Jahon | 07:58 / 12.07.2022
11945
3 daqiqa o‘qiladi

NASA «Jyeyms Uebb» teleskopidan olingan birinchi suratni e’lon qildi

Olimlar NASA tarixidagi eng qimmat loyiha bo‘lgan «Jyeyms Uebb» kosmik teleskopi tomonidan olingan birinchi suratni ko‘rsatdi.

Foto: NASA

NASA kosmik agentligi «Jyeyms Uebb» kosmik teleskopi (James Webb Space Telescope, JWST) tomonidan olingan koinotning birinchi rangli fotosuratini taqdim etdi. Surat 11 iyul, dushanba kuni Oq uydan translatsiya chog‘ida ommaga e’lon qilindi.

«NASAning Jyeyms Uebb kosmik teleskopi tomonidan olingan ushbu birinchi surat koinotning hozirgi kunga qadar eng chuqur va aniq infraqizil tasviridir», — deyiladi NASA bayonotida. Rasm 4,6 milliard yil oldin paydo bo‘lgan SMACS 0723 galaktika yig‘indisini aks ettiradi.

«Minglab galaktikalar, shu jumladan infraqizil nurda kuzatilgan eng zaif obektlar birinchi marta Uebbning ko‘rish maydoniga tushib qoldi. Bu ulkan koinot bo‘lagi osmonning xuddi qum zarrachasidagi qismini qamrab oladi, uni yer yuzida kimdir qo‘l uzunligida ushlab turgandek go‘yo», deya agentlik rasmni tasvirlab berdi.

SMACS 0723 shunday katta massaga egaki, tortishish kuchi uning orqasidagi galaktikalarning yorug‘ligini buzadi va «tortishish linzalari» vazifasini bajaradi. Ushbu effekt tufayli kamera SMACS 0723 yig‘indisi ortida joylashgan uzoqroq galaktikalarni suratga olishga qodir, deb tushuntiradi NASA.

NASA 12 iyul kuni Vashington yaqinidagi Goddard kosmik parvozlar markazidan translatsiya paytida qayta ishlangan tasvirlarning qolgan qismini taqdim etishga va’da berdi. «Uebb kosmik teleskopi tomonidan olingan birinchi surat ilm-fan va texnologiya uchun tarixiy lahzani ifodalaydi. Astronomiya va kosmik tadqiqotlar uchun. Amerika va butun insoniyat uchun», deb yozgan AQSh prezidenti Jo Bayden. 

«Jyeyms Uebb» kosmik teleskopi 2021 yil dekabr oyida koinotga uchirilgan. Bu NASA, Yevropa va Kanada kosmik agentliklarining qo‘shma loyihasidir. Loyihaning taxminiy qiymati 10 milliard dollarni tashkil etdi va bu boradagi ishlar 30 yildan ortiq vaqt oldin boshlangan. 

Mavzuga oid