O‘zbekiston | 18:43 / 26.08.2022
47303
9 daqiqa o‘qiladi

Vakolatlar chegarasini buzish. Bobolovning audiosi nimasi bilan xavfli?

Shu paytgacha amaldorlarning yig‘ilishlarda boshqalarni haqorat qilgani, so‘kingani aks etgan audio va videolar internetda ko‘p marta tarqalgan. Lekin To‘ra Bobolov bilan ro‘y bergan holat avvalgilaridan farqli, chunki u prokuratura faoliyatiga aralashib, jazo muqarrarligi ta’minlanishiga qarshi chiqqanki, bu – vakolatlar chegarasidan chiqishni anglatadi hamda viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishiga oid xavotirlarni kuchaytiradi.

O‘zi nima gap?

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov selektor yig‘ilishlaridan birida Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqoratlagan. Suhbat jarayonidan anglash mumkinki, hokim prokurorga tumandagi tadbirkorni chaqirib bezovta qilayotganini aytgan. Bunga javoban Ramazonov: “Davlatning pulini yegani uchun chaqirganman”, deb e’tiroz bildirgan.

Boshqalarning o‘ziga qarshi chiqishiga odatlanmagan hokim tuman prokurorining e’tirozidan so‘ng tutoqib ketib, og‘zidan bodi kirib shodi chiqqan. Bobolovning qanday haqoratlarni ishlatganiga batafsil to‘xtalib o‘tirmaymiz, chunki tafsilotlar bungacha yoritilgan.

Bosh prokuratura audioyozuvlarning haqqoniyligi hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Hokim jazo muqarrarligi ta’minlanishiga qarshimi?

Aslida hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlar va boshqa tarmoq rahbarlarini haqorat qilishi yangilik emas. Shu paytgacha davlat tashkilotlari rahbarlari, xususan, hokimlarning yig‘ilishlarda boshqalarni haqorat qilgani, so‘kingani aks etgan audio va videolar internetda ko‘p tarqalgan.

Biroq To‘ra Bobolov bilan ro‘y bergan holat avvalgilaridan farqli. Boisi u prokuratura organi faoliyatiga aralashib, jazo muqarrarligini ta’minlanishiga qarshi chiqqanki, bu vakolatlar chegarasidan chiqishni anglatadi hamda viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishiga rahna soluvchi xavotirlarni kuchaytiradi.

Bu safargi audio nimasi bilan xavfli? Gap shundaki, To‘ra Bobolov jon kuydirib himoya qilgan shaxs sud tomonidan korrupsiyaviy jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan bo‘lib, u Angor tumani Bandlik markazining direktori bo‘lib ishlagan vaqtda 30 dan ortiq kambag‘alning nomiga soxta hujjatlar bilan subsidiya ajratgan, biroq bu pullarni egalariga bermasdan jinoiy sheriklari bilan “yeb yuborgan”. Manbalarga ko‘ra, Bobolov tuman prokurori bilan tortishuvida ana shu shaxslar haqida gapirgan.

Internetda tarqatilgan audioda prokurorni yo‘rig‘iga yurgizolmagach Bobolov yuqori turuvchi allaqanday rahbarga telefon qilib, quloqsiz qonun himoyachisining burnini yerga ishqalib qo‘yishga uringanini ko‘rish mumkin. U suhbatdoshiga Angor prokurorining tili bir qarich ekani, holat bo‘yicha bosh prokuror bilan gaplashishini bildirgan.

Kun.uz korrupsion jinoyatda ayblangan shaxs ayni paytda tuman hokimligining Mahallabay ishlash markazi direktori bo‘lib ishlayotgani, bu esa sud hukmiga zid ekanini aniqladi.

Manbalarimizga ko‘ra, Bobolov Surxondaryoda hokimi mutlaqqa aylanganiga, qonun ham, adolat ham o‘zi ekanini uqtirishga odatlanganiga ancha bo‘lgan. Majlislarni shirakayf holatda o‘tkazadigan hokimni Prezident administratsiyasi sobiq rahbari Zayniddin Nizomiddinovning kadri deyishadi. Uning vakolatlari chegarasidan chiqib, qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul soha vakiliga “kekirdak cho‘zayotgani”ning boisi ham shu.

Aynan shu sababli ham o‘tgan yili dekabrda ro‘y bergan voqea audiosi endi tarqatilmoqda. Ya’ni Nizomiddinov amaldan olingan, uning ta’sir doirasi birmuncha kamaygan bir paytda. Aftidan pichoq borib suyakka taqalgan ko‘rinadi. Zero, bu audio ortidan Bobolov ishdan ketsa-ku, xo‘p-xo‘p, ishdan ketmasa, uni fosh qilganlardan qanday qilib bo‘lmasin o‘ch olishga urinishi turgan gap.

Tiyib turish mexanizmi buzilgan

Aslida hokim prokuratura va sudlar faoliyatiga aralashishi mumkin emas. Hokimlar ijro hokimiyati vakili, prokurorlar unga tobe hisoblanmaydi. Qonunga ko‘ra, prokuratura yagona markazlashtirilgan tizim bo‘lib, bosh prokuror va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar respublika hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishadi. Ya’ni istalgan fuqaroning, jumladan, hokimlarning ham qonunlarga qanchalik amal qilayotgani yoki qilmayotganini prokuror nazorat qilishi kerak.

