O‘zbekiston | 17:59 / 20.08.2022
23056
2 daqiqa o‘qiladi

Ochilboy Ramatov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi

O‘zbekiston prezidenti Ochilboy Ramatovni «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Foto: Kun.uz

Hujjat matniga ko‘ra, davlat idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiy qudratini yuksaltirish, keng ko‘lamli islohotlarni, yirik bunyodkorlik loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, hududlarni kompleks rivojlantirish borasidagi xizmatlari, tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlari bilan vatan taraqqiyoti va xalq farovonligini oshirishga qo‘shayotgan katta hissasi, yosh avlodni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludi 60 yilligi munosabati bilan bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.

Ochilboy Ramatov 1962 yil Xorazm viloyatida tug‘ilgan, 2016 yildan bosh vazir birinchi o‘rinbosari. U transport vaziri (2019-2020), «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi boshqaruv raisi (2002-2019), Senat a’zosi (2015-2020), O‘zbekiston boks federatsiyasi prezidenti (2012 yildan) va O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti (2018-2019) bo‘lib ishlagan.

O.Ramatov 2000 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi» davlat unvoni bilan, 2007 yil avgust oyida «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, 2011 yil avgust oyida «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan, 2013 yilda esa «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berilgan, 2015 yilda Rossiyaning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid