi. Bu fikrga qanday qaraysizlar?
Farhod Tolipov:
Savolingizga uning o‘zida javob ham yashiringan, deb o‘ylayman. Ha, shunday bo‘ladi. Umuman olganda, bu jarayon, bu masala, ya’ni O‘zbekistonning YeOIIga kirish-kirmasligi bo‘yicha har xil muhokamalar 2019 yildan boshlangan deb aytishimiz mumkin. Shu vaqtgacha 3 yil o‘tdimi, 3 yil o‘tgan bo‘lsa, demak, javobini topmagan savollar qolmagandir. Ekspertlar, iqtisodchilar, siyosatshunoslar ham o‘zlarining javoblarini berishgan.
Lekin bu masala borgan sari “qo‘zg‘atilaveryapti”. Asosan bizning davlat tomonidan emas, balki Rossiya yoki Belarus tomonidan. Kuni kecha Belarus prezidenti yana bir bor o‘zining eski gapini qaytarib, Yevrosiyo ham emas, balki “Belarus va Rossiyaning ittifoq davlatiga yaqinlashish kerak”, – degan fikrlarni aytdi.
Bilasizmi, suhbatimizda ham, boshqa maqolalarimda ham bu insonga nisbatan o‘z munosabatimni bildirgan edim. Hozir ham, endi kezi kelganda aytishimiz mumkin, agarda Belarus prezidentining ko‘ziga qarab, aytadigan bo‘lsak, o‘zbeklarda maqol bor: “Qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar”. Ya’ni Belarus, Rossiya jahon sahnasi, jahon tizimida tobora yolg‘izlanib qolishidan qo‘rqayotgan davlatlardek tutyapti o‘zini, mana shu Lukashenko ham, Putin ham.
Hech bo‘lmasa, sobiq sovet makonida joylashgan davlatlardan mahrum bo‘lmasa ham, katta bir yutuqqa ega bo‘ladigandek tasavvur qilib, borgan sari to‘tiqushdek bir gapni qaytaraveryapti. O‘zbekiston Yo Rossiya, Belarus ittifoq davlatiga yoki YeOIIga qo‘shilishi kerak – deb qayta-qayta gapirilyapti.
Qolaversa, rasmiy darajalarda ham, davlat rahbari tomonidan ham Belarus prezidentining o‘ziga shu masala bo‘yicha javob berilgan edi. Bo‘ldi, endi javobini olding-ku, nima qilasan yana qaytarib degandek.
U shu bilan o‘ziga dog‘ tushirdi, qayta-qayta gapiraverishi bilan o‘zini fosh etdi. Mana shu qaytaraverishi bilan o‘sha davlatlarga hurmatsizligi (munosabati)ni ko‘rsatib qo‘ydi. Xuddiki, qayta-qayta gapirmasa, o‘zbekistonliklar tushunmayotgandek, aqli yetmayotgandek bo‘lib ko‘rinadi-da. Qaytaraverishi kerak emas. O‘zbekistonning o‘z g‘ururi, milliy manfaatlari, strategik rejalari bor, dunyoda o‘z rolini yaxshi his qilayotgan, shakllanib kelayotgan davlat hisoblanadi.
Uning (Lukashenko)ning bu harakatlari qo‘rqitayotgandek tuyulyapti.
Kamoliddin Rabbimov:
Nazarimda, O‘zbekiston milliy manfaatlari nuqtayi nazaridan YeOII to‘laqonli qadrsizlangan, ya’ni bugungi kun tartibida bu tashkilotga a’zo bo‘lish mavjud emas, hattoki mana kecha Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri ham: “Biz inqirozdamiz, Rossiya sanksiyalari ostida va YeOII munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish kerak”, – degan bayonot bilan chiqdi.
Ya’ni YeOII ichida judayam kuchli bo‘lgan ziddiyatlar, bosimlar, ishlamaydigan mexanizmlar borligini hamma ko‘rib, bilib turibdi. Mana shu fonda O‘zbekiston JST bilan o‘zining muzokara jarayonlarini tezlashtirgan, bu – ijobiy, yaxshi xabar.
Ayni paytda O‘zbekistonning kun tartibida bu tashkilotga, ya’ni YeOIIga a’zo bo‘lish mavjud emas. Lekin geosiyosiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan, O‘zbekiston shunday informatsion kampaniya olib boryaptiki, bir tomondan to‘laqonli ravishda undan uzilmaslik va unga kirmaslik, umuman mana shunday yondashuv amalga oshirilmoqda.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
07:09 / 14.12.2024
Abdulla Aripov YeOII hukumat rahbarlari kengashi majlisida qatnashdi
18:15 / 10.12.2024
«Inson huquqlari qudratli davlatning asosiy belgisidir» - tarixiy deklaratsiyaga 76 yil to‘ldi
09:42 / 10.12.2024
O‘zbekiston yana ikki davlat bilan JST bo‘yicha muzokaralarni yakunladi
14:38 / 07.11.2024