O‘zbekiston | 16:59 / 27.08.2022
22797
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy bog‘idagi ko‘l tiklandi

Davlat rahbari O‘zbekiston Milliy bog‘ida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Bog‘ 1932 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan, ko‘p yillar aholining sevimli maskani bo‘lgan. Keyingi vaqtlarda bog‘ hududida qurilishlar bo‘ldi - Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasi binosi, Toshkent shahar tarixi muzeyi, “Magic sity” ko‘ngilochar markazi barpo etildi.

Prezident bog‘ning tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bu yerda Milliy an’analarga xos muhit yaratish zarurligini ta’kidlagan edi.

14 gektardan ziyod hududda ishlar bajarildi. Ma’muriy bino, restoranlar qurilib, ko‘priklar va yo‘laklar yangilandi. Maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘lgan ko‘l tiklandi. Suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun ko‘l tubiga maxsus qoplamalar yotqizildi. Qirg‘oqlar tartibga keltirilib, cho‘milish havzasi tashkil etildi. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta ko‘chatlari ekildi.

Davlat rahbari shu yerda nuroniylar, adabiyot va san’at namoyandalari bilan suhbatlashdi. Ularni Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, bog‘ning ahamiyati haqida gapirdi.

- Bugun shaharlarimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar yaxshi. Lekin qadriyatlarimizni e’zozlash, xotira ham kerak. Ilgari bu bog‘ Toshkentning eng mashhur joyi bo‘lgan, o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan. Odamlar bu yerga kelib sayr qilgan, ijodkorlar tabiatdan zavq, ilhom olgan. Talabalar, yoshlarning eng zavqli damlari shu yerda o‘tardi. Bu tarixni hozirgi kun bilan hamohang qilishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lum qilinishicha, Milliy bog‘da mazmunli dam olish uchun sharoitlar yaratilgan. Oila yoki do‘stlar davrasida sayr qilish, ovqatlanish, shaxmat-shashka va tennis o‘ynash, velosiped haydash mumkin.

- Hammamiz o‘sha mashhur kinolarimizdagi “Go‘zal Toshkent” kabi kuy-qo‘shiqlarni, hofizlarimiz ijro etgan ashulalarni yaxshi bilamiz, ular qalbimizdan chuqur joy olgan, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Shuning uchun bu bog‘da ana shunday taronalar doimo yangrab turishiga e’tibor berdik. O‘ylaymanki, bu yerda avvalgidek mushoiralar, konsertlar o‘tkazish, yana kinolar olish maqsadga muvofiq. Bular bog‘imizni yanada fayzli va tarovatli qiladi.

Mavzuga oid