Prokurorlarning hokimlarga tobe emasligining yana bitta sababi bor. U hokimiyat bo‘g‘inlarining bir-birini tiyib turishi bilan bog‘liq. Hokim o‘ziga qonun bilan yuklatilgan vazifalarni bajarishda tuman prokurori, ichki ishlar boshlig‘i, soliq inspeksiyasi rahbari bilan bamaslahat ishlashi mumkin, biroq ular bilan apoq-chapoq bo‘lib ketishi, birining qolganlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin emas.

Chunki hokim xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida qandaydir jinoyatga aralashib qolsa, jinoyatchiga valine’matlik qilsa, soliqlardan bo‘yin tovlasa, qonuniy vakolatlaridan chetga chiqsa, qolgan prokuratura, ichki ishlar va soliq organlari buning oldini olish choralarini ko‘rishlari, aniqlangan qonunbuzarlik haqida o‘zlarining yuqori turuvchi instansiyalariga xabar berishlari kerak. Tabiiyki, buni hokim ham, boshqa rahbarlar ham biladi, mana shu hokimiyatlarning bir-birini tiyib turishi deyiladi.

Tasavvur qiling, qonunga ko‘ra bir-birini tiyib turishi kerak bo‘lgan mansab egalari apoq-chapoq bo‘lib ketsa, hokim o‘zini tiyib turuvchi soha rahbarlariga ta’sir o‘tkaza oladigan mavqega ega bo‘lsa, birining ishdan ketishi boshqalarining ham iste’fosiga olib kelsa, u holda qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligi ta’minlanadimi? Aslo yo‘q.

Bugungi kunda hududlarni hokim, prokuror, ichki ishlar bo‘limi, soliq inpeksiyasi boshlig‘i rahbarligida sektorlarga bo‘lib boshqarish mexanizmi qaysidir ma’noda hokimiyatlarning bir-birini tiyib turish tamoyiliga putur yetkazmoqda hamda hokimlarga aslida mustaqil faoliyat yuritib, qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul idoralar ustidan nazorat qilish imkonini bermoqda. Buning salbiy oqibatini Bobolov keysi misolida ham ko‘rish mumkin.

Surxondaryo viloyati hokimi Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqoratlarkan, uni sektor rahbari sifatida yetarli darajada ish olib bormayotganlikda ayblagan. Aslida u o‘zining “qanotlari ostida”gi shaxsni tinch qo‘yishni, tergovga chaqirib uni bezovta qilayotgani uchun prokurorni do‘qlaydi, biroq uni ta’sir doirasiga olish uchun nozik joyi – tumanda sektor rahbari sifatidagi ishlari qoniqarli emasligi haqida ogohlantirib, go‘yoki tizgini o‘zining qo‘lida ekanini eslatib qo‘yadi. Bu esa prokurorlarning hokimga qaramligiga barham berish kerakligini ko‘rsatmoqda.

Hokimning vakolati oshishi unga qonundan chetga chiqish huquqini bermaydi

Aftidan, jazo muqarrarligini ta’minlash, manfaatlar to‘qnushuviga yo‘l qo‘ymaslik, qonun ustuvorligiga erishish uchun mas’ul huquqni muhofaza qiluvchi idoralar davlat rahbarining “hokimlar mening himoyamda” degan so‘zlarini boshqacha tushunishgan.

Prezident katta ehtimol bilan bu so‘zlarni to‘g‘ri ishlayotgan, qonunlarga amal qiladigan hokimlarga nisbatan aytgan va shu yo‘l bilan yaqin o‘tmishimizda bo‘lgani kabi tuhmat bilan yoki uyushtirilgan tadbirlar orqali mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari juvonmarg bo‘lib ketishining oldini olishni mo‘ljallagan.

Biroq bu Mirziyoyev hokimiyatga ilk kelgan paytlarda aytilgan so‘zlar edi. Bugunga kelib vaziyat o‘zgardi. Bobolovga o‘xshash bebosh hokimlar paydo bo‘ldi. Bunday vaziyatda ularning qonunga zid harakatlari oqibatsiz qoldirilishi hokimiyatga, bugungi siyosatga ishonchsizlik uyg‘otishi turgan gap.

Internetda tarqalgan audio ortidan Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati o‘z rahbarining piariga kuch berdi: To‘ra Bobolov turli joylarda sayyor qabullar o‘tkazayotgan, go‘yoki odamlarning muammolarini eshitib, hal qilish choralarini ko‘rayotgani yoritilgan xabarlar paydar-pay chiqib turibdi. Buni insonning tabiiy instinkti, jon saqlab qolishga urinishi o‘laroq tushunish mumkin.

Biroq surxondaryoliklar allaqachon viloyat hokimi tez orada ishdan olinishi, uning o‘rniga kamida ikki nafar nomzod ko‘rib chiqilayotgani haqida gapirishmoqda. Manbalarimizga ko‘ra, Nizomiddinovning iste’fosidan keyin Bobolovning kursisi ham qimirlab qolgan.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Mavzuga oid