O‘zbekiston | 14:42 / 24.08.2022
21704
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi 

Prezident yangidan qurilayotgan majmua yonida Imom Buxoriy hayotini ko‘rsatuvchi elektron muzey tashkil etish taklifini bildirdi. “Yaqinda Madina shahrida bo‘lganimizda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyini ko‘rdik. Bu yerda ham shunga o‘xshash muzey tashkil etsak, yaxshi bo‘lar edi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari 24 avgust kuni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, ziyoratgoh qayta qurilmoqda, maqbara, ulkan masjid, minoralar, ayvonlar barpo etilmoqda. Prezident ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

“Bu loyihani ko‘p muhokama qildik, qayta-qayta kelib ko‘rdik. Endi qurilishda ham shoshmaslik kerak. Ham ziyorat, ham ibodat nuqtai nazaridan bu yerda hamma sharoit bo‘lishi zarur”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari majmua yonida Imom Buxoriy hayotini ko‘rsatuvchi elektron muzey tashkil etish taklifini bildirdi.

“Yaqinda Madina shahrida bo‘lganimizda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyini ko‘rdik. Bu yerda ham shunga o‘xshash muzey tashkil etsak, yaxshi bo‘lar edi. Unda Imom Buxoriy bobomizning hayoti, ilm yo‘li, o‘sha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatiladi. Bular yoshlar, chet ellik sayyohlarning yaqqol tasavvurida qoladi. Muzey xalqimizga yana bir ma’naviy xazina bo‘ladi”, – dedi davlat rahbari.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Qurilish vazirligiga bu borada loyiha tayyorlash topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Hazrati Xizr majmuasiga borib, birinchi prezident Islom Karimov maqbarasini ham ziyorat qildi. 

Mavzuga oid